“O‘qituvchilar maoshidan qoniqadi, 95 foizi o‘z ishidan mamnun” — TALIS 2024

TALIS 2024 xalqaro tadqiqoti natijalari e’lon qilindi. Natijalar esa ko‘pchilikni mulohazaga chorlashi aniq. Chunki, unda o‘zbekistonlik o‘qituchilar oylik maoshlaridan qoniqishi, o‘z ishidan mamnun ekanligi, o‘qituvchilik kasbi ularning ongli ravishda qilgan birinchi tanlovi ekanligi va yana shunga o‘xshash bir-biridan qiziqarli natijalarni ko‘rishingiz mumkin.
TALIS aynan shu savollarga javob izlab topish uchun ham tatbiq qilingan, ya’ni pedagoglar ovozini eshitish uchun. TALIS o‘qituvchilarning fikrini o‘rganish bo‘yicha jahondagi eng katta dasturlardan biri hisoblanadi. TALIS so‘rovnomasi natijalari dunyo maktablaridagi akademik muhit, o‘qituvchi va maktab direktorlarining kasbiy faoliyati, ularning malaka oshirishlariga oid mavjud sharoitlar haqida fikr yuritishga undaydi.
Ya’ni, unda maktab o‘qituvchilari hamda direktorlari malakalarini oshirish jarayonida, o‘qitish amaliyotida duch kelayotgan kasbga doir muammolari haqida bildirgan mulohazalari maxsus ishlab chiqilgan konseptual mezonlar orqali baholanadi.
Undagi so‘rovnomalarda turli xil masalalar ko‘rib chiqiladi. Birinchi galda o‘qituvchi bo‘lish jamiyat uchun qanchalik qiziqarli kasb ekanligi haqida ma’lumotlarni to‘playdi. Bu esa o‘z navbatida ta’lim tizimi haqida biz bilmagan yoki e’tiborga olmagan juda ko‘p jihatlarni ham ochib berishi mumkin.
Mazkur tatqiqotda o‘qituvchilar va maktab direktorlari o‘zlarining kasbiy o‘sishi kabi masalalar bo‘yicha ham so‘rovnomalarni to‘ldiradilar, bu ularning ta’lim tizimini isloh qilishdagi ehtiyojlari, ularning ishini baholash va ular olgan fikr-mulohazalarini o‘rgangan holda boshqaruv va ish joyidagi muammolarni o‘rganadigan tadqiqotdir.
TALIS texnik talablariga binoan so‘rovnoma namunasi uchun muayyan mamlakatning 200 ta maktabi tanlab olinadi. Har bir maktabdan 20 nafar 5-9-sinflarda ta’lim beradigan o‘qituvchilar va shu so‘rovnomada qatnashayotgan maktabning direktori, o‘rtacha jami 200 nafar direktorlar va 4000 nafar o‘qituvchi ishtirok etadi.
TALIS davriy tadqiqot bo‘lib, 2008-yildan boshlab har 5 yilda bir marotaba o‘tkazib kelinadi (2008, 2013, 2018 va 2024-yillar). Dunyo bo‘yicha 55 ta davlat qatnashgan TALIS 2024 tadqiqotida O‘zbekiston tarixda ilk marotaba ishtirok etdi. Unda respublikaning 210 ta maktabi qatnashdi. O‘zbekistonda huddi shu tadqiqotning tajriba sinovi esa ilk bor 2021-yilda o‘tkazilgandi.
2025-yil 16-oktyabr kuni TALIS 2024 xalqaro tadqiqoti natijalari e’lon qilindi. Natijalar esa ko‘pchilikni mulohazaga chorlashi aniq. Chunki, unda o‘zbekistonlik o‘qituchilar oylik maoshlaridan qoniqishi, o‘z ishidan mamnun ekanligi, o‘qituvchilik kasbi ularning ongli ravishda qilgan birinchi tanlovi ekanligi va yana shunga o‘xshash bir-biridan qiziqarli natijalarni ko‘rishingiz mumkin.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘qituvchilarning yosh tarkibi bo‘yicha O‘zbekistondagi pedagoglar nisbatan yosh sanaladi, ularning o‘rtacha yoshi 39 yosh (OECD davlatlarida esa 45 yoshni tashkil qiladi). 30 yoshgacha bo‘lgan o‘qituvchilar 22 foizni tashkil etib, bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki barobar ko‘p.
Ayol va erkak o‘qituvchilar kontingenti
O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning 64 foizini ayollar, 36 foizini esa erkaklar tashkil etib, bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan past: 70 foiz).
Ushbu ma’lumotdan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ayol o‘qituvchilar ulushi OECD miqyosdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past foizni tashkil etadi. Bu esa O‘zbekiston ta’lim tizimida erkaklarning ishtiroki nisbatan yuqoriligini bildiradi. Bunday tafovut, bir tomondan, o‘qituvchilik kasbining faqat ayollar bilan bog‘lanib qolmaganini, erkaklarda esa bu sohada faoliyat yuritishga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Tajriba sinovi tariqasida O‘zbekistonda o‘tkazilgan TALIS 2021 tadqiqoti hisoboti natijalarida ayollar ulushi 68,5 foizni, erkaklar ulushi esa 31,5 foiz (2020 yil sentyabr holatiga, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida) ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Demak, O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘qituvchilar tarkibidagi gender nisbatida muayyan o‘zgarishlar kuzatilmoqda. 2021-yilda ayollar ulushi 68,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 64 foizga tushganligi erkak o‘qituvchilar ulushi ortib borayotganini anglatadi. Bu tendensiya o‘qituvchilik kasbida gender muvozanatining asta-sekin tiklanayotganidan dalolat beradi.
O‘qituvchilarning atigi 31 foizi ilgari boshqa sohada ishlagan. Bu OECD mamlakatlaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past: 57 foiz. Boshqa sohada kamida 10 yil ishlagan va keyin o‘qituvchilikni tanlagan “ikkinchi kasb” egalari esa 1 foizni tashkil etadi. OECD bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 8 foiz.
O‘qituvchilarning 62 foizi o‘z ishlarida sun’iy intellektdan (SI) foydalanganliklarini aytishgan. Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 36%. O‘qituvchilar asosan sun’iy intellektdan mavzuni samarali o‘rganish va umumlashtirish (92%), dars rejalari yoki tadbirlarini ishlab chiqish (91%) va o‘quvchilarning ishtiroki yoki samaradorligi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqish (86%) uchun foydalanadilar.
So‘rovnoma o‘tkazilishidan avval 12 oy ichida ish jarayonida sun’iy intellektdan foydalanmaganini aytgan o‘qituvchilarning 46 foizi sun’iy intellektdan foydalanib dars berish uchun bilim va ko‘nikmalarga ega emasligini ko‘rsatgan (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan past: 75%) va pedagoglarning 54 foizi maktablarida sun’iy intellektdan foydalanish uchun infratuzilma yo‘qligini aytgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan (37%) yuqori.
O‘zbekistonda so‘nggi bitiruvchilarning 89 foizi (so‘nggi besh yil ichida pedagogika yo‘nalishini tamomlagan o‘qituvchilar) oliygohda ularga sifatli ta’lim berilganligini aytgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 75%).
So‘nggi besh yil ichida maktabida ish boshlagan o‘qituvchilarning 87 foizi maktagda moslashtirish (ya’ni yangi xodimni jamoaga kirishishga yordam beruvchi) dasturlarga jalb qilinganligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan yuqori — 72 foiz.
Shuningdek, ish tajribasi besh yilgacha bo‘lgan o‘qituvchilarning 56 foiziga ustoz (murabbiy) biriktirilgan — bu ham OECD o‘rtacha ko‘rsatkichi (26 foiz)dan ancha yuqori. Bundan tashqari, o‘qituvchilarning 97 foizi ustoz-shogird mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan maktablarda ishlaydi (OECD bo‘yicha bu ko‘rsatkich 81 foiz).
Ma’lumot uchun: Hozirgi kunda O‘zbekistonda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davriga murabbiylikni amalga oshirish uchun tajribali pedagog biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu Pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunda ham aks etgan.
Bunda murabbiylikni amalga oshirganligi uchun pedagogning bazaviy lavozim maoshiga qoʻshimcha haq toʻlanishi mumkinligi belgilangan.
So‘rovnoma o‘tkazilishidan oldingi 12 oy ichida malaka oshirish yoki kasbiy rivojlanish tadbirlarida qatnashgan o‘qituvchilarning 65 foizi bu faoliyat ularning dars berish sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini aytgan. Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori — 55 foiz.
Qiziqarli tomoni shundaki, kasbiy rivojlanishdan foyda ko‘rganini aytgan yosh o‘qituvchilar ulushi tajribali o‘qituvchilarnikiga deyarli teng.
O‘qituvchilar eng ko‘p ehtiyoj sezgan malaka oshirish yo‘nalishlari quyidagilar bo‘lgan:
- o‘quv dasturi (curriculum) bo‘yicha bilimlar — 50 foiz;
- o‘quvchilarni baholash usullari — 47 foiz;
- pedagogika — 45 foiz.
Yosh o‘qituvchilar orasida ham eng ko‘p qayd etilgan ehtiyojlar deyarli shular bilan bir xil:
- o‘quv dasturi bo‘yicha bilimlar — 50 foiz;
- pedagogika — 49 foiz;
- o‘quvchilarni baholash usullari — 48 foiz.
O‘qituvchilar malaka oshirishiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillar sifatida quyidagilarni ko‘rsatgan:
- bunday tadbirlarda qatnashish uchun yetarlicha sharoit mavjud emasligi — 38 foiz;
- ishtirok etish uchun rag‘batlarish mexanizimi yo‘qligi — 34 foiz;
- mos va foydali kasbiy rivojlanish dasturlarining yetarli emasligi — 31 foiz.
Yosh o‘qituvchilar esa quyidagi to‘siqlarni eng muhim deb hisoblashgan:
- bunday tadbirlarda qatnashish uchun yetarlicha sharoit mavjud emasligi — 35 foiz;
- ishtirok etish uchun rag‘batlarish mexanizimi yo‘qligi — 33 foiz;
- kasbiy rivojlanish tadbirlari juda qimmatligi — 26 foiz.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston tajribasida 2021-yilga qadar o‘qituvchilarning malaka oshirishi ma’lum bir davriylikka asoslangandi. Ya’ni bunda pedagog xodimlar 5 yilda, maktab direktorlari esa 3 yilda bir marotaba malaka oshirishga yuborilgan.
5 yillik tizimda qog‘ozbozlik, korrupsiya holatlari avj olib ketgani sababli, davriylikka asoslangan avvalgi tizimdan voz kechilib, 2021-yildan boshlab uzluksiz tarzda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali o‘qituvchilar istagan vaqtida, istagan joyida onlayn malaka oshirishiga imkoniyat yaratildi.
Onlayn malaka oshirish tizimi ham o‘zini oqlamagach, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qaroriga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik - malaka oshirish muassasasi - ta’lim tashkiloti) yo‘lga qo‘yildi.
Unga ko‘ra pedagog xodimlarning har 5 yilda belgilangan davomiylikdagi malaka oshirish dasturlarini o‘zlashtirishi majburiy etib belgilandi.
O‘qituvchilarning akademik erkinligi
OECD o‘rtacha ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, o‘zbekistonlik o‘qituvchilar o‘quv jarayonini tashkil etishda kamroq mustaqillikka ega ekanini bildirgan.
Shuningdek, maktab direktorlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarning o‘quv dasturi, dars jarayoni va boshqa maktab siyosatiga oid qarorlarni qabul qilishdagi ishtiroki ham nisbatan cheklangan — bu holat har bir yo‘nalish bo‘yicha savollarning kamida uchdan ikki qismida kuzatilgan.
O‘zbekistonda o‘qituvchilar o‘rtasidagi hamkorlikning eng ko‘p uchraydigan shakllari quyidagilardir:
- boshqa o‘qituvchilarning darslarini kuzatish (dars tahlili) va fikr-mulohaza bildirish (79%);
- hamkasblar bilan o‘quv materiallarini almashish (73%);
- o‘quvchilarning yutuqlarini baholashda maktabdagi boshqa o‘qituvchilar bilan ishlash (65%).
O‘qituvchilarning 95 foizi o‘zi ishlaydigan maktabda o‘qituvchilar bir-biriga tayanishi mumkinligini bildirgan (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 86%).
O‘qituvchilarning 94 foizi maktab direktorlari xodimlar bilan kasbiy faoliyatda ijobiy munosabatda ekanligini bildirgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 86%), 95 foizi direktor o‘qituvchilar va xodimlarga foydali tavsiyalar berishini ta’kidlaydi. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 77%), 96 foizi esa direktorlar o‘qituvchilarning malakasiga ishonishini aytgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 92%).
O‘qituvchilarning 95 foizi “o‘qituvchilar va o‘quvchilar odatda bir-biri bilan yaxshi chiqishadi” degan fikrga qo‘shilgan. Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichiga yaqin — 96 foiz.
Shuningdek, 91 foiz o‘qituvchi o‘zi ishlaydigan maktabda o‘quvchilar o‘qituvchilarni qadrlaydi, deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan ancha yuqori — 71 foiz.
O‘qituvchilarning 90 foizi “maktabimizda ota-onalar o‘qituvchilarni qadrlaydi” degan fikrga qo‘shilgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichi — 65 foiz).
Bundan tashqari, pedagoglarning 60 foizi o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini boyitish maqsadida ota-onalar bilan kamida oyda bir marta hamkorlik qiladi. Bu ham OECD o‘rtacha darajasidan ancha yuqori — 25 foiz.
Ma’lumot uchun: Multindikator klaster kuzatuvi (MICS) natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda faqatgina 5 % otalar farzandlarining ta’lim jarayonlarida ishtirok etishi ma’lum bo‘lgan. [2022-y.]
Shuningdek, mingdan ortiq pedagog xodim va ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning 72,1 foizi ota-onalar faqat zaruriyat tug‘ilgandagina maktab bilan aloqa o‘rnatishini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga yuqori sinflarda (5-11-sinflar) ota-onalarning farzandlarining ta’limga bo‘lgan e’tibori sezilarli darajada pasayishi kuzatilgani haqidagi natijalar qayd etilgan.
Mamlakatda o‘qituvchi kasbining maqomi yuqori ekanligi malakali pedagog kadrlarni maktablarga jalb qilish va tajribali o‘qituvchilarni saqlab qolishga yordam beradi. O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 87 foizi jamiyatda o‘qituvchilar qadrlanishini bildirgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 22%).
O‘qituvchilarning 86 foizi o‘qituvchilarning O‘zbekistondagi siyosatchilar pedagoglarni qadrlashini aytgan. (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori: 16%).
Ta’lim tizimiga yangi kirib kelgan o‘qituvchilarning 84 foizi o‘qituvchilikni o‘zining ongli ravishdagi birinchi kasbiy tanlovi sifatida ko‘rsatgan. Bu ham OECD o‘rtacha darajasidan yuqori — 58 foiz.
O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 71 foizi doimiy mehnat shartnomasi asosida (asosiy ishchi) ishlaydi. Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan past — 81 foiz. Yangi ish boshlagan o‘qituvchilar bilan tajribali o‘qituvchilar o‘rtasida muddatli shartnoma asosida ishlash ehtimoli deyarli bir xil.
Biroq muddatli mehnat shartnoma asosida ishlayotgan o‘qituvchilar ulushi 24 foizni tashkil etadi — bu OECD o‘rtacha darajasidan yuqori (9 foiz).
O‘qituvchilarning 18 foizi to‘liq bo‘lmagan ish vaqti bilan band (to‘liq ish vaqtining 90 foizigacha ishlaydi). Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichiga yaqin — 19 foiz. Yangi ish boshlagan o‘qituvchilar orasida qisman bandlikda ishlash holati tajribali o‘qituvchilarnikiga qaraganda ko‘proq uchraydi.
O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning kichik qismi (5%) o‘rindoshlik asosida ishlaydi, ular ish vaqtini moslashtirish imkoniyatiga ega, lekin bu moslashuvchanlik darajasi yuqori emas. OECD mamlakatlaridagi o‘rtacha ko‘rsatkich (7%) bilan solishtirilganda, O‘zbekistonda o‘qituvchilarning ish sharoitlarini o‘z ehtiyojlariga moslashtirish imkoniyati biroz past ekanligi ko‘rinadi.
Umuman olganda, o‘qituvchilarning 82 foizi (maoshdan tashqari) o‘zining mehnat shartlaridan mamnunligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan yuqori — 68 foiz.
O‘qituvchilarning 74 foizi o‘z maoshidan qoniqishini bildirgan. Bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan ancha yuqori — 39 foiz.
Ma’lumot uchun: A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekistonda TALIS 2018 xalqaro tadqiqotlar talablari asosida 2021-yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning 72 foizi o‘z maoshlarini oshirilishi lozim deb hisoblagan.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘qituvchilarning ish haqi (maoshi) muammosi o‘zbekistonliklar tomonidan ham e’tirof etilib, uni yosh pedagog kadrlarning maktabga ishga borishlarini istamasligining asosiy sababi sifatida ko‘rsatgan (55%).
Mazkur hisobotda respondentlarning uchdan bir qismi o‘z maoshidan qoniqishini, 45%i esa norozi ekanligini, 23%i esa qat’iy norozi ekanligini bildirgan. Shubhasiz, u deyarli bir ovozdan ish haqi oshirish uchun zarur deb hisoblagan oxirgi ikki kategoriyalar hisoblanadi.
Hozirgi kunda ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 4 mln 44 ming so‘mni tashkil etib, bu 2021-yilga nisbatan 17,7 foizga oshgan. Bunda o‘zbekistonliklarning o‘rtacha oyligi 5 mln 796 ming so‘mni tashkil qilib, ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshlari qolgan barcha sohalar ichida past ko‘rsatgichni qayd etgan.
So‘nggi sakkiz yil davomida O‘zbekistonda maktab o‘qituvchilarining maoshi respublika bo‘yicha o‘rtacha maoshdan sekinroq o‘sib bormoqda. Islohotlar boshlangan 2017-yilda o‘qituvchilarning oyligi o‘rtacha darajadan 20% past bo‘lsa, 2025-yil 1-aprel holatiga bu farq 32,5%ga yetdi. Demak, boshqa sohalarda maoshlar oshib borayotgan bo‘lsa-da, ular umumiy o‘rtacha darajadan ortda qolmoqda va pedagoglar moliyaviy jihatdan barqarorlikka erishishda hali ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, TALIS 2024 natijalariga ko‘ra o‘zbekistonlik pedagoglar o‘z maoshlaridan qoniqishini bildirgani ajablanarli holat.
O‘qituvchilarda stress keltirib chiqaruvchi omillar
O‘zbekistonda o‘qituvchilar uchun eng ko‘p uchraydigan stress keltirib chiqaruvchi omillar quyidagilar bo‘lgan:
- sinfda intizomni saqlash — 55 foiz;
- kasbiy ta’limdan orqada qolmaslik — 51 foiz;
- o‘quvchilarning natijalari uchun javobgarlik his qilish — 51 foiz.
Ya’ni, o‘qituvchilarning aksariyati dars jarayonidagi intizom, uzluksiz o‘qib-o‘rganish zarurati va o‘quvchilarning yutuqlari uchun bo‘lgan mas’uliyat yukini eng asosiy stress keltirib chiqaruvchi omillar sifatida ko‘rsatgan.
Bunda o‘qituvchilar uchun “kasbiy ta’limdan orqada qolmaslik” ko‘rsatgichini olib qaraydigan bo‘lsak, bu bir tomondan professional rivojlanish uchun muhim bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan doimiy o‘rganish va yangiliklarga moslashish bosimi sifatida stressni keltirib chiqarishi mumkinligini anglatmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonlik o‘qituvchilar doimiy professional rivojlanish talabi ostida faoliyat yuritadi, bu esa ularning stress darajasiga bevosita ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, pedagog xodimlarni attestatsiya test sinovlariga jalb qilish nisbati so‘nggi yillarda oshib borgani ko‘zga tashlanadi.
Bu jarayon nafaqat ularning bilim va malakasini baholash, balki mehnat shartnomalarini bekor qilish xavfi bilan ham bog‘liq bo‘lib, shuningdek, turli imtiyozlar bilan rag‘batlantirish uchun ham xizmat qiladi.
Masalan, 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar bazaviy tarif stavkasiga 70 foizlik qo‘shimcha ustama, vazir jamg‘armasi hisobidan qo‘shimcha to‘lovlar hamda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi uchun yo‘llanmalarga ega bo‘lish shular jumlasidandir. Shu bois, attestatsiya testlariga jalb qilinish stress manbai bo‘lib xizmat qilayotgani ehtimoldan holi emas, albatta.
O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning 58 foizi tasodifiy tanlangan sinfda quyidagi toifadagi o‘quvchilardan kamida bittasi mavjudligini bildirgan:
- xulq-atvorida muammolari bo‘lgan o‘quvchilar;
- dars o‘tilayotgan tilni tushunishda qiynalayotgan o‘quvchilar;
- maxsus ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar.
Bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan past — 77 foiz. Shuningdek, yangi o‘qituvchilar tajribali hamkasblariga qaraganda bunday xilma-xil sinflarda dars o‘tish holatini ko‘proq qayd etgan.
Bundan tashqari, o‘qituvchilarning 16 foizi o‘quvchilar darsni bo‘lishi yoki chalg‘itishi sababli dars vaqtining anchagina qismi yo‘qotilishini aytgan (OECD o‘rtacha ko‘rsatkichi — 18 foiz).
O‘rtacha hisobda, o‘qituvchilar dars vaqtining 14 foizini sinfda tartibni saqlashga sarflaydi — bu ham OECD o‘rtacha darajasidan (15 foiz) biroz past.
Maktab direktorlariga ko‘ra, o‘qituvchilar faoliyatini baholashda eng ko‘p uchraydigan usullar quyidagilar:
- maktab va sinf natijalari – 100%;
- o‘quvchilarning tashqi imtihon natijalari – 99%;
- o‘qituvchilarning fan bo‘yicha bilim darajasini baholash – 99%.
Baholash natijalariga ko‘ra, odatda quyidagi choralar ko‘riladi:
- o‘qituvchi bilan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi (90%);
- o‘qituvchining malakasini oshirish yoki rivojlanish rejasini tuzish belgilab olinadi (86%);
- o‘qituvchiga dars sifatini yaxshilashda yordam beruvchi mentor (murabbiy) biriktiriladi (70%).
O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 49 foizi darsdagi maqsadlariga ( TALIS tomonidan qamrab olingan yetti yo‘nalish bo‘yicha — darsni tushunarli olib borish, o‘quvchilarning fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, fikr-mulohaza bildirish, bilimlarni mustahkamlashga ko‘maklashish, o‘quvchilarning individual ehtiyojlariga moslashish, ularning ijtimoiy va emotsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda sinfni boshqarish) erishayotganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan (44%) yuqori.
Shu bilan birga, o‘qituvchilar orasida eng kam darajada erishilayotgan dars maqsadi — darsni o‘quvchilarning individual ehtiyojlariga moslashtirish bo‘lib, bunga faqat 73 foiz o‘qituvchilar erishayotganini aytgan.
Tajriba jihatidan esa, besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning 48 foizi barcha yetti yo‘nalish bo‘yicha dars maqsadlariga erishayotganini bildirgan, bu ko‘rsatkich tajribali o‘qituvchilar orasida ham xuddi shunday — 48 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston o‘qituvchilarining atigi 8 foizi o‘z ish faoliyatida ortiqcha stress his qilishini bildirgan (bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan 19 foizdan past).
Xuddi shunday, 8 foiz o‘qituvchi o‘z ishi ularning ruhiy salomatligiga juda ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan (OECD o‘rtachasi 10 foiz), 7 foiz esa ish ularning jismoniy sog‘lig‘iga juda salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan (bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichi 8 foizga yaqin).
30 yoshgacha bo‘lgan o‘qituvchilar o‘zlaridan 50 yosh va undan katta yoshdagi hamkasblari bilan bir xil darajada stressni his qilishlarini qayd etishgan.
O‘zbekistonlik o‘qituvchilarining 95 foizi umuman olganda o‘z ishidan mamnun ekanini bildirgan (bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan — 89 foizdan — yuqori).
Qishloq maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar ham shahar maktablaridagi hamkasblari singari o‘z ishidan teng darajada mamnun ekanini bildirgan.
30 yoshgacha bo‘lgan o‘qituvchilarning 16 foizi esa keyingi besh yil ichida o‘qituvchilik kasbini tark etishni rejalashtirayotganini aytgan (bu ko‘rsatkich OECD o‘rtacha darajasidan — 20 foizdan — past).
Umuman olganda, TALIS tadqiqoti natijalari O‘zbekiston ta’lim tizimida ijobiy kartina shakllanganligini ko‘rsatmoqda. O‘qituvchilar o‘z kasbidan qoniqadi, jamoaviy ishlashga moyil va ishidan ham mamnun.
Natijalar o‘qituvchilarning direktorlar bilan ijobiy muloqot, o‘zaro ishonch va o‘quvchilarga nisbatan iliq munosabat yuqori darajada ekanligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, o‘quvchi va ota-onalar bilan bog‘liq salbiy natijalar ham qayd etilmagan.
O‘qituvchilar jamiyatda o‘z kasbi qadrlanishini his qiladi. Shu bilan birga, kasbiy rivojlanishni davom ettirish, darsdagi tartibni saqlash va o‘quvchilarning yutuqlari uchun javobgarlik hissi ularning asosiy stress manbalari bo‘lib qolmoqda.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Fan olimpiadasi testlari tarqalishiga sababchi bo‘lganlar javobgarlikka tortiladi

Fan olimpiadasi testlari sotilgani aytilmoqda

O‘qituvchilarni xorijga malaka oshirishga yuborish jarayoni boshlandi

Sanitariya talablari buzilgani uchun ayrim xususiy bog‘chalar yopildi
Mavzuga doir yangiliklar

“PISA tadqiqotiga prezident maktablarini qo‘shishni O‘zbekiston tomon so‘ragan” — Andreas Shlyayxer
Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblangandi. Bu ayblovlar PISA 2025 tadqiqotida barcha prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan izohlangandi.

“Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak, ko‘zbo‘yamachilik emas” — Hilola Umarova
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblandi. Bu ayblov PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablari “tasodifiy” tanlab olinganligi bilan izohlangan.

Aprel oyidan boshlab PIRLS 2026 tadqiqotining tajriba-sinov bosqichi boshlanadi
O‘zbekistonda aprel-may oylarida 30 ta maktabda PIRLS 2026 tadqiqotining tajriba-sinov jarayonlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekistonlik o‘quvchilar TIMSS tadqiqotida ham past natija ko‘rsatdimi?
TIMSS 2023 natijalari e’lon qilindi
Izohingizni tahrirlang