Top.Mail.Ru
Har ikki yilda ayrim o‘qituvchilarga 40 ming dollardan ziyod pul beriladi

Har ikki yilda ayrim o‘qituvchilarga 40 ming dollardan ziyod pul beriladi

20:40 / 29.04.2025 625

2024-yilda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan uchrashuvda endilikda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga Prezident sovg‘asi sifatida uy-joy berilishi aytilgandi.


Prezidentning mazkur topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim sohasi xodimlari o‘rtasida “Yil o‘qituvchisi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori imzolandi. 


Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ma’lum qildi. Qarorga ko‘ra, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.


“Yil o‘qituvchisi” tanloviga nomzodlar o‘zlari dars beradigan bitta fandan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari esa boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida ishtirok etadi. Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tadi.


Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:


  • birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti bo‘yicha nazariy bilimlari baholanadi;


  • ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hay’ati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod o‘tgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;


  • uchinchi bosqichda — nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.


Tanlov yakunlariga ko‘ra, har ikki yilda bir marta oktyabr oyida g‘olib deb topilgan har bir nomzod reyestri Vazirlik tomonidan yuritiladigan hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.


Ushbu sertifikat asosida g‘oliblar Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasiga qo‘shimcha ajratilgan mablag‘larni qayta taqsimlash hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan (525 mln, hozirgi kunda 40 ming 500 dollar) taqdirlanadi.


Bu mablag‘larni mahalliy hokimliklar emas, vazirlik to‘lab beradi


Aslida hujjat loyihasiga ko‘ra  208 ta tuman va shahardan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lgan pedagog xodimlarga tuman (shahar) yoki viloyat markazidan 3 xonali uy berilishi nazarda tutilgandi.


Lekin keyinchalik sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan fors-major holatlarning oldini olish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi g‘olib o‘qituvchilarga uy emas, balki uy-joy sotib olish uchun yetarlicha mablag‘ ajratishni lozim topdi.


Vazirlikning bu qarori bir qarashda dastlabki rejaning o‘zgarishi bo‘lib tuyulsa-da, aslida uning ijobiy tomonga xizmat qiladigan jihatlari bor.

Sababi, g‘olib o‘qituvchilarga uy ajratish o‘rniga pul berilishi fors-major holatlar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini oladi, har bir o‘qituvchiga o‘z xohishiga ko‘ra yashash joyini tanlash imkoniyatini yaratadi hamda uy-joy bozoridagi tanlov erkinligini ta’minlaydi, shuningdek o‘qituvchilarga ushbu mablag‘larni uy-joy emas, balki boshqa ehtiyojlariga yo‘naltirishga ham imkon beradi.


Ya’ni, ushbu mablag‘ni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar uni xohlasa uy sotib olishga, xohlasa mashina, xohlasa boshqa ehtiyojlari uchun sarflashi mumkin bo‘ladi.


Eslatib o‘tamiz, bundan 3 yil avval O‘qituvchilar assotsiatsiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovidan tubdan farq qiluvchi, “Ustoz-2021” tanlovi o‘tkazgandi. 


Tanlovning 8 nafar g‘olibiga esa 30 million so‘m pul mukofoti, sertifikat va boshqa qimmatbaho sovg‘alar hamda Dubayda bo‘lib o‘tadigan “Global Teacher Prize 2022” tanloviga yo‘llanma berilishi nazarda tutilgandi. Lekin ma’lum bir sabablarga ko‘ra, g‘oliblar Dubayga yuborilmagandi.


Keyinchalik ana shu g‘oliblar vazir Hilola Umarovaning tegishli buyrug‘i bilan 2024-yil 22-24-yanvar kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Turkiyaga yuborilgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yil o‘qituvchisi

Ulashish