Top.Mail.Ru
Vazirlik qaysi viloyatda qog‘ozbozlik avj olayotganini bilmaydimi?

Vazirlik qaysi viloyatda qog‘ozbozlik avj olayotganini bilmaydimi?

13:09 / 05.02.2026 568

Joriy yilning 3-fevral kuni Surxondaryo viloyati hokimligi huzurida viloyatdagi umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgani, hokimlik imzolagan hujjatga asoslanib, maktablarda o‘qituvchilardan ortiqcha hujjatlar — konspekt, qog‘oz jurnal hamda kundalik daftarlarini talab qilish boshlangani haqida xabar bergandik.


Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi an’anaviy (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotganligiga doir tarqalayotgan xabarlar huquqiy asosga ega emasligi haqida rasmiy bayonot berdi.


Ammo, vazirlikning rasmiy bayonotida bu xabarlar qayerda va qanday talqinda tarqatilgani aniq aytilmagan, shuningdek Surxondaryodagi holat ham mutlaqo tilga olinmagan. Shu sababli, ushbu bayonot aynan qaysi holatga nisbatan berilganligini ham tushunish qiyin.

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali maktablarda an’anaviy (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotganligiga doir tarqalayotgan xabarlar huquqiy asosga ega emas. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-sentabrdagi 3931-sonli qarori hamda 2019-yil 29-apreldagi 5712-son Farmoniga asosan ayni vaqtda mamlakatimizdagi mavjud barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilarining davomati va fanlarni o‘zlashtirish baholari eMaktab elektron jurnal tizimi orqali amalga oshirilib kelinmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad, o‘qituvchilardagi ish yuklamasini kamaytirish, o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdan iborat. Ushbu jarayon xalqaro tajribada ham o‘zini oqlagan.

Ota-onalar uchun hozirda e-maktab.uz platformasining bir kalendar yillik obuna narxi 5000 so‘mni tashkil etadi hamda bu miqdor yildan yilga kamayib bormoqda (2020-yilda 9200 so‘m bo‘lgan). [Keyinroq vazirlik matnning ushbu qismini ochirib yuborgan]

Mazkur tizim joriy etilishi natijasida ota-onalarning o‘z farzandlarining darslarni o‘zlashtirish darajasini masofaviy kuzatish imkoniyati yaratilib, o‘quvchilarni baholashda shaffoflik ta’minlanib kelinmoqda. Shuningdek, pedagoglar faoliyatiga doir turli qog‘ozbozliklarning kamayishiga erishildi.

Shu o‘rinda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimiz maktablariga an’anaviy kundalik va sinf jurnallariga qaytish bo‘yicha topshiriq berilmaganligini ma’lum qilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganligini alohida ta’kidlab o‘tamiz”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Quyida vazirlik tomonidan berilgan rasmiy bayonotni qisqacha tahlil qilamiz:


Birinchidan, agar tarqatilgan xabarlar haqiqatdan ham huquqiy asosga ega bo‘lmasa, vazirlik jamoatchilikni chalg‘ituvchi manzilli yondashilmagan bayonotlar berishdan qochishi yoki bu kabi holatlarda xabar manbasini aniq ko‘rsatishi  kerak edi. Ma’lumki, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud.


Ikkinchidan, xalqtaliminfo.uz'da an’anaviy (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari hamda konspekt joriy etilayotganligi haqida aniq manzili ko‘rsatilmagan xabar emas, balki Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan rasmiy ravishda boshlangan harakatlar haqida hokimlik kotibiyat mudiri tomonidan imzolangan hujjatlarni asos qilib keltirgan holda maqola e’lon qilingandi.


Uchinchidan, vazirlik o‘zining dastlabki harakatlarni (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etilayotganligiga doir tarqatilgan xabarlarga raddiya ko‘rinishidagi bayonot berishdan emas, balki bu talablarni qonunchilikka zid ravishda joriy etishga urinayotgan Surxondaryo viloyat hokimligining harakatlariga baho berishdan boshlashi lozim edi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘zining bergan bayonotida hokimlik mutasaddilarining harakatlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ham aytmagan va hatto viloyat nomini ham tilga olmagan.


To‘rtinchidan, an’anaviy (qog‘oz) kundaliklar, sinf jurnallari joriy etish talabi huquqiy asosga ega emasligi bir necha yillardan buyon qayta-qayta ta’kidlab kelinadi va bu barchaga ayon. Shuningdek, xalqtaliminfo.uz’da e’lon qilingan maqolada ham bu borada qonunchilikda nazarda tutilgan normalar alohida eslatib o‘tilgan. Vazirlik tomonidan esa bu qoidalar shunchaki yana qayta eslatib o‘tilgan.


Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi quyidagi choralarni ko‘rishi zarur deb hisoblaymiz:


  • Surxondaryo viloyati hokimligi huzurida tuzilgan ishchi guruh va uning asosida maktablarda joriy etilayotgan ortiqcha hujjatlarni joriy qilish harakatlariga nisbatan huquqiy baho berish;


  • viloyat hokimligi darajasida qabul qilinayotgan va amaldagi ta’lim qonunchiligiga zid bo‘lgan topshiriqlar bo‘yicha mas’ul shaxslarning javobgarligi masalasiga aniqlik kiritish;


  • maktablarni “o‘rganish” nomi ostida qog‘ozbozlikni qayta tiklashga urinishlar boshqa hududlarda ham takrorlanmasligi uchun aniq mexanizmlar ishlab chiqish.


Eng muhimi, vazirlik asosiy e’tiborini hududlardagi mavjud muammolarni ochiq yoritish maqsadida OAV va jamoatchilik faollari tomonidan e’lon qilingan xabarlarga emas, balki aynan shu muammolarni keltirib chiqarayotgan mansabdor shaxslarga qaratishi lozim.


Aks holda, vazirlikning umumiy va manzilsiz ravishda bergan bayonotlari joylardagi real muammolarni bartaraf etmaydi, aksincha, huquqiy noaniqlikni yanada kuchaytiradi.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Qog'ozbozlik

Ulashish