O‘qituvchilar attestatsiyasi bo‘yicha prezidentga murojaat yo‘llandi
Muhtaram Prezident! Men ushbu murojaatni Siz tomoningizdan ilgari surilayotgan izchil islohotlarning taqdiri va minglab pedagoglarning davlatga bo‘lgan ishonchi xavf ostida qolayotgani sababli masalani shaxsan o‘z nazoratingizga olishingizni so‘rab yo‘llamoqdaman.
Bugun tizimdagi ayrim ijrochilarning o‘zbilarmonligi, mas’uliyatsizligi va xatoni tan olmasligi natijasida o‘qituvchilar orasida “islohotlar faqat qog‘ozda ekan” degan tushkun tasavvur shakllanmoqda, ta’lim tizimida O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yosh avlodga ta’lim berishning noto‘g‘ri yondashuvlar mustahkamlanmoqda.
Masalaning mohiyati: 2025-yil 8-may kuni o‘tkazilgan tarix fani o‘qituvchilari attestatsiyasida quyidagi savol tushgan: “Yustinian vafotidan so‘ng Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabila nomini belgilang.”
Vazirlik huzuridagi Baholash markazi tomonidan taqdim etilgan test topshirig‘ining asl shakli
Ushbu savolda taxminan 1000 nafardan ziyod tajribali pedagoglar tarixiy haqiqatga tayanib “vestgotlar” javobini belgilashgan. O‘qituvchilar tanlagan javob to‘g‘ri ekanligini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim muassasalari tasdiqlagan darsliklar, xorijiy manbalar, internet manbalari va xalqaro ilmiy konsensus to‘liq tasdiqlaydi.
- B. Mirkomilov, F. Aqchayev, O. Mamirov muallifligida, tarix fanlari doktori, professor F. A. Axmedshina mas’ul muharrirligida tarix fakulteti talabalari uchun chop qilingan “O‘rta asrlar tarixi” qo‘llanmasining 64-betida “vestgotlar Ispaniyani Vizantiyadan qayta tortib oldi” deb yozilgan (manbaning elektron shakli);
- T. Salimovning tarix fakulteti talabalari uchun chop qilingan “Jahon tarixi” darsligining 52-betida o‘qiymiz: “Istilochili urushlarida o‘zining ichki zahiralarini sarflab bo‘lgan Vizantiya na bosib olingan va na o‘z yerlarini saqlab qolishga qodir edi. Vestgotlar Ispaniyadagi Vizantiya yerlarini tortib oladi”. Bu kitob Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bo‘lajak tarixchilar uchun darslik sifatida tasdiqlangan (manbaning elektron shakli).
Salimovning o‘zi esa vazirlik o‘z javobining to‘g‘ri ekanligiga asos sifatida keltirayotgan 7-sinf maktab darsligining asosiy mualliflaridan biri. Mazkur 7-sinf darsligi nashr etilgan paytda Salimov vafot etgan.
Tarixiy haqiqat shuki, langobardlar qabilasi insoniyat tarixining hech bir bosqichida Ispaniyani ishg‘ol etmagan va bu hududda mutlaqo hukmronlik qilmagan. Bu shunchaki attestatsiyada “vestgotlar” javobini belgilagan bir guruh pedagoglarning shaxsiy talqini emas, balki butun dunyo ilmiy hamjamiyati tan olgan, o‘zgarmas va rad etib bo‘lmas konkret faktdir. Ushbu savolga ilmiy haqiqatga tayanib to‘g‘ri javob bergan minglab maktab o‘qituvchilarning attestatsiyadagi natijasi asossiz ravishda tushirilgan.
Attestatsiya imtihonlaridan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi kanalimda audiochat o‘tkazgan edim. Muloqotda ishtirok etgan yuzlab tajribali o‘qituvchilar aynan ilmiy asoslarga tayanib “Vestgot” javobini belgilaganlarini va hozirda davlatimizdan faqatgina adolat kutayotganlarini yakdillik bilan bayon qilgan edilar.
Shuningdek, kanalimda o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning 1000 nafardan ziyodi ushbu savolda aynan “vestgotlar” variantini tanlaganini tasdiqladi. Bu raqamlar shunchaki quruq statistika emas, balki minglab oilalarning moddiy farovonligiga, pedagoglarning qadr-qimmatiga va eng muhimi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchiga daxldor o‘ta jiddiy ijtimoiy masaladir.
Dastlab adolat istagan minglab o‘qituvchilar apellyatsiya jarayoni orqali haqiqat qaror topishiga qat’iy ishonishgan edi. Biroq apellyatsiya natijalari barchamizni hayratda qoldirdi – rad etib bo‘lmas ilmiy dalillar keltirilgan bo‘lsa-da, birorta o‘qituvchiga haqli ballari qo‘shib berilmadi.
Haqiqatni qaror toptirish maqsadida biz Baholash markazi bilan bir necha bor konstruktiv muloqot o‘rnatishga urindik. Men shaxsan markaz mas’uli (Ro‘zigul opa)ga dunyoning eng nufuzli manbalarini va ilmiy asoslarni aytdim. Afsuski, kutilgan kasbiy yondashuv o‘rniga “sudga beraveringlar” degan mazmundagi munosabatga duch keldik.
Biz hatto sudga ariza topshirishdan bir necha kunlar oldin ham so‘nggi marta muloqot eshiklarini ochib, masalani tinch va adolatli hal qilishga urindik. Biroq barcha qonuniy, axloqiy va pedagogik urinishlarimiz mas’ullarning kibr devoriga urilib qaytgach, o‘qituvchilar o‘z huquqlarini himoya qilishning yagona yo‘li sifatida sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldilar.
Biz hali sud jarayonlari boshlanmasdan avval darslik mualliflaridan biri Bahodir Mahmudboyev bilan suhbatlashgan edik. O‘sha muloqotda muallif darslikdagi ushbu jumlada haqiqatan ham xatolikka yo‘l qo‘yilganini va langobardlarning Ispaniya bilan mutlaqo aloqasi yo‘qligini ochiq-oydin tan olgan edi. Ushbu muhim e’tirof aks etgan audioyozuvni murojaatnomaga ilova qilaman.
Biz ushbu masalani qonuniy va madaniy doirada hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rdik. Darsliklar uchun mas’ul bo‘lgan Respublika ta’lim markaziga (RTM) advokatlik so‘rovi yo‘lladik, rasmiy veb-saytlari orqali murojaat qildik. Biroq markaz haligacha biron-bir tayinli javob bergani yo‘q.
Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar mutasaddilaridan adolat va ilmiy mantiq kutib charchagach, vazirlik huzuridagi yuz minglab o‘qituvchilarni baholashga mas’ul markaz o‘z xatosini tan olmagandan keyin, biz adolatni tiklash maqsadida va Konstitutsiyada belgilangan huquqlardan foydalanib sudga murojaat qildik, biroq sud masalani adolat yuzasidan hal qilish, manbalarni xolis o‘rganib qaror chiqarish o‘rniga ishni bir tomonlama ko‘rdi va vazirlik foydasiga qaror chiqardi. Bu ish haqida OAVlar ham yozishdi. [Gazeta.uz, xalqtaliminfo.uz]
Haqiqatni isbotlash uchun biz dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning haqligini isbotlash uchun AQSH, Ispaniya va Fransiyaning yirik olimlari o‘z xulosalarini yo‘llashdi.
Pensilvaniya Universiteti professori Mixail Kulikovski javobi
Yuqoridagi ilmiy asoslangan javob xati jahon universitetlari reytingida kuchli yuztalikdan (Top-100) o‘rin olgan AQSHning Pensilvaniya universiteti tomonidan yo‘llangan. Maktub muallifi – aynan Ispaniya tarixi bo‘yicha dunyo miqyosidagi fundamental asarlar yaratgan yirik olim Mixail Kulikovskidir. Ushbu xalqaro darajadagi hujjatda ochiq-oydin va qat’iy ta’kidlanishicha, langobardlar qabilasi hech qachon Ispaniya tuprog‘iga qadam ham bosmagan.
Tarixiy haqiqat shuki, langobardlar faqatgina Italiya hududida hukmronlik qilganlar. Dunyo tan olgan nufuzli olimning ushbu xulosasi bizdagi mas’ullarning mantiqsiz va hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan da’volarini butunlay parchalab tashlaydi.
Fransiyaning nufuzli Bordo universiteti professori, o‘rta asrlar tarixi bo‘yicha fan doktori Selin Martenning o‘z rasmiy xulolasasida shunday yozadi: “...Ilk O‘rta asrlar davri haqida hali bizga noma’lum bo‘lgan jihatlar talaygina, biroq tarix fani uchun mutlaq va aniq bo‘lgan haqiqatlardan biri shuki, langobardlar Pireney yarimoroliga hech qachon, mutlaqo qadam bosishmagan”.
Ispaniyaning nufuzli ilm maskanlaridan biri bo‘lgan Salamanka universiteti professori Pablo Dias tomonidan yo‘llangan rasmiy javob xati ushbu masalaga yakuniy nuqtani qo‘yishi kerak edi aslida. Olimning ta’kidlashicha, langobardlar va Pireney yarimoroli (Ispaniya) o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar faqatgina o‘zaro “xat almashinuvi” bilan cheklangan, xolos.
Professor o‘z maktubida langobardlarning faqat Italiya hududida hukmronlik qilganini, Ispaniya bilan esa hech qachon boshqa turdagi (ayniqsa, hududiy da’vo yoki bosqin kabi) aloqada bo‘lmaganini qat’iy bayon etgan. Ispaniyalik olimning ushbu xulosasi Baholash markazining “Ispaniyada o‘z davlatiga asos solmagan bo‘lsa-da, qisqa muddat davomida egalik qilgan” degan asossiz da’volarini butunlay rad etadi (Baholash markazining rasmiy xulosasi ham hujjatga ilova qilinadi).
Ispaniyadagi Salamanka universiteti professori Pablo Diasdan kelgan javob (1)
Dunyoning yirik ilmiy markazlari va yetakchi mutaxassislari tomonidan berilayotgan bunday qat’iy, ilmiy asoslangan va rad etib bo‘lmas xulosalar fonida, bizdagi mutasaddilarning o‘z xatolarini xaspo‘shlashga urinishlari nafaqat ilm-fanga, balki davlatimizning ta’lim sohasidagi xalqaro nufuziga ham jiddiy soya solmoqda.
Holbuki, 572-sonli hukumat qaroriga ko‘ra, attestatsiya xalqaro testologiya talablari asosida o‘tkazilishi, javob esa aniq va to‘g‘ri bo‘lishi lozim. Darslikda xato ketgani bilan ilmiy fakt o‘zgarib qolmaydi-ku! Masalan, qaysidir kitobda nimadir sabab bilan Quyosh Yer atrofida aylanadi, deb yozib qo‘yilsa, bu ma’lumot to‘g‘ri bo‘lib qolmaydi. Baholash markazi xato ma’lumot asosida test tuzmasligi, hech bo‘lmaganda, attestatsiyadan keyin xatosini tan olib, o‘qituvchilar natijalarini qayta hisoblashi va adolatni tiklashi kerak edi.
7-sinf “Jahon tarixi”, 2022-yilgi darslik
Muhtaram Prezident, bu – shunchaki bir savol atrofidagi bahs emas. Bu vaziyat – vazirlikning ilmiy haqiqatga qarshi chiqishi, o‘z xatosini tan olmasligi va o‘z tizimidagi o‘qituvchilar haqqiga xiyonat qilishi o‘ta jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda:
1. Ijtimoiy-iqtisodiy adolatsizlik va moliyaviy zarba. Kamida 1000 nafar o‘qituvchi aynan shu xato savol sababli 70 foizlik ustamadan yoki toifadan quruq qolgan bo‘lishi mumkin. O‘tkazilgan so‘rovnomalarimizda 1000 nafardan ziyod respondent aynan “vestgot” javobini belgilaganini tasdiqlagan. Bu shunchaki raqamlar emas, bu minglab oilalarning moddiy farovonligiga qilingan jiddiy adolatsizlikdir.
2. Bu Sizga taqdim etilayotgan raqamlar, ma’lumotlar va tahlillarning ishonchligiga, ta’lim tizimi islohotlari to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga jiddiy shubha uyg‘otadi. 2025-yil 15-may kuni selektor yig‘ilishida vazirlik shunday ma’lumotni taqdim qilgan edi: “O‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari imtihondan o‘ta olmagani qayd etildi”. Keyinroq, vazirlik “60% o‘qituvchi bilimsiz” degan ma’lumot tarqatdi.
Biroq attestatsiya natijalaridan norozi faqat tarix o‘qituvchilari emas edi. Ona tili va adabiyot o‘qituvchilari sudga murojaat qilishdi, 19 mingdan ziyod ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiya natijalaridan norozi ekanliklarini bildirishdi, boshqa fanlar o‘qituvchilari ham ijtimoiy tarmoqlar orqali adolat so‘rab Sizga murojaat qilishdi.
Bu esa joriy attestatsiya tizimi chuqur inqirozda ekanligidan, vazirlik o‘qituvchilarni noto‘g‘ri baholab, ta’lim tizimini boshi berk ko‘chaga olib kirayotganidan dalolat beradi.
3. Ma’naviy tushkunlik va ‘‘Mute avlod” xavfi. Minglab o‘qituvchilar bu jarayonni kuzatib, bitta mudhish xulosaga kelmoqda: “Agar 100 foiz haq bo‘lsang ham, baribir adolat tiklanmas ekan”. O‘z haqini talab qila olmaydigan, ruhi sindirilgan “mute” (soqov) o‘qituvchi hech qachon hurfikrli, biz orzu qilayotgan farovon jamiyatni qurishga hissa qo‘shadigan avlodni tarbiyalay olmaydi. Kimlargadir aynan shunday mute va irodasiz avlod kerakmi?
4. Ta’lim metodikasining “ko‘milishi”. Eng yomoni – o‘qitish metodikasiga halokatli zarba berildi. Pedagoglar orasida “Kitobda xato bo‘lsa ham, baribir shuni yodlatish kerak ekan” degan zaharli qarash yoyilmoqda. O‘qituvchilar menga: “Domla, bu jarayonlardan so‘ng darslikda xato bo‘lsa ham shunday o‘rgatyapmiz. Shunday davom etaveraylikmi" deb savol berishmoqda.
Bu holat pedagogikaga, mantiqqa mutlaqo ziddir. Biz tahlil qiladigan ijodkor bolalarni yetishtirmoqchimizmi yoki faqat yodlashga urinadigan bolalarnimi? “Kitobda xato bo‘lsa ham yodlash kerak” degan yondashuv bilan ta’lim go‘rga kiradi-ku axir!
5. Islohotlarga bo‘lgan ishonchning so‘nishi. Yuzlab izohlar shuni ko‘rsatmoqdaki, odamlar endi ta’limdagi ijobiy islohotlarga ishonmay qo‘yyapti. Ular Siz tomoningizdan aytilayotgan adolat va taraqqiyot haqidagi samimiy gaplarni gaplarni, harakatlarni ijrochilarning xatosi tufayli “faqat qog‘ozda” deb tasavvur qila boshladilar. Ijrochilarning bu xatosi davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonch ko‘priklarini yiqitmoqda.
Adolat izlab sarson bo‘layotgan, o‘zining 100 foiz haq ekanini dunyo tan olgan olimlar isboti bilan ko‘rsatib turgan ushbu minglab o‘qituvchilar endilikda Siz tomoningizdan amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga, Siz bot-bot takrorlayotgan adolat va “Inson qadri” tamoyillariga qay darajada ishonadi?
Ushbu pedagoglar orasida “shuncha gaplar, islohotlar faqat qog‘ozda ekan” degan umidsiz tasavvur shakllanib qolmasmikan? Agar tizimdagi ijrochilarning xatosi tufayli minglab o‘qituvchilarning huquqi poymol qilinsa, biz qanday qilib xalqimizda kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchni uyg‘ota olamiz? [1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10]
Yuqorida havola etilgan izohlar mening shaxsiy kanalimda yoritilgan ushbu adolatsizlikka nisbatan bildirilgan minglab munosabatlarning dengizdan tomchisi, xolos. Bugun nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, balki ta’lim tizimidagi muammolarga jon kuydiradigan ko‘plab mustaqil ommaviy axborot vositalari ham ushbu mavzuni diqqat markazida ushlab turibdi.
Ularning sahifalarida ham xuddi shunday mazmundagi – xalqaro ekspertlar xulosasiga qaramay, haqiqatning tan olinmayotganidan hayratda qolgan va davlat islohotlaridan umidi so‘nayotgan minglab pedagoglarning haqli e’tirozlarini ko‘rishingiz mumkin. Bu – shunchaki bir guruh odamlarning noroziligi emas, balki katta sonli ziyolilar qatlamining tizimdagi loqaydlikka qarshi faryodidir.
Muhtaram Prezident, minglab yurtdoshlarimiz tomonidan qoldirilgan izohlardan biridagi ushbu faryodga e’tiboringizni qaratishingizni istardim: “Hatto xalqaro ekspertlar fikri tan olinmaganidan keyin, ta’limdagi islohotlarga ko‘pchilikning ishonchi butunlay so‘nsa kerak...”.
Muhtaram Prezident, yuqorida bayon etilgan barcha fakt va dalillardan kelib chiqib, Sizdan quyidagilarni iltimos qilaman:
Adolatni tiklash va ballarni qo‘shib berish: Mazkur test savolida ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan “vestgot” javobini belgilagan barcha o‘qituvchilarga ballari haqli ravishda qo‘shib berilishi lozim. Zero barcha nufuzli va xalqaro miqyosdagi tarixiy manbalar Yustinian I vafotidan so‘ng Ispaniyani aynan vestgotlar qaytarib olganini bir ovozdan tasdiqlaydi.
Xatolikni rasman e’lon qilish: ushbu testda xatoga yo‘l qo‘yilganini ravishda e’lon qilish zarur. Chunki hozirda pedagoglar orasida “kitobda xato bo‘lsa ham, shuni o‘rgatish kerak ekan” degan o‘ta xatarli va noto‘g‘ri tasavvur shakllanib ulgurdi. Bunday yondashuv mamlakatimiz ta’lim tizimining poydevoriga berilgan jiddiy zarbadir.
Konstruktiv muloqot va attestatsiya tizimi islohoti: Pedagoglar bilan konstruktiv muloqot tiklanishi, attestatsiyaga yondashuv bilimi va pedagogik mahorati yuqori o‘qituvchilarni rag‘batlantiradigan tarzda tubdan qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Sizning adolatingizga va “Inson qadri” tamoyili amalda ekaniga ishonaman.
Hurmat bilan, Jalol BOLTAYEV, tarixchi-pedagog
Izohlar 6
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Hilola Umarovaning o‘rnini Ilxom Siradjev egalladi
Oliygohlarda “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi
O‘qituvchilarga ustama tayinlashga qanday tadbir va olimpiadalar uchun ball berilishi aniq bo‘ldi
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi
Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi. Maktab darsligidagi tarixiy xatolik va shu xato fakt asosida tuzilgan attestatsiya testi ortidan AQShning Pensilvaniya universiteti tarixchi-pedagogi, shuningdek, ispaniyalik olimlar hamda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari ham mazkur masalani muhokama qila boshladi.
Yangiliklar
2025-yilgi attestatsiyada 60 foizdan ortiq o‘qituvchi o‘tolmagani ma’lum bo‘ldi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi joriy yilgi malaka toifasi test sinovlariga oid statistikani e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilda ikki marotaba o‘tkazilgan test sinovlarida 64,4 foiz o‘qituvchilar yetarli natija qayd etolmagan.
Yangiliklar
“O‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi” — Qozog‘iston ta’lim vaziri
Qozog‘istonlik o‘qituvchilar ommaviy ravishda attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lganidan so‘ng, ta’lim vaziri xato va kamchiliklarni tan oldi.
Attestatsiya
Attestatsiyada o‘qituvchilar huquqi cheklanishi bu qulaylikmi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiyadagi o‘zgarishlarni aslida o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilganini ma’lum qildi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang