Top.Mail.Ru
Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi

17:23 / 28.10.2026 95

26-oktabrdan respublika boʻylab pedagog kadrlarning malaka test sinovlari boshlandi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga asosan oʻtkazilayotgan sinovlar 28-noyabrga qadar davom etadi. Unda Taʼlim va ilm-fan vazirligi tizimidagi maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagoglari qatnashadi.


Pedagoglarning asosiy qismi navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashadi


Taʼlim va ilm-fan vazirligining xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, bu yil sinovlarda qatnashish istagini bildirgan pedagoglardan 302 ming 422 ta murojaat kelib tushgan. 


Ulardan 16 ming 604 tasi, yaʼni 5,5 foizi navbatdagi majburiy attestatsiyaga, qolgan 285 mingdan ortigʻi esa navbatdan tashqari attestatsiyaga tegishli. Murojaatlar oʻrganib chiqilgach, 240 ming nafardan ortiq pedagogning sinovda ishtirok etishi belgilangan.


Ularning pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlariga sinov sanasi va manzili haqida xabarnoma yuborilgan. Hududlar kesimida sinov jadvallari tuzilib, ishtirokchilar guruhlarga taqsimlandi.


Test sinovlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 13 ta maxsus jihozlangan markazda boʻlib oʻtmoqda. Ularda jami 2 526 ta kompyuter ishchi holatda, test jarayoni real vaqt rejimida o‘tkzailmoqda. Barcha auditoriyalar videokuzatuv vositalariga ulangan bo‘lib, cams.uzedu.uz orqali jarayonni onlayn kuzatish mumkin.


Ishtirokchining shaxsi yuzni tanish tizimi orqali aniqlanadi, natijalar esa blokcheyn texnologiyasi yordamida saqlanadi. Bu natijalarni keyinchalik oʻzgartirish imkonini yoʻqqa chiqaradi va jarayonga inson omili aralashuvining oldini oladi.


Vazirlikning ta’kidlashicha, asosiy sinovlardan oldin aprobatsiya jarayonlari ham oʻtkazilgan. Unda 1 992 nafar pedagog qatnashdi. Aprobatsiya davomida test topshiriqlari bilan birga tashkiliy va texnik jarayonlar ham sinab koʻrilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.


Test sinovi jaraonlari qanday oʻtadi?


Attestatsiya 46 ta fan yoʻnalishini qamrab oladi va ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilimi tekshiriladi. Bunda bilish, qoʻllash va mulohaza yuritish koʻnikmalari baholanadi. Ishtirokchiga mutaxassislik fanidan 35 ta, kasb standartidan 5 ta test savoli beriladi.


Ikkinchi bosqichda pedagogik mahorat baholanadi. Buning uchun 10 ta savol-topshiriq tayyorlangan.


Ayrim toifadagi pedagoglar alohida tartibda attestatsiyadan o‘tadi

Musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya oʻqituvchilarining birinchi bosqich sinovlari 30–31-oktabr kunlari Taʼlim va ilm-fan vazirligi tomonidan oʻtkaziladi. 


Ikkinchi bosqichni esa Madaniyat va Sport vazirliklari tomonidan belgilagan muddatlarda tashkil etadi. Bunda pedagoglarning yakuniy natijasi ham ikki bosqich yakunlariga qarab eʼlon qilinadi. Ular uchun mutaxassislik fanidan 35 ta, kasbiy standart bo‘yicha 5 ta, jami 40 ta test topshirig‘i beriladi va har bir to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholanadi.


Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi taʼlim muassasalari pedagoglari 25-noyabr kuni sinovdan oʻtadi. Koʻzi ojiz pedagoglar uchun maxsus test savollari ishlab chiqilgan, ular uchun alohida sinov kunlari belgilangan. 


Attestatsiya jarayoni yakunlangach, natijalar va elektron sertifikatlar pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Аттестация

Поделиться