Top.Mail.Ru
O‘zbekistonlik o‘quvchilar TIMSS tadqiqotida ham past natija ko‘rsatdimi?

O‘zbekistonlik o‘quvchilar TIMSS tadqiqotida ham past natija ko‘rsatdimi?

16:09 / 04.12.2024 746

Xabaringiz bo‘lsa, 2023-yil aprel-may oylarida O‘zbekistonda o‘tkazilgan ushbu tadqiqotda barcha hududlardan tanlab olingan 166 ta maktabdan jami 8800 nafar o‘quvchilar (shundan, 4450 nafar 4-sinf va 4350 nafar 8-sinf) ishtirok etgandi.


Shuningdek, mazkur maktablarning 166 nafar direktorlari hamda 1035 nafar matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar so‘rovnomalarda qatnashgandi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xabar berishicha, ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan TIMSS 2023 xalqaro baholash dasturi natijalari e’lon qilindi. 


Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar quyidagi natijalarni qayd etgan:


  • 8-sinf o‘quvchilari natijalari:


Xalqaro hisobot tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi 8-sinf o‘quvchilarining matematik savodxonlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 421 ball bo‘lib, qatnashuvchi 44 ta davlatdan 32-o‘rinni egallagan. 8-sinf tabiiy fanlar (Science) savodxonligi bo‘yicha qatnashgan 44 ta davlat orasidan 396 ball bilan 39-o‘rinni egalladi.


  • 4-sinf o‘quvchilari natijalari:


Tadqiqotda qatnashgan o‘zbekistonlik 4-sinf o‘quvchilari tabiiy fanlar (Science) savodxonligi bo‘yicha 412 ball to‘plagan va ishtirokchi 58 ta davlat ichida 54-o‘rinni egalladi. Matematika savodxonligi bo‘yicha esa qatnashuvchi 58 ta davlat ichida 443 ball bilan 50-o‘rinni egalladi. 


O‘zbekistonda 4-sinflardagi qizlar (446 ball) matematika yo‘nalishida o‘g‘il bolalardan (440 ball) yaxshiroq natija qayd etgan bo‘lsa, tabiiy fanlar yo‘nalishida ham xuddi shunday farq saqlanib qolgan (qizlar 414 ball, o‘g‘il bolalar 409 ball). 


Tabiiy fanlar yo‘nalishida 8-sinflardagi qizlar (395 ball) va o‘g‘il bolalar (396 ball) deyarli bir xil natija qayd etgan bo‘lsa, matematika yo‘nalishida o‘g‘il bolalar (426 ball) qizlardan (416 ball) ko‘ra yuqoriroq natija qayd etgan.


Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning aytishicha, o‘zbekistonlik 4 va 8-sinf o‘quvchilari matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha quyi darajani qayd etishgan.

“Tashkilot saytida hali to‘liq hisobot e’lon qilinmadi, lekin infografika shaklida e’lon qilingan ma’lumotlardan O‘zbekiston natijalari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.

Ballarni tushunish uchun: TIMSS shkalasi bo‘yicha 400-475 ball - quyi daraja hisoblanadi - o‘quvchilar fan bo‘yicha bazaviy bilimlarga egaligini yoki ayrim faktlarni bilishini anglatadi”, - deydi Komil Jalilov. 

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda o‘tkazilgan PIRLS tadqiqotida ham O‘zbekiston ushbu dastur uchun qabul qilingan o‘rtacha balldan (500) sezilarli past (437 ball) natija ko‘rsatgan bo‘lib, 57 mamlakat orasida 49-o‘rinni egallagandi.


Shuningdek, O‘zbekiston PISA 2022 tadqiqotida ham past natijani qayd etgandi. Bunda o‘qish savodxonligidan 336 ball bilan 81 ta mamlakat orasida 80-o‘rinni, tabiiy fanlar boyicha savodxonlik bo‘yicha 355 ball bilan 81 ta mamlakat orasida 80-o‘rinni, PISA-2022da asosiy e’tibor qaratilgan matematik savodxonlik bo‘yicha esa 364 ball bilan 72-o‘rinni egallagandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • xalqaro tadqiqot

Ulashish