Top.Mail.Ru
Ko‘zi ojiz pedagoglar uchun muhim yangilik: endi har bir o‘qituvchiga alohida shaxsiy assistent biriktiriladi

Ko‘zi ojiz pedagoglar uchun muhim yangilik: endi har bir o‘qituvchiga alohida shaxsiy assistent biriktiriladi

10:20 / 07.08.2026 106

Davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan ko‘zi ojiz pedagoglar uchun muhim o‘zgarish joriy etildi. Endilikda har bir ko‘zi ojiz o‘qituvchi uchun alohida shaxsiy assistent (tarjimon-kotiba) shtat birligi ajratiladi.


Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-avgustdagi PQ-292-son qarorida belgilangan bo‘lib, u 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etiladi.


Ma’lumki, shu paytgacha amal qilib kelgan tartibga ko‘ra, maktabda har ikki nafar ko‘zi ojiz pedagog uchun bitta tarjimon-kotiba shtati ajratilishi, agar maktabda faqat bir nafar ko‘zi ojiz o‘qituvchi ishlasa, unga bitta tarjimon-kotiba lavozimi berilishi belgilangandi.


Biroq amaliyotda mazkur tartib ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgani kuzatilgan. Xususan, bir maktabda ikki nafar ko‘zi ojiz o‘qituvchining dars jadvali bir vaqtga to‘g‘ri kelgan hollarda bitta tarjimon-kotiba ularga bir vaqtda xizmat ko‘rsata olmas edi. Natijada pedagoglardan biri zarur yordamni o‘z vaqtida ololmay qolishi mumkin bo‘lardi.


Aynan shu muammoga e’tibor qaratib, xalqtaliminfo.uz'da har bir ko‘zi ojiz pedagog uchun alohida tarjimon-kotiba shtatini joriy etish zarurligi haqida maqola e’lon qilgandi.


Unda amaldagi tartib amaliy ehtiyojni to‘liq qoplay olmayotgani, har bir pedagogning o‘quv jarayonini uzluksiz tashkil etishi uchun shaxsiy assistent zarurligi asoslab berilgandi.


Ma’lum bo‘lishicha, ushbu taklif keyinchalik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan prezident qarori loyihasiga taklif sifatida kiritilgan.


Natijada endi yangi tartib asosida har bir ko‘zi ojiz pedagog uchun alohida shaxsiy assistent (tarjimon-kotiba) shtat birligi ajratiladi.


Bu esa inklyuziv ta’limni rivojlantirish, pedagoglarning mehnat faoliyati uchun yanada qulay sharoit yaratish hamda ta’lim jarayonining sifatini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ko'zi ojiz o'qituvchi

Ulashish