Top.Mail.Ru
Davlat oliygohlariga hujjat topshiruvchilar soni tobora kamayib boryapti

Davlat oliygohlariga hujjat topshiruvchilar soni tobora kamayib boryapti

14:35 / 15.07.2026 93

2026-yilda 677 907 nafar abituriyent davlat oliygohlarida o‘qish istagida onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 451 744 nafarini (66,6 %) joriy yil bitiruvchilar, 226 163 nafari (33,4 foiz)ni ta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tamomlagan abituriyentlar tashkil etdi.


Abituriyentlarning 365 196 nafari (53,9 foiz)ni ayollar (2025-yilda 361 019 nafar), 312 711 nafari (46,1 foiz)ni esa erkaklar (2025-yilda 310 378) tashkil etadi. Bunda test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar soni 664 609 nafarni tashkil qilmoqda. 


Bu raqamlarni o‘tgan, 2025-yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, test sinovida qatnashish uchun 732 ming nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tganligini ko‘rish mumkin. O‘tgan yilgi raqamlarning o‘zi 2020-yildagi raqamlardan deyarli ikki barobar kam.


2011-yildan 2020-yilga qadar davlat oliygohlarida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar soni yildan-yilga oshib borgan. Masalan, 2011-yilda O‘zbekistonda 418 ming abituriyent davlat oliyhgohlariga hujjat topshirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020-yilda 1,48 million nafarga yetgan.


2011-2026-yillardagi abituriyentlar soni


  • 2011-yil — 418 ming 598 nafar;


  • 2012-yil — 432 ming 017 nafar;


  • 2013-yil — 480 ming 407 nafar;


  • 2014-yil — 543 ming 155 nafar;


  • 2015-yil — 605 ming 836 nafar;


  • 2016-yil — 663 ming 304 nafar;


  • 2017-yil — 729 ming 950 nafar;


  • 2018-yil — 675 ming 049 nafar;


  • 2019-yil — 1 mln 66 ming 925 nafar;


  • 2020-yil — 1 mln 484 ming 85 nafar;


  • 2021-yil — 948 ming 211 nafar;


  • 2022-yil — 1 mln 214 ming 232 nafar;


  • 2023-yil — 1 mln 18 ming 7 nafar;


  • 2024-yil — 894 ming 279 nafar;


  • 2025-yil — 732 ming 411 nafar;


  • 2026-yil — 677 907 nafar.



2020-yildan boshlab esa bu ko‘rsatgich pasaya boshlagan. 2026-yilga kelib esa OTMga hujjat topshirganlar soni so‘nggi 7 yildagi eng past darajaga tushdi. Ya’ni davlat OTMlariga hujjat topshiruvchilar soni qariyb 54 foizga kamaygan. 


Shunday qilib, 2026-yilda 664 609 nafar abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etadi. Abituriyentlarning 36 500 (5,4 foiz) nafari (2025-yilda 39 307) alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga, 10 581 (2025-yilda 10 572) nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan.


Ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentlar tomonidan yuklangan xalqaro sertifikatlar tekshirilib, ularning 24 526 tasi (2025-yilda 18 854 ta) tasdiqlandi. Umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 (2025-yilda 85 140) nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 (2025-yilda 58 216) nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.


Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi (ushbu toifadagi abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” shakllantirilmagan). 2025-yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan edi.


Davlat oliygohlariga qiziqish kamayib boryaptimi?


Davlat OTMlariga hujjat topshiruvchilar sonining kamayishini oliy ta’limga qiziqish pasayganini bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Buni ko‘proq oliy ta’lim bozori kengayib borayotgani, ya’ni yoshlar davlat OTMlaridan tashqari xususiy universitetlar, xorijiy ta’lim, texnikumlar va boshqa muqobil yo‘llarni ham tanlayotgani bilan izohlash mumkin.


2019-yildan keyin O‘zbekistonda xususiy universitetlar soni juda tez suratlarda oshib bordi. Avvallari davlat oliygohlariga kira olmagan ko‘plab yoshlar keyingi yil yana harakat qilib ko‘rardi. Hozir esa ular xususiy universitetni tanlayapti. Natijada bu davlat oliygohlariga qayta hujjat topshiradigan bitiruvchilar soniga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin.


Hozirgi kunda O‘zbekistondagi oliy ta‘lim tashkilotlarida 1 605 028 nafar talaba tahsil olib, bunda xususiy oliygohlarda tahsil olayotganlar mamlakat umumiy talabalar kontingentining 38,3 foizini (615,1 ming nafar) tashkil qilmoqda.


Misol tariqasida buni alohida xususiy universitetlar misolida ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2025-yilgi qabul jarayonida Profi University kirish imtihonlarida 42 649 nafar abituriyent ishtirok etgan. 2026-yilgi qabul esa davom etmoqda.

Bunda esa universitetda o‘tkazilayotgan har bir kirish imtihonida 3 mingdan ortiq abituriyent qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tmoqda.

Davlat OTMlariga hujjat topshiruvchilar sonining kamayishiga yana bir qator omillar ham ta’sir qilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda xorijiy universitetlar filiallari soni ko‘paymoqda, yoshlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijda tahsil olishga bo‘lgan qiziqishi ham ortib bormoqda. Natijada abituriyentlarning bir qismi davlat oliygohlari o‘rniga ana shunday muqobil ta’lim yo‘llarini tanlamoqda.


Shuningdek, texnikum va kollejlarning jozibadorligi ham ortib bormoqda. Dual ta’lim tizimi, qisqartirilgan ta’lim dasturlari va kasb egallash imkoniyatlari tufayli ayrim yoshlar avval kasb o‘rganishni, keyin esa oliy ta’limni davom ettirishni tanlamoqda.


Undan tashqari, mehnat bozoridagi talablarning o‘zgarishi ham bu jarayonga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. Ish beruvchilar bugungi kunda nomzodlarni baholashda faqat oliy ma’lumot diplomi bilan emas, ularning amaliy ko‘nikmalari, ish tajribasi, xalqaro yoki milliy sertifikatlari hamda portfoliolariga ham katta ahamiyat bermoqda. 


Shu bois ayrim yoshlar uchun davlat oliygohida tahsil olishni yagona muvaffaqiyat yo‘li sifatida ko‘rmayotgan bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Oliy ta'lim

Ulashish