Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarni ham kimdir eshitadimi?

Kuni-kecha, Prezident Shavkat
Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan
videoselektor yig‘ilishida imkoniyati cheklangan shaxslarga yetarlicha e’tibor
qaratilmayotganligi keskin tanqid qilingandi.
Haqiqatdan ham bu yo‘nalishda
qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Bugun biz ta’lim muassasalarida
faoliyat yuritib kelayotgan ko‘zi ojiz o‘qituvchilar dardiga quloq solishni
lozim topdik.
Yaqinda bir guruh ko‘zi ojiz o‘qituvchilar
xalqtaliminfo.uz tahririyatiga murojaat qilib, ularning imkoniyati
cheklanganligi sababli Milliy
sertifikat uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok eta olmayotganliklari
haqida ma’lum qilishdi.
Ularning aytishicha, bu masalada yordam so‘rab
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat qilishgan. Bunga javoban vazirlik
mutasaddilari “Bizda bu borada hech qanday to‘siq yo‘q, buning uchun Bilim va
malakalarni baholash agentligiga murojaat qilish mumkin” deya ma’lum
qilgan.
Muammo nimada?
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
12-oktabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test
tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 646-son qaroriga ko‘ra pedagog xodimlar Milliy
sertifikat uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan.
Ammo mazkur test sinovlarida ko‘rish bo‘yicha
nogironligi mavjud o‘qituvchilarning boshqa o‘qituvchilar bilan bir qatorda
test sinovlarida ishtirok etish huquqlari cheklangan. Ya’ni, test
jarayonida ko‘zi ojiz o‘qituvchilarning savollarni mustaqil belgilash
imkoniyati yaratib berilmagan.
Vaholanki,
O‘zbekiston Respublikasining nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi O‘RQ-641-son
Qonunining 18-moddasida teng imkoniyatlarni ta’minlash va nogironlik
belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat organlari
nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar hamda xizmatlardan, ijtimoiy,
iqtisodiy va madaniy sohalardan, sog‘liqni saqlashdan, ta’limdan, ishga
joylashishdan, shuningdek axborotdan va aloqa vositalaridan teng ravishda
foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga
oshirishi belgilangan.
Tasavvur qilaylik, bir maktabda 3 nafar tarix fani o‘qituvchisi
bor. Ulardan bir nafari ko‘zi ojiz o‘qituvchi, qolgan ikki nafari milliy
sertifikatni qo‘lga kiritib, 20 foiz ustamaga ega bo‘lsa-yu, uchinchi o‘qituvchi
ko‘zi ojizligi uchun test jarayonda ishtirok eta olmasa bu qonunchiligimizga to‘g‘ri
keladimi? Bu holat ko‘zi ojiz pedagogni kamsitish hisoblanmaydimi?
Shu sababli, bir guruh ko‘zi ojiz o‘qituvchilar ularning huquqlarini ta’minlashda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligidan amaliy yordam berishlarini so‘ramoqda.
Ko‘zi ojiz
o‘qituvchilar mas’ul idora va tashkilotlardan ularga quyidagi imkoniyatlarni yaratib
berilishini taklif qilmoqda:
- imtihon jarayonidagi materiallarni o‘qib berish uchun ko‘zi
ojiz o‘qituvchilarga yordamchi kotibaning biriktirilishi yoki imtihon
jarayonida beriladigan materiallarning brayl yozuvida taqdim etilishi;
- ko‘zi ojiz o‘qituvchi pedagoglar ko‘rish
qobiliyatlarining cheklanganligini inobatga olgan holda test yechish uchun
belgilangan umumiy vaqtning uzaytirilishi.
Shu sababli, xalqtaliminfo.uz tahririyati ham mas’ul idora va tashkilotlardan Milliy
sertifikat jarayonida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tayotgan ko‘zi ojiz
pedagoglarga imtihon o‘tkaziladigan joyda yetarlicha shart-sharoitlar
yaratib berilishini so‘raydi.
Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarning navbatdagi murojaati Maktabgacha
va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni
qisqartirish va bandlik vazirligiga
Ma’lumki, Xalq ta’limi vazirligining Moliya vazirligi
hamda Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirliklari bilan 2019-yil 28-dekabrda imzolagan
406-sonli buyrug‘ida ko‘zi ojiz o‘qituvchilar ishlaydigan maktablarda
qo‘shimcha tarjimon-kotiba lavozimi kiritilishi mumkinligi qayd etilgan.
Bunda ko‘zi ojiz o‘qituvchilar dars beradigan
maktabda har 2 nafar ko‘zi ojiz o‘qituvchi uchun 1,0 birlik tarjimon-kotiba
lavozimi kiritilishi belgilangan. Maktabda 1 nafar ko‘zi ojiz o‘qituvchi
ishlagan hollarda 1,0 birlik tarjimon-kotiba lavozimi kiritiladi.
Faqat bu yerda bir muammo kelib chiqadi. Masalan, qaysidir
umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 nafar ko‘zi ojiz o‘qituvchi faoliyat
olib boradigan bo‘lsa, ularning darslari parallel kelib qolishi ehtimoli ham bor
yoki ularning dars soati umumiy hisobda 60 soatgacha bo‘lishi ham mumkin.
Tabiiyki, bu kabi holatda tarjimon-kotibaning vaqti yetmaydi. Ya’ni, bir vaqtning o‘zida ikki
nafar ko‘zi ojiz o‘qituvchiga yordam berishga jismonan ulgurmaydi.
Shu sabablarga tayanib, har bir ko‘zi ojiz pedagog
uchun alohida bir nafardan tarjimon-kotiba lavozimi
kiritilishi lozim. Bizningcha, bu masalani ham mas’ul vazirliklar o‘zaro
kelishgan holda ijobiy hal etishlari kerak.
Navbatdagi muammoli vaziyat aynan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bog‘liq
Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 16-avgustdagi 247-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) rahbar va xodimlarining malaka tavsiflari”ga ko‘ra ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan tarjimon kotiba (referent) oliy, bakalavr diplomiga ega bo‘lishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi) kerakligi qayd etilgan. Bundan tashqari, tarjimon kotiba lavozimi uchun chet tili mutaxassisligi talab etilgan.
Aslida ko‘zi ojiz o‘qituvchiga biriktiriladigan
tarjimon kotiba (referent) lavozimi uchun kamida o‘rta maxsus yoki oliy,
bakalavr diplomiga ega bo‘lishining o‘zi yetarli bo‘lib, mutaxassislik va
mehnat staji talab etilmasligi kerak edi.
Ammo “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat)
rahbar va xodimlarining malaka tavsiflari”da ko‘zi ojiz o‘qituvchiga
biriktiriladigan tarjimon kotiba lavozimi uchun yuqori talab qo‘yilganligi
sababli ta’lim muassasalariga tarjimon kotiba lavozimi uchun buyruq
rasmiylashtirishda muammolar ko‘paymoqda.
Bizningcha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
mazkur masalaga yechim sifatida “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat)
rahbar va xodimlarining malaka tavsiflari”ga o‘zgartirishlar kiritishi lozim.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Endilikda 11-sinf bitiruvchilari maktab bergan sertifikat bilan ishlashi mumkin bo‘ladi

A.Avloniy nomidagi malaka oshirish institutiga yangi prorektor tayinlandi

Endilikda maktab o‘quvchilari uchun “Zakovat” musobaqalari faqat bahor faslida o‘tkaziladi

Izohingizni tahrirlang