Top.Mail.Ru
Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi

Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi

10:36 / 12.02.2026 10.03k

Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi. Maktab darsligidagi tarixiy xatolik va shu xato fakt asosida tuzilgan attestatsiya testi ortidan AQShning Pensilvaniya universiteti tarixchi-pedagogi, shuningdek, ispaniyalik olimlar hamda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari ham mazkur masalani muhokama qila boshladi. Xalqtaliminfo.uz shu mavzuga aloqador shaxslar bilan suhbatlashdi.

To‘rt nafar tarix fani o‘qituvchisi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgandi. Ular malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’naviy zararni qoplashni talab qilgan. 


Tarix fanidan bo‘lib o‘tgan attestatsiya imtihonida “Yustinian I vafotidan so‘ng Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabilani belgilang” degan savol tushgan va to‘g‘ri javob sifatida “Langobardlar” olingan. MMTV huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ushbu savolga manba sifatida 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf jahon tarixi darsligini ko‘rsatgan. Da’vogar o‘qituvchilar esa mazkur savolga “Vestgotlar” javobini belgilagan.


Baholash markazi tomonidan taqdim etilgan savolning asl varianti


Da’vogarlar Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, jumladan, tarix fanlari doktori, professor F.A. Axmedshina mas’ul muharrirligida yozilgan “O‘rta asrlar tarixi” kitobida, hattoki aynan 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining mualliflari qatorida bo‘lgan, marhum olim Tursunboy Salimovning Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Jahon tarixi” darsligida aynan yozib qo‘yilganini, oliygohda ham Ispaniyani vestgotlar egallagan deb o‘qitilganini qayta-qayta ta’kidlagan.


Ammo bir necha marotaba bo‘lib o‘tgan sud ishlaridan keyin tarix fani o‘qituvchilarining da’vo arizasi asossiz deb topilib, vazirlik foydasiga qaror chiqarilgan. Da’vogarlar sud qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiya shikoyati kiritgan va ish yuqori instansiya sudida 2026-yil 11-fevral kuni ko‘rib chiqilishi kerak edi.


Ammo, 11-fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida da’vogarlar kiritgan apellyatsiya shikoyati ko‘rilmasdan qoldirildi. Bunga sabab sifatida tarixiy fakt va xatoliklarni ko‘rib chiqish sud orqali hal qilinmaydi, deb ko‘rsatilgan.


Bo‘lib o‘tgan bir necha sud ishlarida ham Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar tan olinmaganidan so‘ng, tarixchi-pedagoglardan biri AQShning Pensilvaniya universiteti hamda bir nechta ispaniyalik tarixchi olimlariga bu masala bo‘yicha xulosa berishlarini so‘rab rasmiy xat yuboradi. 


Shundan so‘ng, jahon reytingida top-100 ro‘yxatiga kiradigan Pensilvaniya universiteti va ispaniyalik olimlardan “langobardlar Ispaniyani bosib olmagan” degan mazmunda javob xatlari keladi.


Ispaniya tarixi bo‘yicha yirik asarlar yozgan olim Mixail Kulikovskidan quyidagi javob xati yetib kelgan:


“Sizning iltimosingizga binoan, ushbu xatni Pensilvaniya shtati universiteti (University Park, Pensilvaniya, AQSH) Tarix va klassik filologiya bo‘yicha Edvin Erl Sparks nomidagi professori sifatida yozmoqdaman.

So‘nggi antik davr va ilk o‘rta asrlar bo‘yicha mutaxassis olim, shuningdek Late Roman Spain and Its Cities (Baltimor, 2004) kabi ko‘plab kitoblar muallifi sifatida shuni tasdiqlaymanki, mavjud barcha dalillar va ilmiy doiralarda qaror topgan umumiy xulosalarga ko‘ra, so‘nggi antik davr hamda ilk o‘rta asrlarda Iiberiya yarimoroli (hozirgi Ispaniya va Portugaliya, ya’ni Rimning Hispaniya viloyatlari) vestgot qirollari tomonidan boshqarilgan.

Milodiy 568-yildan keyingi davrda Italiyaning ayrim hududlari esa lombard qirollari va mustaqil lombard gersoglari hukmronligi ostida bo‘lgan. Ushbu masala bo‘yicha hujjatli asoslar uchun, jumladan, Roger Collinsning Early Medieval Spain (2-nashr, London, 1996) hamda Chris Wickhamning Early Medieval Italy (London, 1984) asarlariga murojaat qilishingiz mumkin.”

Da’vogarlar advokati U.Jumaniyozov bu xatlarning notarial tarjimasi va bir qancha xulosalarni sudga taqdim qiladi. Ammo yuqorida ta’kidlanganidek, sud tarixiy fakt va xatoliklarni ko‘rib chiqish vakolati sud orqali hal qilinmasligi vaji bilan apellyatsiya shikoyatini ko‘rmay qoldirdi.


Ispaniyadagi Salamanka universiteti professori Pablo Diasdan “Langobardlar va Pireney yarimoroli o‘rtasidagi munosabat faqatgina “xat almashinuv”dan iborat bo‘lgan, Langobardlar uchun Italiyada hukmronlik qilgan, xolos. Langobardlar hech qachon Ispaniya bilan boshqa aloqa qilmagan” degan mazmunda rasmiy javob xati kelgan.


Shuningdek, Bordo universiteti professori, o‘rta asrlar tarixi bo‘yicha fan doktori Selin Martenning rasmiy javob xatida quyidagi jumlani ko‘rish mumkin: “...Ilk o‘rta asrlar haqida noma’lum narsalar juda ko‘p, ammo aniq bo‘lgan faktlardan biri shuki, langobardlar Pireney (Iberiya) yarimoroliga hech qachon, mutlaqo qadam bosishmagan.


Ayni vaqtda bu mojaro tafsilotlari Ispaniyaga ham yetib borgan. Repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tarixchi-pedagog Jalol Boltayevning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, Ispaniya ommaviy axborot vositalari ham bu masalaga qiziqib, o‘zbekistonlik pedagog va jamoatchilik vakillaridan intervyu olishni rejalashtirmoqda.

“Ispaniyani o‘rta asrlarda qaysi qabila bosib olgan? degan masalaning XXI asrda O‘zbekiston sudida ko‘rilishi - absurd hodisa” — Komil Jalilov.



Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov ham mu masalani anchadan buyon tahlil qilib kelmoqda. Uning aytishicha
Ispaniyani o‘rta asrlarda qaysi qabila bosib olgan? degan masalaning XXI asrda O‘zbekiston sudida ko‘rilishi - absurd hodisa. 

“Normal holatda, agar bu (ya’ni Ispaniyani o‘rta asrlarda qaysi qabila bosib olgani) bahsli masala bo‘lsa, u asosida test tuzilmasligi kerak edi. Bahsli masala bo‘lmasa - agar vazirlik haq bo‘lsa, apellyatsiyada o‘zining dalil-manbalarini keltirib, o‘qituvchilarni tinchlantirishi, agar o‘qituvchilar haq bo‘lsa, vazirlik o‘qituvchilardan uzr so‘rab, aynan shu savol tushgan o‘qituvchilar natijalarini qayta hisoblashi kerak edi. 

Lekin masalaning boshqa qiziq joyi bor. Vazirlik 7-sinf “Jahon tarixi” darsligiga tayanib, o‘zining javobini to‘g‘ri deyapti. Vazirlikning xulosasi: “Langobardlar Ispaniyada o‘z davlatiga asos solmagan bo‘lsa-da, qisqa muddat davomida egalik qilgan”. Gazeta.uz’ning o‘quvchilar arizasi ko‘rib chiqilgan sud majlisida e’lon qilgan maqolasida aytilishicha, markaz vakili (yuristi) da’vogar o‘qituvchilarning javobi to‘g‘ri ekanini tasdiqlovchi dalil mavjud emasligini bayon qilgan. Lekin:

- B. Mirkomilov, F. Aqchayev, O. Mamirov muallifligida, tarix fanlari doktori, professor F. A. Axmedshina mas’ul muharrirligida tarix fakulteti talabalari uchun chop qilingan  “O‘rta asrlar tarixi” qo‘llanmasining 64-betida Vestgotlar Ispaniyani Vizantiyadan qayta tortib oldi, deb yozilgan. 

- T. Salimovning tarix fakulteti talabalari uchun chop qilingan 
Jahon tarixi darsligining 52-betida o‘qiymiz: “Istilochili urushlarida o‘zining ichki zaxiralarini sarflab bo‘lgan Vizantiya na bosib olingan va na o‘z yerlarini saqlab qolishga qodir edi. Vestgotlar Ispaniyadagi Vizantiya yerlarini tortib oladi”

Bu kitob Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bo‘lajak tarixchilar uchun darslik sifatida tasdiqlangan. Salimovning o‘zi esa vazirlik o‘z javobining to‘g‘ri ekanligiga asos sifatida keltirayotgan 7-sinf maktab darsligining asosiy mualliflaridan biri, lekin uning familiyasi darslikda ramkaga olinganiga qaraganda, bu kitob (maktab darsligi) chop qilingan paytda u vafot etgan. 
Ya’ni, vazirlik yuristi sudda “pedagoglar javobi to‘g‘riligini isbotlaydigan biron bir manba yo‘q”, deyapti, lekin bo‘lajak tarixchilar OTMda o‘qiydigan kamida ikkita kitob esa aynan o‘qituvchilar javobini to‘g‘ri deyapti. 

Undan ham qizig‘i, vazirlik “langobardlar Ispaniyaga qisqa muddat egalik qilgan” deyapti, o‘qituvchilar vakili murojaat qilgan xorijiy tarixchi olimlar esa “langobardlarning Ispaniyaga hech qanday aloqasi yo‘q” deyapti. Hatto uchta SI modeli ham (Gemini, Copilot, ChatGPT) 
langobardlar Ispaniyani qachondir bosib olganmi o‘zi? degan savolga bir ovozdan “langobardlar Ispaniyani hech qachon bosib olmagan”, deyapti. 

Ayrim mutaxassislarning fikricha, 7-sinf darsligida shunchaki texnik xatolik ketgan. Bo‘lishi mumkin - inson faktori. Agar shunday bo‘lsa, agar vazirlikning qo‘lida o‘qituvchilar javobi noto‘g‘ri ekanini isbotlaydigan (7-sinf darsligidan tashqari) boshqa manba bo‘lmasa, shunchaki xatoni tan olish kerak. Vaziyatni battar absurdlashtirmasdan va O‘zbekiston sudi qanday ishlashini yana bir bor hammaga ko‘rsatmasdan.”, - deydi Komil Jalilov.

Umuman olganda, agar bu masala O‘zbekistondan tashqariga chiqib, nafaqat Ispaniyada, balki xorijdagi taniqli tarixchi olimlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan keng muhokama qilinsa, bu holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining obro‘siga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Bu nafaqat O‘zbekistondagi attestatsiya testlarining validligi, balki tarixiy faktlarning to‘g‘ri talqin etilishi bilan bog‘liq masalani ham o‘rtaga qo‘ymoqda.


Shu sababli endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyatga ochiq va aniq munosabat bildirishi, zarur bo‘lsa, mustaqil ilmiy ekspertiza o‘tkazishi hamda jamoatchilikka asosli tushuntirish berishi maqsadga muvofiq.

Izohlar 10

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Sud ishi

Ulashish