O‘qituvchilarning vazir ustamasi pullari kamaytirildimi?
Vazir jamg‘armasi hisobidan ustama olib kelayotgan bir guruh o‘qituvchilardan xalqtaliminfo.uz'ga murojaat kelib tushdi. Murojaatchilarning aytishicha, ularning vazir ustamasi pullari kamayib qolgan, ayrim hududlarda esa mazkur ustamalar to‘xtatib qo‘yilgan. Xalqtaliminfo.uz holatni o‘rgandi.
Ma’lumki, malakali o‘qituvchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qaroriga asosan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi tashkil etilib, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 5,5 baravari miqdorida har oylik ustama va bir martalik pul mukofotlari to‘lash imkoniyati yaratilgan.
Ammo, ayrim hududlarda Vazir jamg‘armasi hisobidan tayinlangan ustamalar pedagog xodimlarga mehnat ta’tili davrida to‘lab berilgan davrlarini qayta hisob-kitob qilinayotganligi yuzasidan murojaatlar ko‘paymoqda.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida xalqtaliminfo.uz Maktabgabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari bilan bog‘lanib, masalaga aniqlik kiritdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga asosan har oylik ustama belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida to‘lab beriladi, ya’ni o‘qituvchiga ustama tayinlangan vaqtdan boshlab ular har oylik to‘lovga ega bo‘ladi.
Misol uchun, o‘qituvchiga aprel oyidan ustama tayinlangan bo‘lsa, yil yakuni - dekabrga qadar ustama to‘lanadi. Bunda, o‘qituvchiga mehnat ta’tili vaqtida faqatgina o‘rtacha ish haqi berilib, boshqa ustama to‘lovlari amalga oshirilmasligi kerak bo‘ladi.
Shu o‘rinda mehnat qonunchiligi bo‘yicha, Mehnat kodeksining 233-moddasi birinchi qismiga muvofiq, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.
O‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan to‘lovlarning barcha turlari (shu jumladan, Vazir jamg‘armasidan to‘langan ustama) kiritiladi. Soliq kodeksiga asosan Vazir jamg‘armasidan amalga oshiriladigan ustama daromad solig‘i solinadigan daromad turidan biri hisoblanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchilarning murojaatlarida ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan joriy yil yoz mavsumida mehnat ta’tiliga chiqqan o‘qituvchilarga bir vaqtning o‘zida o‘rtacha ish haqi ham, vazir jamg‘armasi ustamasi ham to‘lab yuborilganligi ushbu ustamani takroran berilishiga olib kelgan.
Hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan moliyaviy xato-kamchiliklarni oldini olish maqsadida amalga qonunchilikka rioya etgan holda hozirgi kunda o‘qituvchilarning mehnat ta’tili davrida (iyun-avgust oylari) vazir jamg‘armasidan to‘langan ustamalar qayta hisob-kitob qilinib, oktyabr oyidan boshlab chegirilmoqda.
Vazir ustamasini to‘xtatib qo‘yish to‘g‘rimi?
Pedagog xodimlardan yetib kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim hududlarda vazir ustamasini to‘xtatib qo‘yish holatlari ham kuzatilmoqda. Xalqtaliminfo.uz bu borada ham vazirlik javobini oldi.
Vazirlik mulozimining ta’kidlashicha, joylarda Vazir jamg‘armasi hisobidan tayinlangan ustamalarni to‘xtatish yoki to‘lanmasligi asossiz hisoblanib, ularni to‘lanmasligi bo‘yicha hech qanday ko‘rsatmalar berilmagan va hozirgi kunda ushbu ustamalar to‘lab berilmoqda.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur masala bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirliklarining ham tegishli xulosalari olingangini ta’kidladi.
Adliya vazirligi xulosasi
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomning 19-bandiga asosan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har oylik ustama maktabgacha va maktab ta’limi tizimida mehnat qilayotgan shaxslarga, mehnat qonunchiligiga muvofiq haqiqatda ishlagan davriga mutanosib ravishda to‘lanadi.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 198-moddasiga muvofiq ish vaqtini hisobga olish ishga chiqishlarni tegishli hisobga olish davri uchun ish vaqtining belgilangan normasi xodimlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qilinishini ta’minlash maqsadida qayd etish orqali har bir xodim tomonidan haqiqatda ishlab berilgan vaqtni aniqlash hisoblanib, ushbu moddada belgilangan tartibda ish vaqti hisobga olinadi.
Bandlik vazirligi xulosasi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233-moddasi birinchi qismiga muvofiq, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi. O‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan to‘lovlarning barcha turlari kiritiladi.
Mehnat kodeksining 257-moddaning 3-qismida mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimidagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oy uchun tarif stavkasi (lavozim maoshi) miqdoridan kelib chiqib, xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi o‘n ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qo‘shimcha qismi) summasining o‘n ikkidan bir qismi o‘rtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.
Ushbu moddaning 10-qismida o‘rtacha kunlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan o‘rtacha ish haqi summasini ish kunlarining o‘rtacha oylik soniga (25,3) bo‘lish orqali belgilanadi.
Ushbu moddaning 9-qismida agar hisob-kitob davrining bir oyi yoki bir necha oyi to‘liq ishlab berilmagan yoki ushbu moddaning oltinchi qismiga muvofiq undan vaqt chiqarib tashlangan bo‘lsa, o‘rtacha kunlik ish haqi hisob-kitob davri uchun haqiqatda hisoblangan ish haqi summasini to‘liq kalendar oylar soniga hamda to‘liq bo‘lmagan kalendar oylardagi kalendar kunlar soniga ko‘paytirilgan ish kunlarining o‘rtacha oylik sonining (25,3) summasiga bo‘lish orqali hisoblab chiqariladi.
To‘liq bo‘lmagan kalendar oydagi ish kunlarining soni ish kunlarining o‘rtacha oylik sonini (25,3) ushbu oydagi ish kunlarining haqiqiy soniga bo‘lish hamda mazkur oyda ishlab berilgan vaqtga to‘g‘ri keladigan ish kunlari soniga ko‘paytirish orqali hisoblab chiqiladi.
Bu hisob-kitoblarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom”ning 5-bobi 16-bandida belgilangan ustamalar (9 oy davomida) ham kiritiladi va ushbu qo‘shimcha haqlar ta’til davrida alohida to‘lab berilmaydi.
Demak, o‘qituvchilarning “vazir ustamasi kamayib qoldi” degan e’tirozlari asosan yozgi ta’til davrida ustama va o‘rtacha ish haqi bir vaqtning o‘zida to‘lab yuborilgani bilan bog‘liq. Qonunchilikka ko‘ra, ustama faqat haqiqatda ishlagan oylar uchun berilishi lozim, ta’til davrida esa o‘qituvchiga faqat o‘rtacha ish haqi to‘lanadi. Shuning uchun, ta’til oylarida ortiqcha to‘langan mablag‘lar hozirda qayta hisoblanmoqda.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, ustamalarni to‘xtatish yoki butunlay bekor qilish haqida hech qanday topshiriq berilmagan bo‘lib, bu to‘lovlarni to‘lab berish davom ettiriladi. Faqat hozirgi kunda mehnat ta’tili davridagi noto‘g‘ri to‘lovlar qonunchilik asosida tuzatilmoqda, xolos.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinfdan dars ololmaydi
Jismoniy tarbiya va musiqa fani o‘qituvchilari boshqacharoq tartibda attestatsiyadan o‘tadi
A.Avloniy nomidagi malaka oshirish institutiga yangi prorektor tayinlandi
Ta’lim sohasidagi hamkorlik uchun e’tirof
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Bu yil 1000 nafar o‘qituvchiga vazir ustamasi beriladigan bo‘ldi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining joriy yil 30-maydagi 174-sonli buyrug‘i bilan 2025-yil uchun har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Yangiliklar
Pedagoglarga vazir ustamasi berishning yangi tartibi tasdiqlandi
Endilikda Vazir jamgʻarmasidan ustama olish uchun nomzodlarni saralab olishning birinchi bosqichi toifa testlari natijalari asosida amalga oshiriladi.
Yangiliklar
Bu yil ham vazir ustamasi kvotasi to‘lmadi, qayta test o‘tkaziladimi?
2025-yil uchun ajratilgan 1 500 ta kvotalar uchun 27 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatga olingan 4 499 nafar nomzodning 4 434 nafari test sinovlarida ishtirok etdi.
So'ragan edingiz
Vazir ustamasi uchun o‘tkazilgan testdan norozilar nima qilishi kerak?
Test sinovlaridan norizo bo‘lgan pedagoglar 1-bosqich test natijalari e’lon qilingandan so‘ng besh ish kunida apellyatsiya yuborishi kerak bo‘ladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang