Maoshidan norozi o‘qituvchilar Jahon chempionatiga qarshilik qilmoqchi — Meksika
Meksikadagi o‘qituvchilar uyushmasi vakillari maosh va pensiya islohotlari bo‘yicha talablar bajarilmasa, 2026-yil FIFA Jahon chempionati vaqtida ommaviy norozilik namoyishlarini davom ettirishlarini ma’lum qildi.
Reuters’ning xabar berishicha, o‘qituvchilar uyushmasi — CNTE namoyishlari hatto turnirning ochilish marosimi va muxlislar festivallariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishiga sakkiz kun qolgan bir paytda Mexiko shahrida o‘qituvchilar tomonidan ommaviy namoyishlar uyushtirilmoqda. Ular mehnat sharoitlarini yaxshilash, maoshlarni ikki baravar oshirish hamda ish stajiga qarab hisoblanadigan avvalgi nafaqa tizimini qayta tiklashni so‘ramoqda. O‘qituvchilar tomonidan musobaqaning ochilish kuni mamlakat bo‘ylab ommaviy ish tashlash aksiyasi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Namoyishchilar allaqachon dastlabki aksiyalarni boshlab yuborgan. O‘qituvchilar Kasaba uyushmasi bayonotlarida hukumatdan pensiya va ijtimoiy ta’minot tizimini tubdan o‘zgartirgan 2007-yilgi qonunni bekor qilish haqidagi saylovoldi va’dasini bajarish, shuningdek, ish haqlarini oshirish so‘ralgan.
“Amaldagi hukumat, ya’ni sobiq prezident Andres Manuel Lopes Obrador hukumati ham, Prezident Sheynbaum ham saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘qituvchilarga ushbu islohotni bekor qilishga va’da bergan edi. Ammo bu amalga oshmadi”, — dedi Oaxaka shtatidan bo‘lgan, 40 yillik pedagogik tajribaga ega maktab o‘qituvchisi Rodrigo Arias.
“Bizga e’tibor yetishmayapti. Muammolarni cho‘zish, bajarilmaydigan va’dalar berish siyosati davom etmoqda. Bizning ovozimiz eshitilmaguncha, hatto Jahon chempionati yaqinlashayotgan bo‘lsa ham, namoyishlarni davom ettiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Namoyishlarning asosiy qismi shaharning eng gavjum va ramziy ko‘chalaridan bo‘lgan Insurgentes hamda Paseo de la Reforma xiyobonlarida to‘plangan. Shaharning boshqa hududlarida ham o‘qituvchilar yo‘llarni to‘sib qo‘yib, transport harakatini izdan chiqarmoqda.
Meksika prezidenti o‘qituvchilar ish tashlashi Jahon chempionatiga ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga va’da berdi.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum dushanba kuni o‘qituvchilarining futbol bo‘yicha Jahon chempionati arafasida ommaviy ko‘cha namoyishlari o‘tkazish haqidagi tahdidlarini jiddiy muammo sifatida baholamadi va musobaqa 11-iyun kuni boshlanishidan oldin bu masalani hal qilishga va’da berdi.
“Biz bu masala bilan shug‘ullanamiz”, — dedi Sheynbaum matbuot anjumanida. “Biz fuqarolarning erkinliklarini hurmat qilishimiz kerak, shu bilan birga Jahon chempionatining muammosiz o‘tishini ham ta’minlashimiz lozim.”
O‘qituvchilar kasaba uyushmalari va hukumat o‘rtasidagi ziddiyatlar shu oy boshida keskinlashgan. Ziddiyatlarning boshlanishiga rasmiylarning Jahon chempionati sababli yozgi ta’tilni 15-iyuldan 5-iyunga ko‘chirish bo‘yicha taklifi sabab bo‘ldi. Ba’zi o‘qituvchilar hukumatni ushbu qaror ularning ish haqi va pensiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha talablarini e’tibordan chetda qoldirishga urinayotganlikda aybladi.
Meksikadagi o‘qituvchilar uyushmalari yillar davomida muntazam ravishda norozilik namoyishlari o‘tkazib keladi. Bunday tadbirlar ko‘pincha Mexiko shahri markazidagi ko‘chalarning yopilishiga sabab bo‘lgan.
Mamlakatdagi eng katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar uyushmalaridan biri bo‘lgan CNTE yakshanba kuni e’lon qilgan bayonotida, agar ularning so‘nggi talablari qondirilmasa, 1-iyundan boshlab ish tashlash va norozilik aksiyalarini boshlashini ma’lum qilgan.
“Agar muammo hal etilmasa, to‘p yumalamaydi”, — deyiladi CNTE bayonotida.
Ma’lumot uchun: Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining beshta uchrashuvi Mexiko shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qolgan o‘yinlar esa Gvadalaxara va Monterrey shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqaga AQSh va Kanada ham mezbonlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada xorijlik o‘qituvchilarga ko‘p oylik berilgani uchun mahalliy o‘qituvchilar ommaviy ravishda ish tashlagandi. Qozog‘istonlik o‘qituvchilar esa ommaviy ravishda attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lganidan so‘ng, attestatsiya o‘tkazish tartibini bekor qilishga erishgandi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
MMTV sobiq matbuot kotibi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi axborot xizmati rahbari lavozimiga tayinlandi
Vazir ustamasi bo‘yicha apellyatsiya yuborish imkoniyati cheklab qo‘yildimi?
Endilikda musiqa o‘qituvchilariga o‘quvchilar natijasiga qarab 20 foizgacha ustama to‘lanadi
Yangi o‘quv yili uchun “qizil” toifadagi maktablar ro‘yxati e’lon qilindi
Mavzuga doir yangiliklar
Xorij ta'limi
Avstraliyada 14-16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlamoqda
Hukumat Instagram va TikTok’dan foydalanishini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda
Xorij ta'limi
Italiya maktablarida smartfonlar taqiqlanmoqda
Italiyada 2007-yildayoq bu bo‘yicha taqiq qo‘yilgandi
Bilasizmi?
“Dunyoning eng yaxshi maktabi” mukofotiga sazovor bo‘lgan maktablar haqida bilasizmi?
Eng yaxshi maktab mukofotiga ega bo‘lgan har bir maktabga 50 000 dollardan beriladi.
Hindiston
Salkam ikki yuz yillik tarixga ega bo'lgan maktab haqida eshitganmisiz?
Ikki asr tarixiga ega maktab Hindistonning Kalkutta shahrida joylashgan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang