Top.Mail.Ru
Bu yil 1000 nafar o‘qituvchiga vazir ustamasi beriladigan bo‘ldi

Bu yil 1000 nafar o‘qituvchiga vazir ustamasi beriladigan bo‘ldi

12:29 / 24.06.2025 3.18k

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qaroriga muvofiq vazir jamg‘armasi hisobidan 2025-yil uchun har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni aniqlash maqsadida ikki bosqichli tanlov o‘tkazilgandi.


Bunda vazir ustamasiga 2025-yil uchun ajratilgan 1 500 ta kvotalar uchun 27 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatga olingan 4 499 nafar nomzodning 4 434 nafari test sinovlarida ishtirok etdi.


Test sinovlaridan keyingi bosqichga esa 988 nafar pedagoglar muvaffaqiyatli o‘tdi. Vazir ustamasi uchun ajratilgan 512 ta joy esa bo‘sh qolgandi. Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, pedagoglar tomonidan berilgan appelyatsiyalar hisobiga vazir ustamasini oladigan pedagoglar soni keyinchalik 1000 nafarga yetkazilgan bo‘lishi mumkin.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining joriy yil 30-maydagi 174-sonli buyrug‘i bilan 2025-yil uchun har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlar ro‘yxati tasdiqlandi. [Ro‘yxat bilan bu yerda tanishing]


Ro‘yxatda keltirilgan pedagoglarga Jamg‘arma hisobidan joriy yilning may oyidan 2026-yilning yanvar oyi davomida (9 oy) Qarorda belgilangan tartibda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida (MHEKM o‘zgargan taqdirda qayta hisob-kitob qilinadi) ustama to‘lanadi.


Pullar o‘z vaqtida to‘lab berilyaptimi?


Xalqtaliminfo.uz tahririyatidagi ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti bo‘limi vazir buyrug‘i imzolanishi bilan 5 ish kuni ichida (6-iyunga qadar) Jamg‘arma hisobidan har oy ustama oladigan malakali pedagog kadrlarga ustama pullarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazib bergan.


Shuningdek, vazirlik tomonidan tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan tegishli mablag‘larni xodim faoliyat yuritayotgan tashkilotning g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali o‘z vaqtida to‘lab berilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.


Agar hududlarda pedagog xodimlarga vazir ustamasi pullari haligacha to‘lab berilmagan bo‘lsa, pedagog xodimlar hududiy boshqarmalarning buxgalteriya bo‘limlariga murojaat qilishlari yoki ushbu maqola ostida qaysi hududlarda ustama pullari to‘lab berilmaganligi bo‘yicha aniq manzilli ma’lumotlarni yozib qoldirishlari mumkin.

Izohlar 72

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazir jamg'armasi

Ulashish