Tarix fani o‘qituvchilarining attestatsiya bo‘yicha da’vo arizasi sudda ko‘rib chiqildi

To‘rt nafar tarix fani o‘qituvchilari attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergani haqida avvalroq xabar bergandik.
Kecha, 15-oktyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan kiritilgan shikoyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sud ishi sudya G.K.Djumayeva raisligida ko‘rib chiqildi.
Mazkur sud majlisida vazirlikdan vakil sifatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ekspert hamda yuristi, shuningdek, vazirlik yuristi ham qatnashdi. Sud jarayonini yoritib borish maqsadida xalqtaliminfo.uz tahririyati ham ishtirok etdi.
Dastlab, sudda da’vogar vakili, advokat U.Jumaniyozov da’vogarlarning e’tirozlarini o‘qib eshittirib, quyidagilarni ma’lum qildi:
Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgan to‘rt nafar tarix fani o‘qituvchilari 2025-yil 8-may kuni pedagoglarining mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi hamda pedagogik mahoratini aniqlash uchun attestatsiya imtihonlariga jalb qilingan.
Bugungi masala – attestatsiya imtihonidagi tarixiy savolning noto‘g‘ri baholanishi – ta’lim sifatiga va inson huquqlariga taalluqlidir. Imtihonda “Yustinian I vafotidan so‘ng butun Ispaniyani qaysi qabila egallab oldi?” degan savolga Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi to‘g‘ri javob sifatida “langobardlar” deb belgilagan.
Da’vogarlar esa asl tarixiy haqiqatga tayangan holda “vestgotlar” deb javob bergan va uning javobi haqqoniy, to‘g‘ri bo‘lsa-da, noto‘g‘ri deb topilib, bahosi pasaytirilgan. Mazkur holatda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi 7-sinf “Jahon tarixi” darsligidagi xatoga ma’lumotga tayangan: darslikda “Yustinianning vafotidan so‘ng Vizantiya hududlari sekin-asta qisqarib boradi. Langobardlar deyarli butun Ispaniyani tortib oladilar” degan jumla keltirilgan. Biz tarixiy haqiqat va ilmiy manbalarga asoslanib, bu ma’lumot xato ekanini bilamiz.
Baholash markazi imtihonda tushgan savolga to‘g‘ri javob sifatida “langobardlar” deb belgilagan. Natijada, to‘g‘ri javobni – “vestgotlar”ni tanlagan ishtirokchilar “noto‘g‘ri javob bergan”, deb baholanyapti. Bu holat bilan go‘yoki noto‘g‘ri ma’lumotni ilmiy haqiqat sifatida tasdiqlab qo‘ymoqda va ta’lim jarayonida xato ma’lumotga suyanishga majburlamoqda.
Shu sababli, pedagoglar imtihondan so‘ng, ya’ni 9-may kuni apellyatsiya shikoyati kiritishgan, shundan so‘ng apellyatsiya komissiyasi tomonidan pedagoglar murojaatlariga asossiz va sabablari ko‘rsatilmagan bir xil mazmundagi rad javobi berilgan, mazkur savol bo‘yicha murojaatchilarga ekspert xulosalari ham taqdim etilmagan.
Shuningdek, murojaat etuvchi pedagog kadrlarning apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati ko‘rib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtiroki ta’minlanmagan. Vazirlik ekspertlari test savollarini tuzishda testologiya nuqtayi nazaridan savollarni aynan to‘g‘ri va ishonchli manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslanib shakllantirmagan.
Chunki, Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, xususan, britannica.com sayti, Wikipedia’ning inglizcha varianti, 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining 2017-yilgi nashri, Fozila Sulaymonovaning “G‘arb va Sharq” asarida qayd qilingan. Ular universitet davrida ham Ispaniyani vestgotlar egallagan deb o‘qitilgan. Mazkur savol va javob 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf “Jahon tarixi” darsligi asosida tuzilgan.
Shu sababli, Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan? Bu savolga “Vestgotlar” javobini to‘g‘ri deb e’tirof etish orqali pedagog kadrning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi sababli attestatsiya natijalarini o‘zgartirish majburiyatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklash so‘ralgan.
Vazirlik esa mazkur e’tirozlarni rad etib, pedagog kadrlar attestatsiyasining birinchi va ikkinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fani va kasbiy standartlari hamda pedagogik mahoratini baholash bo‘yicha malaka (test) sinovlariga tayyorlanish bo‘yicha tavsiyalar (nazorat materiallari spetsifikatsiyasi) va adabiyotlar ro‘yxati tasdiqlanganligini ta’kidladi.
Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, (nazorat materiallari spetsifikatsiyasi) va adabiyotlar ro‘yxatida 7-sinf Jahon tarixi darsligining 2022-yildagi nashri ham mavjud. Test savollarini tuzishda ham spetsifikatsiyadan tashqariga chiqilmagan.
‘‘Agar o‘qituvchi mazkur darslikni to‘liq o‘zlashtirgan bo‘lganida attestatsiya test savolida to‘g‘ri deb belgilangan javobni belgilashi kerak edi. Chunki, pedagoglarga foydalanish uchun tavsiya qilingan adabiyotlardagi ma’lumot ayni shu ko‘rinishda mavjud.
Savolning manbasiga kelsak, bu aynan o‘sha - 7-sinf Jahon tarixi darsligi. Darslik 5 nafar muallif tomonidan yozilgan. Uni ishlab chiqish jarayonida ekspertlar, olimlar va fan mutaxassislari ishtirok etgan. Ilmiy-metodik kengashlarda muhokama qilingan.
Qolaversa, tarix fani o‘qituvchilarining aksariyat qismi ham bu savolga to‘g‘ri, ya’ni kitobda qanday javob keltirilgan bo‘lsa, shu javobni tanlab ball olishgan’’, - deydi vazirlik vakili.
Shu sababli, javobgar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tarix fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deya baholamoqda. Vazirlik sud majlisida “Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan?” degan savolning to‘g‘ri tuzilganligi bo‘yicha ma’lumotlarni sudga taqdim etdi.
Shundan so‘ng, da’vogar tomon advokati maktab darsliklarida xatoliklar kuzatib turilishi odatiy hol ekanligi, ammo Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ekspertlari attestatsiya test savollarini tuzishda darslikdagi xato ma’lumotlar aks etgan qismidan foydalanishi testologiya qoidalariga zid ekanligini ta’kidladi.
Advokat yuqoridagi fikriga qo‘shimcha ravishda misol keltirdi: agar, aytaylik, Amir Temur tavalludi qaysidir darslikda texnik xatolik sabab 1337-yil deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, pedagoglar bu ma’lumot darslikda keltirilganini asos qilib olib, uni to‘g‘ri deb qabul qilishi kerakmi, degan savolni ham o‘rtaga tashladi.
Shundan so‘ng, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazining attestatsiya test savollarini ekspertizadan o‘tkazish masalalari bilan shug‘ullanuvchi a’zosi, ekspert so‘zga chiqib, bu vaziyatda o‘qituvchilar savolni noto‘g‘ri talqin qilganligini ta’kidlab, aslida Yustinian I vafotidan so‘ng butun Ispaniyani Langobardlar ham ma’lum bir muddatga tortib olganligini, savolda ham aynan mana shu ma’lumot so‘ralganligini aytib o‘tdi.
Muzokaralardan so‘ng, advokat U.Jumaniyozov mustaqil ekspertlar sifatida Bilim va malakalarni baholash agentligidan vakil, tegishli institutlar pedagoglaridan vakil hamda 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf “Jahon tarixi” darsligi mualliflarini ham mazkur sud jarayoniga jalb qilish bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi.
Shundan sud, tanaffus e’lon qilib, keyingi sud majlisini 22-oktyabr, soat 14.30 ga qoldirilganligini ma’lum qildi.
Sud majlisidan so‘ng, xalqtaliminfo.uz vazirlik vakilidan da’vo arizasida keltirilgan savol bo‘yicha vazirlik tomonning ekspert xulosalarini taqdim etishini so‘radi, ammo vazirlik tomon ekspert xulosasini taqdim etolmasligini ma’lum qildi.
Jamoatchilik nima deydi?
Xalqtaliminfo.uz bu borada jamoatchilikning fikrini ham o‘rganish maqsadida mazkur jarayonlarni bevosita kuzatib borayotgan, tarix fani o‘qituvchisi, ayni vaqtda repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi pedagog Jalol Boltayevga yuzlandi. U mazkur test savoli yuzasidan tahririyatga quyidagilarni bayon qildi:
“Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila Ispaniyani bosib olgan?” To‘g‘ri javob “vestgotlar” bo‘lishi kerak. Biroq Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi bu savolda “langobardlar” javobini to‘g‘ri deb belgilagan. Endi tasavvur qilaylik: “qaysidir germaniyalik professor” “Yustinian vafotidan so‘ng langobardlar ham Ispaniya hududlarini egallagan”, degan yangi ilmiy farazni ilgari surdi.
Bu holatni tushuntirish uchun oddiy, lekin juda o‘rinli bir misol keltiraman: Chingizxoning Kulkan degan o‘g‘li ham bo‘lgan. Bu “ilmiy yangilik” sifatida paydo bo‘ldi.
Shunga asoslanib, quyidagi test tuzildi:
Quyidagilardan qay biri Mo‘g‘ullar imperiyasi asoschisi Chingizxoning o‘g‘li hisoblanadi?
A) Kulkan
B) Botu
C) Huloku
D) O‘qtoy
Nimadir noto‘g‘ri ko‘rinmayaptimi? Albatta! Agar “Kulkan” haqidagi ma’lumot “ilmiy yangilik” bo‘lsa ham, O‘qtoy – Chingizxoning o‘g‘li ekanligi, uning vorisi bo‘lganligi konkret tarixiy fakt va barcha tarixiy manbalarda qayd etilgan.
Natijada bu testda ikki to‘g‘ri javob paydo bo‘ladi, bu esa bir javobli test formati uchun mutlaqo yaroqsiz. Nima demoqchiman? “Yustinian I vafotidan keyin Ispaniyani qaysi qabila egallagan?” degan savolga vestgotlar deb javob berish to‘g‘ri, chunki bu – konkret tarixiy fakt.
Vestgotlar hukmdori Leovigild 568-yilda qirol sifatida taxtga o‘tirib, Ispaniyaga yurishlarni kuchaytirgan. 573-yilda Kordobani, 576-yilda esa Suevilar qirolligini egallagan. Bu hududlar Ispaniya yarimorolida joylashgan. Bu voqealar nufuzli tarixiy manbalarda ochiq-oydin, aniq tarzda bayon qilingan.
Hech bir nufuzli manba bu ma’lumotni shubha ostiga olmaydi. Tarixchiman degan odam bu ma’lumotni inkor etolmaydi, chunki bunda eng-eng nufuzli manbalarga, tadqiqotlarga (umuman olganda, tarix faniga) qarshi chiqqan bo‘ladi.
Agar endi “qaysidir germaniyalik olim” “Yustiniandan so‘ng langobardlar ham Ispaniyaning hududlarini egallagan” degan fikrni ilgari surgan bo‘lsa, bu testga asos qilib olingan bo‘lsa, variantlarda vestgotlar javobi ham berilgan bo‘lsa – demak, testda ikkita to‘g‘ri javob bo‘lib qoladi-ku!
Holbuki, “xalqaro testologiya”ni da’vo qilayotgan tashkilot bir javobli testda faqat bitta to‘g‘ri javob bo‘lishi kerakligini, agar bir nechta variant to‘g‘ri bo‘lib qolsa, hammasi uchun ball berilishi shartligini anglamasligi – fojia.
Darsliklarni yozishda inson omili qatnashar ekan, albatta, xatoliklar bo‘ladi. Masalan, aynan 2022-yilgi 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining 21-sahifasida Fransiya qiroli Lyudovik VII ning hukmronlik yillari 1108–1137-yillar deb berilgan, aslida Lyudovik VII 1137–1180-yillarda hukmronlik qilgan.
Buni har jahon tarixiga oid har qanday manba – inglizcha vikipediyami, eng taniqli tarixchilarimizdan bo‘lgan Shuhrat Ergashevning “Jahon tarixi” darsliklarimi, ruscha vikipediyami – tasdiqlaydi. Ya’ni o‘sha darslikda Lyudovik VII 1137–1180-yillarda hukmronlik qilgan degan mazmundagi gap uchun tarix o‘zgarib qolmaydi.
Yoki 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida Xiva xonligi hududi 19 ming km. kv deb yozilgan, aslida hammamiz bilamizki, Xiva xonligi hududi juda katta bo‘lgan. Dastlab 180 ming km. kv dan, keyinchalik esa 300 ming km. kv dan ortiq bo‘lgan.
Ya’ni, darslikda 19 ming km. kv deb yozilgani uchungina Xiva xonligi hududi kichrayib qolmaydi-ku, tarix o‘zgarib ketmaydi-ku. Bu yerda ham xuddi shunaqa. Darslikda aslida langobardlar degan jumla texnik xatolik sababdanmi yoki boshqa sababdanmi, tushib ketgan. Nima uchun bunday deyapman.
Aslida 6 asr ikkinchi yarmida Ispaniya hududini vestgotlar egallaganligi bu rad etib bo‘lmas ma’lumot, ilmiy yangilik emas, azaldan bor narsa, har qanday nufuzli manbalarda yozilgan. Masalan, Buyuk Britaniyaning eng mashhur ensiklopediyasi Britanicca.com, inglizcha, ruscha vikipediyalar, olima Fozila Sulaymonovaning “Sharq va G‘arb” asari va boshqa har qanday manbalarda.
Ya’ni, har qanday nufuzli manbada vestgotlarning Leovigild ismli hukmdori Leovigild 568-yilda qirol sifatida taxtga o‘tirib, Ispaniyaga yurishlarni kuchaytirgan. 573-yilda Kordobani, 576-yilda esa Suevilar qirolligini egallagan. Bu hududlar Ispaniya yarimorolida joylashgan. Bu voqealar nufuzli tarixiy manbalarda ochiq-oydin, aniq tarzda bayon qilingan.
Mantiqan olib qaraganda, “langobardlar” so‘zi “vestgotlar” o‘rniga adashib ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Lekin muhim nuqta shundaki, biz darslik mualliflarini ayblamoqchi emasmiz, bu yerda ayb Baholash markazida. Chunki hech kim baholash markaziga aynan darslikdagi xato joyidan tuz, demagan. Darslikda tarixiy jihatdan to‘g‘ri ma’lumotlar yetarlicha. Va testga faqat test tuzgan tashkilot javobgar bo‘ladi. Baholash markazi faktlarni tekshirishi lozim edi. Bunday vaziyatda ilmiy mantiq nuqtayi nazaridan to‘g‘ri yo‘l – xatoni tan olib, tuzatish kiritishdir, noto‘g‘ri ma’lumotni oshkora himoya qilish emas.
Umumuy xulosalar
Xalqtaliminfo.uz tahririyati shuni ma’lum qiladiki, ayni vaqtda attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan tarix fani o‘qituvchilarining sud ishi hali davom etadi va oxirgi xulosa sud tomonidan aytiladi. Shu sababli, mazkur maqolada keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular xalqtaliminfo.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmaydi.
Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash lozimki, agar sud “Vestgotlar” javobini to‘g‘ri deb topib, da’vogarlarning huquqlarini tiklasa, test savolidagi xato tuzatilsa – bu tuzatish faqat sudga murojaat qilgan 3 nafar o‘qituvchigagina tegishli bo‘lmaydi.
Shu sababli, sud bu savolda sud “Vestgotlar” javobini to‘g‘ri deb topsa, vazirlik “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 59-moddasiga asosan pedagog kadrning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligini inobatga olib, mazkur test savoli tushgan barcha tarix fani o‘qituvchilarining ham attestatsiya natijalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.
Комментарии 2
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости

Те, кто стал причиной распространения тестов предметной олимпиады, будут привлечены к ответственности.

Сообщается, что тесты предметной олимпиады были проданы.

Начался процесс направления учителей на повышение квалификации за рубеж

Некоторые частные детские сады были закрыты из-за нарушения санитарных требований.
Тематические новости

Vazirlik attestatsiya bo‘yicha yana bir sud ishida javobgar sifatida qatnashadigan bo‘ldi
Avvalroq, to‘rt nafar tarix fani o‘qituvchilari ham attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgandi.

Стало известно, по каким адресам пройдут сертификационные испытания
В министерстве объявили места проведения квалификационных испытаний.

Предоставят ли баллы учителям, имеющим национальный сертификат, за 70% надбавку?
Дополнительная надбавка выплачивается только педагогам, принявшим участие в квалификационном испытании (на обоих этапах) и достигшим (или сохранившим) высшую и первую квалификационные категории.

O‘qituvchilar attestatsiya sud ishida vazirlikka yutqazdi
Sud attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi foydasiga qaror chiqardi.
Редактировать комментарий