Top.Mail.Ru
Endilikda maktablar “Mening maktabim” loyihasida ovoz berish yo‘li orqali jihozlanadi

Endilikda maktablar “Mening maktabim” loyihasida ovoz berish yo‘li orqali jihozlanadi

12:27 / 18.12.2024 869

“Mening maktabim” loyihasi doirasida 5-11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktab uchun zarur tovarlar olishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati kengashining “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori imzolandi.


Mazkur qaror bilan  2024-2025-o‘quv yilida umumta’lim maktablarida sinov tarzida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab barcha umumta’lim maktablarida “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining 2025-yil uchun хаrаjаtlаr smetasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 bаrоbаridа mablag‘ ajratadi.


Ushbu mablag‘ doirasida 5-11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktab uchun zarur tovarlar olishi mumkin bo‘ladi.


“Mening maktabim” loyihasi – “Ochiq budjet” axborot portalida maktab o‘quvchilari fikri asosida loyihalarni shakllantirish, ularni saralash, оvoz berish yo‘li orqali g‘olib loyihalarni aniqlash hamda ularni budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish va amalga oshirishni o‘z ichiga olgan jarayon hisoblanadi.


Ushbu loyiha xuddi “OpenBudget”ga o‘xshash bolib, bunda loyiha takliflari 5-11-sinf o‘quvchilari fikri asosida shakllantiriladi. Ya’ni, ular o‘zlari ta’lim olayotgan umumta’lim maktabini jihozlash (elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktab uchun zarur tovarlar sotib olish) yoki qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga doir loyihalarni taklif qilishi mumkin bo‘ladi.


“Mening maktabim” loyihasida faqatgina maktabning 5-11-sinf o‘quvchilari ishtirok eta oladilar. Bunda o‘quvchilar faqat o‘zlari ta’lim olayotgan maktab uchun loyiha kiritish yoki ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.


“Mening maktabim” loyihasi jarayonlari openbudget.uz portali orqali o‘tkaziladi. Bunda Portalning veb-sahifasi va mobil ilovasi teng kuchli hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘quvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida Portalning imkoniyatlari “web3” texnologiyasi orqali ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etilishi ham mumkin.


“Mening maktabim” loyihasi quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:


  • sinf rahbarlarini loyihaga tayyorlash;


  • o‘quvchilar tomonidan loyihalarni shakllantirish;


  • ishchi komissiya tomonidan loyihalarni saralab olish;


  • saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish;


  • g‘olib loyihalarni aniqlash va amalga oshirish;


  • tugallangan loyihalarni jamoatchilik nazorati asosida foydalanishga qabul qilish.


Sinf rahbarlari o‘zining sinf soatlarida o‘quvchilarga “Mening maktabim” loyihasining mazmun-mohiyatini hamda ishtirok etish shartlari vа qoidalarini tushuntiradi. Shuningdek, o‘quvchilarga loyihalarni Portalga kiritishda amaliy yordam ko‘rsatadi.


Bunda loyihalarni shakllantirish uchun o‘quvchilar o‘rtasida turli xil qiziqarli tadbirlar tashkil etgan holda ularni guruh bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Har yili o‘tkaziladigan jarayonda har bir o‘quvchi o‘zi ta’lim olayotgan maktabi uchun faqat bitta loyihani ilgari surish imkoniga ega bo‘ladi.


Ovoz berish bosqichi yakunlari qanday bo‘ladi?


Har bir maktab bo‘yicha loyihalar to‘plangan оvоz soniga qаrаb yuqoridan pastga saralanadi. Bunda eng ko‘p оvоz to‘plagan bir yoki bir nechta loyiha Jamg‘armadagi mavjud mablag‘ doirasida Роrtаl tomonidan avtomatik tarzda g‘olib deb topiladi.


To‘plagan ovoz soni teng loyihalardan ovoz soni bo‘yicha birinchi bo‘lib yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan loyiha avtomatik tarzda tanlab olinadi. Ваrсhа maktablar bo‘yicha g‘olib loyihalar bir vaqtning o‘zida Portal orqali e’lon qilinadi.


G‘oliblar aniqlangandan so‘ng Jamg‘armada shakllangan qoldiq mablag‘lar g‘olib deb topilgan loyihalarning yakuniy qiymatiga aniqlik kiritilishi munosabati bilan qo‘shimcha talab etiladigan farqni qoplashga yoki keyingi yil o‘tkaziladigan “Mening maktabim” loyihasi jarayonlariga yo‘naltiriladi.


G‘olib loyihalarning qiymatiga aniqlik kiritilib, qo‘shimcha mablag‘ga talab yuzaga kelganda Jamg‘arma mablag‘lari doirasida tuman (shahar) maktabgacha vа maktab ta’limi bo‘limining tegishli buyrug‘i asosida mablag‘lar qayta taqsimlanishi mumkin.


2024-2025-o‘quv yilida “Mening maktabim” loyihasi sinov tariqasida quyidagi tuman (shahar)larda o‘tkaziladi


  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumani


  • Andijon viloyati, Bo‘ston tumani


  • Buxoro viloyati, Vobkent tumani


  • Jizzax viloyati, Arnasoy tumani


  • Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani


  • Navoiy viloyati, Tomdi tumani


  • Namangan viloyati, Mingbuloq tumani


  • Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani


  • Surxondaryo viloyati, Bandixon tumani


  • Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani


  • Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani


  • Farg‘ona viloyati, So‘x tumani


  • Xorazm viloyati, Yangiariq tumani


  • Toshkent shahar, Shayxontohur tumani.


Eslatib o‘tamiz, “Mening maktabim” loyihasining joriy yilgi mavsumi dekabr oyida o‘tkazilishi belgilangan. Bugundan boshlab mazkur loyihaning birinchi bosqichiga start berildi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • OpenBudget
  • Mening maktabim

Ulashish