Top.Mail.Ru
Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi

10:36 / 12.02.2026 37.05k
Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi. Maktab darsligidagi tarixiy xatolik va shu xato fakt asosida tuzilgan attestatsiya testi ortidan AQShning Pensilvaniya universiteti tarixchi-pedagogi, shuningdek, ispaniyalik olimlar hamda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari ham mazkur masalani muhokama qila boshladi. Xalqtaliminfo.uz ushbu mavzuga aloqador shaxslar bilan suhbatlashdi.

To‘rt nafar tarix fani o‘qituvchisi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgandi. Ular malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’naviy zararni qoplashni talab qilgan. 


Tarix fanidan bo‘lib o‘tgan attestatsiya imtihonida “Yustinian I vafotidan so‘ng Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabilani belgilang” degan savol tushgan va to‘g‘ri javob sifatida “Langobardlar” olingan. MMTV huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ushbu savolga manba sifatida 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf jahon tarixi darsligini ko‘rsatgan. Da’vogar o‘qituvchilar esa mazkur savolga “Vestgotlar” javobini belgilagan.


Baholash markazi tomonidan taqdim etilgan savolning asl varianti


Da’vogarlar Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, jumladan, tarix fanlari doktori, professor F.A. Axmedshina mas’ul muharrirligida yozilgan “O‘rta asrlar tarixi” kitobida, hattoki aynan 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining mualliflari qatorida bo‘lgan, marhum olim Tursunboy Salimovning Oliy ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Jahon tarixi” darsligida aynan yozib qo‘yilganini, oliygohda ham Ispaniyani vestgotlar egallagan deb o‘qitilganini qayta-qayta ta’kidlagan.


Ammo bir necha marotaba bo‘lib o‘tgan sud ishlaridan keyin tarix fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topilib, vazirlik foydasiga qaror chiqarilgan. Da’vogarlar sud qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiya shikoyati kiritishgan va ish yuqori instansiya sudida ko‘rib chiqilishi kerak edi.


Ammo, joriy yilning 10-fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida da’vogarlar kiritgan apellyatsiya shikoyati ko‘rilmay qoldirildi. Bunga sabab sifatida tarixiy fakt va xatoliklarni ko‘rib chiqish vakolati sud orqali hal qilinmasligi deb ko‘rsatilgan.


Bo‘lib o‘tgan bir necha sud ishlarida ham Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar tan olinmaganidan so‘ng, tarixchi-pedagoglardan biri AQShning Pensilvaniya universiteti hamda bir nechta ispaniyalik tarixchi olimlariga bu masala bo‘yicha xulosa berishlarini so‘rab rasmiy xat yuboradi. 


Shundan so‘ng pedagogga jahon reytingida top-100 ro‘yxatiga kiradigan Pensilvaniya universiteti va ispaniyalik olimlardan “langobardlar Ispaniyani bosib olmagan” degan mazmunda javob xatlari keladi.


Ispaniya tarixi bo‘yicha yirik asarlar yozgan olim Mixail Kulikovskidan quyidagi javob xati yetib kelgan:


“Sizning iltimosingizga binoan, ushbu xatni Pensilvaniya shtati universiteti (University Park, Pensilvaniya, AQSH) Tarix va klassik filologiya bo‘yicha Edvin Erl Sparks nomidagi professori sifatida yozmoqdaman.

So‘nggi antik davr va ilk o‘rta asrlar bo‘yicha mutaxassis olim, shuningdek Late Roman Spain and Its Cities (Baltimor, 2004) kabi ko‘plab kitoblar muallifi sifatida shuni tasdiqlaymanki, mavjud barcha dalillar va ilmiy doiralarda qaror topgan umumiy xulosalarga ko‘ra, so‘nggi antik davr hamda ilk o‘rta asrlarda Iiberiya yarimoroli (hozirgi Ispaniya va Portugaliya, ya’ni Rimning Hispaniya viloyatlari) vestgot qirollari tomonidan boshqarilgan.

Milodiy 568-yildan keyingi davrda Italiyaning ayrim hududlari esa lombard qirollari va mustaqil lombard gersoglari hukmronligi ostida bo‘lgan. Ushbu masala bo‘yicha hujjatli asoslar uchun, jumladan, Roger Collinsning Early Medieval Spain (2-nashr, London, 1996) hamda Chris Wickhamning Early Medieval Italy (London, 1984) asarlariga murojaat qilishingiz mumkin.”

Da’vogarlar advokati U.Jumaniyozov bu xatlarning notarial tarjimasi va bir qancha xulosalarni sudga taqdim qiladi. Ammo yuqorida ta’kidlanganidek, sud tarixiy fakt va xatoliklarni ko‘rib chiqish vakolati sud orqali hal qilinmasligi vaji bilan apellyatsiya shikoyatini ko‘rmay qoldirdi.


Ispaniyadagi Salamanka universiteti professori Pablo Diasdan “Langobardlar va Pireney yarimoroli o‘rtasidagi munosabat faqatgina “xat almashinuv”dan iborat bo‘lgan, Langobardlar uchun Italiyada hukmronlik qilgan, xolos. Langobardlar hech qachon Ispaniya bilan boshqa aloqa qilmagan” degan mazmunda rasmiy javob xati kelgan.


Shuningdek, Bordo universiteti professori, o‘rta asrlar tarixi bo‘yicha fan doktori Selin Martenning rasmiy javob xatida quyidagi jumlani ko‘rish mumkin: “...Ilk o‘rta asrlar haqida noma’lum narsalar juda ko‘p, ammo aniq bo‘lgan faktlardan biri shuki, langobardlar Pireney (Iberiya) yarimoroliga hech qachon, mutlaqo qadam bosishmagan.


Ayni vaqtda bu mojaro tafsilotlari Ispaniyaga ham yetib borgan. Repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tarixchi-pedagog Jalol Boltayevning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, Ispaniya ommaviy axborot vositalari ham bu masalaga qiziqib, o‘zbekistonlik pedagog va jamoatchilik vakillaridan intervyu olish arafasida turibdi.


Agar ushbu masala O‘zbekiston chegarasidan chiqib, nafaqat Ispaniyada, balki xorijdagi taniqli tarixchi olimlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan keng muhokama qilinsa, bu holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining obro‘siga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Bu nafaqat O‘zbekistondagi attestatsiya testlarining validligi, balki tarixiy faktlarning to‘g‘ri talqin etilishi bilan bog‘liq masalani ham o‘rtaga qo‘ymoqda.


Shu sababli endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyatga ochiq va aniq munosabat bildirishi, zarur bo‘lsa, mustaqil ilmiy ekspertiza o‘tkazishi hamda jamoatchilikka asosli tushuntirish berishi maqsadga muvofiq.

Комментарии 22

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Аттестация
  • Судебное дело

Поделиться

line

Тематические новости

You asked

Предоставят ли баллы учителям, имеющим национальный сертификат, за 70% надбавку?

Дополнительная надбавка выплачивается только педагогам, принявшим участие в квалификационном испытании (на обоих этапах) и достигшим (или сохранившим) высшую и первую квалификационные категории.

15:35 / 07.10.2025
You asked

Haj safari sababli attestatsiyada qatnasha olmagan o‘qituvchilar uchun imkoniyat beriladimi?

Uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunlar Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan e’lon qilinadi.

14:30 / 30.10.2026
Новости

Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi

Mazkur holat yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholaş ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida Farg‘ona viloyatidagi 26-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi X.N.K. ruxsat etilmagan maxsus qurilma yordamida test savollarini suratga olgani aniqlandi.

17:10 / 29.10.2026
Новости

Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi

Taʼlim va ilm-fan vazirligining xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, bu yil sinovlarda qatnashish istagini bildirgan pedagoglardan 302 ming 422 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 16 ming 604 tasi, yaʼni 5,5 foizi navbatdagi majburiy attestatsiyaga, qolgan 285 mingdan ortigʻi esa navbatdan tashqari attestatsiyaga tegishli.

17:23 / 28.10.2026