Top.Mail.Ru
Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatilgan Oʻzbekiston endi ikkita nufuzli olimpiadaga mezbonlik qiladi

Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatilgan Oʻzbekiston endi ikkita nufuzli olimpiadaga mezbonlik qiladi

11:27 / 06.07.2026 82

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Fan olimpiadalari markazi tomonidan 2-iyul kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida Oʻzbekistonda fan olimpiadalar tizimini takomillashtirish, xalqaro olimpiadalarga mezbonlik qilish, xususiy olimpiadalarni tartibga solish hamda iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga oid muhim maʼlumotlar berildi.


Unda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova hamda Fan olimpiadalari markazi direktori Toʻraboy Shermatov jurnalistlarning savollariga javob berdi.



Oʻzbekiston ikkita nufuzli xalqaro olimpiadaga mezbonlik qiladi


Matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, 2026-yilda Oʻzbekiston bir vaqtning oʻzida eng nufuzli fan olimpiadalaridan sanaluvchi Xalqaro kimyo olimpiadasi va Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi. Olimpiadada 96 dan ortiq davlatdan 400 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Xalqaro kimyo olimpiadasida har bir ishtirokchi mamlakat 4 nafardan o‘quvchi bilan qatnashadi.

Xalqaro kimyo Olimpiadasining ochilish marosimi Toshkent shahridagi Xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tadi. Yopilish va taqdirlash marosimi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro mehmonlar hamda ishtirokchi davlatlarning diplomatik vakillari ishtirok etadi.


Fan olimpiadalari markazi direktori Toʻraboy Shermatovning taʼkidlashicha, bu nafaqat O‘zbekistondagi iqtidorli oʻquvchilar, balki butun dunyo yoshlari uchun ham katta imkoniyat yaratadi.

“Eng nufuzli boʻlgan olimpiadalardan ikkita Xalqaro kimyo olimpiadasi va Xalqaro informatika olimpiadasining O‘zbekistonda tashkil etilishi aynan yurtimizdagi iqtidorli oʻquvchilar uchun juda katta imkoniyat. Shu bilan birga, bu butun dunyodagi iqtidorli oʻquvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.”

Uning aytishicha, Oʻzbekistonga bunday nufuzli musobaqalarni oʻtkazish huquqining ishonib topshirilishi mamlakat taʼlim tizimiga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuqori baho hisoblanadi. Buni Oʻzbekistonning xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlashtirib yuborilgandan keyingi yaxshi qadamlardan biri sifatida baholash mumkin. 


Matbuot anjumanida Oʻzbekistonning 2024-yilda Xalqaro biologiya olimpiadasidan akademik halollik tamoyillari buzilgani sababli chetlashtirilgani va 2026-yildan shtirok etish huquqini qayta qoʻlga kiritgani haqida savol berildi.


Toʻraboy Shermatovning aytishicha, Fan olimpiadalari markazi tashkil etilgach, birinchi navbatda Xalqaro biologiya olimpiadasi boshqaruv qoʻmitasi bilan uchrashuvlar oʻtkazilgan.

“Biz Oʻzbekistonda olimpiada sohasi boʻyicha yangi tizim tashkil etilganini, bu tizimda aniq vazifa, maqsad va reja borligini namoyon etdik. Shuningdek, Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan va rejalashtirilgan olimpiadalar boʻyicha taqdimot qildik”, - dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning Xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbon etib tanlangani ham Xalqaro biologiya olimpiadasi boshqaruv qoʻmitasiga ishonch bergan. Natijada boshqaruv qoʻmitasi Oʻzbekistonga avval bir yil kuzatuvchi maqomida ishtirok etish imkoniyatini bergan. Yaʼni, 2025-yilda Oʻzbekiston kuzatuvchi sifatida qatnashgan va Fan olimpiadalari markazi Xalqaro biologiya olimpiadasi boshqaruv qoʻmitasiga olimpiada reglamentlariga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan rasmiy kafolat bergan.


Shu asosda 2026-yildan boshlab Oʻzbekiston terma jamoasi yana Xalqaro biologiya olimpiadasida ishtirok etadi.


Matbuot anjumanida yana bir dolzarb masala — oddiy maktab oʻquvchilari Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari bilan asosiy fan olimpiadalarida bellashishga to‘g‘ri kelayotgani haqida savol berildi. 


Fan olimpiadalari markazi rahbarining fikricha, olimpiadaning maqsadi kimnidir gʻolib qilish emas. Asosiy vazifa eng iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash va ularning bilimini yanada rivojlantirish. Uning aytishicha, asosiy eʼtibor alohida olimpiadalar tashkil etishga emas, balki barcha oʻquvchilarning bilim darajasini oshirishga qaratilishi kerak.


Shu maqsadda Fan olimpiadalari markazi har bir olimpiadadan soʻng barcha savollar va ularning video yechimlarini eʼlon qilib bormoqda. Bu natijaga erisha olmagan oʻquvchilarga oʻz ustida ishlash imkonini beradi.


Xususiy olimpiadalar cheklanmoqdami?


Toʻraboy Shermatovdan xususiy olimpiadalarga cheklov joriy qilinmayotgani hamda fan olimpiadachilarining keyingi taqdiri nima boʻlishi haqidagi savollarimizga ham batafsil javob oldik. Shermatovning aytishicha, Fan olimpiadalari markazi xususiy olimpiadalar oʻtkazilishiga qarshi emas.

“Xususiy olimpiadalarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Faqat akademik sifat va shaffoflik taʼminlanishi kerak. ayrim hollarda olimpiadalar biznesga aylanib qolyapti, turli qimmatbaho sovgʻalar va lotereyalar orqali oʻquvchilar jalb qilinayotgani kuzatilmoqda. 

Shu sababli kelgusida xususiy olimpiada tashkilotchilari Fan olimpiadalari markazi bilan hamkorlikda ishlashi, akademik jamoasi, savollarni tayyorlash tizimi va baholash mexanizmini ochiq taqdim etishi talab etiladi”, - dedi To‘raboy Shermatov.

Shermatov sifatli va shaffof ishlayotgan, asosiy maqsadi daromad emas, taʼlimni rivojlantirish boʻlgan xususiy olimpiada tashkilotchilarini markaz qoʻllab-quvvatlashini ham alohida taʼkidladi.


Olimpiadachilarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Matbuot anjumanida olimpiada gʻoliblarining keyingi taqdiri bilan bog‘liq savol ham berldi. Shermatovning aytishicha, asosiy maqsad faqat medal olish emas, balki iqtidorli yoshlarni ilmiy va akademik faoliyatga yoʻnaltirishdan iborat.


Bugungi kunda xalqaro olimpiada gʻoliblarining katta qismi dunyoning yetakchi universitetlariga grant asosida oʻqishga kirayotgani taʼkidlandi. Xususan, yaqinda ikkita oʻzbekistonlik oʻquvchi matematikadan va informatikadan nufuzli xalqaro olimpiadalarning kumush medal sohibi sifatida Massachusetts Institute of Technology (MIT) oliygohiga grant asosida qabul qilingan.


Shuningdek, oʻtgan yilgi matematika terma jamoasi aʼzolari National University of Singapore (NUS) oliygohiga 100 foizlik grant asosida oʻqishga kirgan. Shermatovning aytishicha, endilikda terma jamoalarda psixologlar ham faoliyat yuritmoqda. Ular olimpiadaga tayyorgarlik jarayonida oʻquvchilarni ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.


Bundan tashqari, Fan olimpiadalari markazi bitiruvchi olimpiadachilar bilan doimiy aloqada boʻlib, ularning qaysi universitetga hujjat topshirayotgani va qanday muammolarga duch kelayotganini kuzatib boradi.

“Agar biz bitta olgan natijamizni kamida uch yil davomida takrorlay olsak, demak tizim yaratgan boʻlamiz. Bir yil yaxshi natija boʻlib, keyingi yili yoʻqolib qolsa, bu tizim emas, faqat oʻquvchining individual salohiyati boʻlib qoladi”, - dedi Shermatov.

Sarhisob


Matbuot anjumanida Oʻzbekistonda fan olimpiadalari tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro olimpiadalarda qoʻlga kiritilgan natijalar, iqtidorli oʻquvchilarni tayyorlash tizimidagi yangiliklar hamda xalqaro olimpiadalarga mezbonlik qilish borasidagi ishlar yuzasidan ham axborot taqdim etildi.


Unda aytilishicha, 1997–2015 yillar davomida matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda jami 49 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, 2016–2025 yillarda bu ko‘rsatkich 78 taga yetgan. Eng muhimi, oltin medallar soni 2 tadan 9 taga oshgan.


2019-yildan boshlab iqtidorli yoshlarni aniqlash va tayyorlashning yangi tizimi joriy etilishi natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda medal sohiblari safidan mustahkam o‘rin egallay boshlagan.


2023-yilda o‘quvchilar tarixiy natijaga erishib, asosiy xalqaro fan olimpiadalarida 13 ta medalni qo‘lga kiritdi. 2024-yilda esa natijalar yanada yaxshilanib, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda 120 dan ortiq medal qo‘lga kiritildi. Shundan 61 tasi nufuzli xalqaro fan olimpiadalariga to‘g‘ri keladi.


2024-yil 30-sentyabrda qabul qilingan Prezident qarori asosida tashkil etilgan Markaz qisqa vaqt ichida xalqaro olimpiadalarga tayyorlashning zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda mahalliy va xorijiy trenerlar ishtirokida kuchaytirilgan o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda, xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati esa 22 tadan 29 tagacha kengaytirildi.


Shuningdek, O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro fan olimpiadalarining faol mezboniga ham aylanmoqda. 2026-yilda 8 ta xalqaro va mintaqaviy olimpiada o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning uchtasi muvaffaqiyatli tashkil etildi.


Namangan viloyatida o‘tkazilgan II Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida 12 davlatdan 94 nafar o‘quvchi qatnashdi. O‘zbekiston terma jamoasi 11 ta medalni qo‘lga kiritdi.


Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan “Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasida O‘zbekiston umumjamoa hisobida mutlaq g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida 23 davlatdan 221 nafar ishtirokchi qatnashdi va o‘zbekistonlik o‘quvchilar 57 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xalqaro olimpiada

Ulashish