Surxondaryodagi maktablar yana qog‘ozbozlikka qaytyaptimi?
2026-yil 29-yanvar kuni Surxondaryo viloyati hokimligi huzurida viloyatdagi umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Viloyat hokimligi kotibiyat mudiri tomonidan imzolangan hujjatda ishchi guruh tarkibi, o‘rganiladigan yo‘nalishlar hamda muddatlar aniq belgilangan.
Ishchi guruh tarkibiga esa oliygohlar, Yoshlar ittifoqi hamda hududiy kasbiy ta’lim boshqarmasi xodimlari kiritilgan.
Rasmiy hujjatda qayd etilishicha, ishchi guruhning asosiy vazifasi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar va pedagoglar faoliyatini kompleks o‘rganishdan iborat. Xususan, hujjatda maktablarda o‘quvchilarning mobil aloqa vositalaridan foydalanish holati, o‘qituvchilarning darslarga tayyorgarligi, baholash jarayoni, hujjatlarning yuritilishi, tarbiyaviy ishlar va to‘garaklar faoliyatini tekshirish nazarda tutilgan.
Biroq aynan shu hujjatga asoslanib, maktablarda o‘qituvchilardan ortiqcha hujjatlar, qo‘shimcha ma’lumotlar va hisobotlarni talab qilish jarayoni boshlangan.
Ishchi guruh nimani o‘rganmoqda?
Ilova qilingan savolnoma va topshiriqlarda ishchi guruh tomonidan qonunchilikka zid bo‘lgan masalalar ham sanab o‘tilgan. Jumladan:
- o‘quvchilarni baholashda elektron kundalik va qog‘oz kundaliklarda qo‘yilgan baholarning o‘zaro mosligi;
- o‘qituvchilarning konspekt yozishi, sinf jurnallarini yuritish holati;
- to‘garaklar tashkil etilgani, ularning hujjatlari va o‘quvchilar qamrovi;
- maktab direktori va uning o‘rinbosarlarining ish hujjatlarini yuritish tartibi.
Qizig‘i shundaki, qog‘oz jurnal va kundalik yuritish, pedagoglar tomonidan konspekt yozish tartibi bekor qilinib, hozirgi kunda bu kabi hujjatlarni talab qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, viloyat hokimligi savolnomasida bu bo‘yicha rahbar xodimlar buyruqlarni rasmiylashtirish holati o‘rganilishi ham qayd etilgan.
Bu borada qonunchilik nima deydi?
So‘nggi yillarda ta’lim tizimida o‘qituvchini ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu sababli, mavjud holatni baholashda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni eslatib o‘tish muhim.
Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish hamda ularning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni talab qilish taqiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-son qarori bilan esa maktab o‘qituvchilaridan dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlangan.
Shuningdek, 2020-yil 29-iyun kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qo‘shma qarori asosida “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” 3058-I-son bilan Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Mazkur yo‘riqnomaga muvofiq, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari tomonidan yillik taqvim-mavzuviy reja hamda kundalik dars ishlanmalari (konspekt)ni yuritish bekor qilinib, faqatgina sinf jurnalini yuritish belgilangan.
Pedagog xodimlarining ish yuklamasini hisoblab chiqarishda o‘quv-tarbiya jarayoni hamda o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid ishlar hisobga olinadi.
O‘quv-tarbiya jarayoni deganda, pedagog xodimlarga tarifikatsiya bo‘yicha ajratilgan dars soatlari tushuniladi. Uning sifatli bajarilishi ustidan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktori va uning o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari nazoratni amalga oshiradi.
O‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayon ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning bilimlarini mustahkamlash, ma’naviyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan bog‘liq dars mashg‘ulotlaridan tashqari tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
O‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan esa pedagog xodimlardan hisobot talab qilinmaydi hamda tadbirlarni amalga oshirishning vaqt bo‘yicha hisobi yuritilmaydi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri lavozimidan ozod qilindi
Endi pedagoglar bolalarga zo‘ravonlik qilsa, maktab direktori ularni ishdan bo‘shatishi mumkin bo‘ladi
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi qonunbuzilish murojaatlari soni bo‘yicha “yetakchi” sohalardan biri deb topildi
Qozog‘istonlik o‘qituvchi dunyoning eng yaxshi 50 nafar pedagoglar qatoriga kirdi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Vazir Hilola Umarova maktablardagi hujjatlar raqamlashtirilsa, qancha mablag‘ tejalishini aytdi
O‘quv-pedagogik hujjatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Yangi o‘quv yilidan boshlab birorta hujjat maktablarda qog‘oz shaklida yuritilmaydi
Keraksiz bo‘lgan hujjatlardan voz kechiladi.
Bilasizmi?
Yil yakuni bo‘yicha pedagog xodimlardan ortiqcha hisobot talab qilish taqiqlangan
Pedagog xodimlardan hisobot talab qilinmaydi hamda tadbirlarni amalga oshirishning vaqt bo‘yicha hisobi yuritilmaydi.
Maqola
Direktor o‘rinbosarlarini qog‘ozbozlikdan qutqarish kerakmi?
Direktor o‘rinbosari vazirdan qog'ozbozlikni yo'q qilishni so‘radi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang