Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
2026–2027-o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy qobiliyati va iste’dodini rivojlantirish musiqa va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklar tashkil etiladi.
Bu tartib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 27-avgustdagi 315-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan. Nizomga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida to‘rtta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bular — “Dutor”, “Tasviriy san’at”, “Milliy raqs” va “Yosh doirachilar” to‘garaklari. Biroq maktabning imkoniyatlari, o‘quvchilarning qiziqishlari hamda hududning milliy-madaniy xususiyatlaridan kelib chiqib, ushbu yo‘nalishlarga qo‘shimcha musiqa va san’at to‘garaklarini ham tashkil etish mumkin.
To‘garaklar qanday tashkil etiladi?
To‘garaklarga 1–11-sinf o‘quvchilari ixtiyoriylik asosida qabul qilinadi. O‘quvchining to‘garakka qatnashishi uchun uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining roziligi talab etiladi. Qabul jarayonida o‘quvchining musiqiy qobiliyati, ovoz imkoniyati, ritmni his qilishi, raqsga qiziqishi va boshqa ijodiy qobiliyatlari inobatga olinishi mumkin.
O‘quvchilar yoshi va tayyorgarlik darajasiga qarab alohida guruhlarga ajratilishi mumkin. Shuningdek, bir o‘quvchi o‘z qiziqishidan kelib chiqib, bir yoki bir nechta to‘garakda qatnashish huquqiga ega hisoblanadi.
Muhimi, to‘garakka qabul qilishda o‘quvchilar o‘rtasida tanlov o‘tkazish, ularning ijodiy qobiliyatini sun’iy ravishda cheklash yoki to‘garakka qatnashish uchun to‘lov belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘garak ishtirokchilari ro‘yxati esa maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.
To‘garaklar maktabning yillik ish rejasiga kiritiladi va direktor tomonidan tasdiqlangan mashg‘ulotlar jadvali asosida faoliyat yuritadi. Mashg‘ulotlar darsdan keyingi vaqtda, o‘quvchilarning asosiy ta’lim jarayoniga xalal bermagan holda tashkil etiladi. Bir mashg‘ulot 45 daqiqani tashkil etadi va bepul o‘tkaziladi.
Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘lib, to‘garak rahbari ularni tegishli dastur asosida olib boradi. To‘garaklar uchun maktabdagi mavjud bo‘sh xonalar, faollar zali, musiqa xonasi yoki boshqa maqsadga muvofiq xonalardan foydalaniladi.
Ularni bosqichma-bosqich mikrofon va ovoz kuchaytirish qurilmalari, audio tizim, kompyuter yoki multimedia qurilmalari, milliy cholg‘u asboblari, doiralar, sahna liboslari, raqs mashg‘ulotlari uchun zarur jihozlar, nota va musiqiy adabiyotlar hamda audio-video o‘quv materiallari bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
To‘garaklarda nimalar o‘rgatiladi?
“Dutor” to‘garagida o‘quvchilarga o‘zbek milliy musiqa merosi, dutor cholg‘usini chalish ko‘nikmalari, xalq kuylari va maqomlar, nota savodxonligi o‘rgatiladi. Shuningdek, milliy qadriyatlarga hurmat, estetik tarbiya, jamoada ishlash va qo‘l-barmoq harakatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. To‘garak ishtirokchilari maktab tadbirlari, bayram konsertlari va turli madaniy dasturlarga tayyorlanadi.
“Tasviriy san’at” to‘garagida qalam tasvir, rangtasvir, natyurmort va manzara, proporsiya va hajm, kompozitsiya hamda ijodiy fikrlash o‘rgatiladi. O‘quvchilar hududning milliy-madaniy xususiyatlarini o‘rganish, mahalliy san’at ustalari bilan uchrashish va tasviriy san’at namunalarini o‘rganishga ham jalb etiladi.
“Milliy raqs” to‘garagida o‘zbek milliy raqsining asosiy harakatlari, qo‘l va oyoq harakatlari, sahnada harakatlanish, musiqa va harakat uyg‘unligi, sahna madaniyati, turli hududlarga xos milliy raqslar hamda jamoaviy raqs kompozitsiyalari o‘rgatiladi. Mashg‘ulotlar o‘quvchilarning yoshi va jismoniy imkoniyatlari hisobga olingan holda tashkil etiladi.
“Yosh doirachilar” to‘garagida esa doiraning tuzilishi va undan foydalanish qoidalari, uni to‘g‘ri ushlash, asosiy zarblar, oddiy ritmik mashqlar, milliy kuylarni ritmik jo‘rlash, yakkaxon va ansambl tarkibida ijro etish hamda sahnada ijro madaniyati o‘rgatiladi. Iqtidorli doirachilar turli darajadagi tanlov va festivallarga tayyorlanadi.
To‘garaklar faoliyati faqat mashg‘ulotlar bilan cheklanmaydi. Ularning ishtirokchilari “Birinchi qo‘ng‘iroq”, “Ustoz va murabbiylar kuni”, “Yangi yil”, “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni”, “Navro‘z”, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kabi maktab tadbirlaridagi konsert dasturlarida ishtirok etishi mumkin. Maktab miqyosida “Yosh iste’dodlar”, “Maktab san’atkorlari”, “Yosh doirachilar” kabi ijodiy ko‘rik-tanlovlar ham tashkil etilishi mumkin.
To‘garak rahbarlari kim bo‘ladi?
To‘garaklarga musiqa va san’at sohasida tegishli bilim, ko‘nikma va tajribaga ega pedagoglar, madaniyat va san’at sohasi mutaxassislari, zarur hollarda esa malakali ijodkorlar jalb qilinishi mumkin.
To‘garak rahbari mashg‘ulotlarni tasdiqlangan jadval asosida tashkil etadi, o‘quvchilarning davomatini yuritadi, mashg‘ulotlar sifati uchun mas’ul bo‘ladi, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlaydi, ularni tanlov va festivallarga tayyorlaydi hamda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot tayyorlaydi. Shuningdek, musiqa asboblari va boshqa jihozlarni asrab-avaylashni ta’minlaydi.
To‘garak rahbarlarga haq to‘lanadimi?
Nizomning moliyalashtirishga bag‘ishlangan 15-bobida to‘garaklarni tashkil etish va ularning faoliyatini moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. Bunda to‘garak rahbarlariga haq to‘lash amaldagi mehnat va budjet qonunchiligi talablari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ya’ni, to‘garak rahbariga aniq qancha miqdorda, nechta soat uchun yoki qaysi shartlar asosida haq to‘lanishi aniq ko‘rsatilmagan. Ma’lumki, o‘qituvchilarning lavozim majburiyatlarida o‘quvchilarning qobiliyat va iste’dodlarini rivojlantirishni nazarda tutgan holda, fanlarni o‘zlashtirishda qiynalayotgan va iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash maqsadida o‘z fani bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlarini o‘tishi lozimligi qayd etilgan.
“Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari boʻyicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga ko‘ra, fan to‘garaklari o‘qituvchining pedagogik yuklamasi tarkibiga kiritilgan bo‘lib, to‘garaklar tashkil etish o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayoni hisoblanadi.
Ya’ni, amaldagi me’yoriy hujjatlarda fan to‘garaklarini olib borganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lashning aniq miqdori, soatlari yoki shartlari belgilanmaganligi, shuningdek, mazkur faoliyat o‘qituvchining lavozim majburiyatlari hamda pedagogik yuklamasi tarkibiga kiritilganligi hisobga olinsa, mazkur fan to‘garaklarini olib borganlik uchun o‘qituvchiga alohida qo‘shimcha haq to‘lanmasligi ham mumkin.
Izohlar 8
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi
Bog‘chalardagi tarbiyachi yordamchisi lavozimi ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
To‘garak o‘tgan o‘qituvchiga ustama uchun ball beriladimi?
Direktor jamg‘armasidan ustama olish uchun hujjat topshirgandim. Ish faoliyatim davomida bo‘sh o‘zlashtiruvchi va iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlab to‘garak o‘tganman. Ammo “zavuch” bilan direktor unga hech qanday ball berilmaydi deyapti, shu to‘g‘rimi?
Yangiliklar
Endi maktablarda “Halollik to‘garagi” o'tiladi
“Halollik to‘garaklari” faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish, yoshlar ongida halollik, adolat va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishdan iborat.
Yangiliklar
Endi maktablarda “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari tashkil qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori bilan “Kelajak” markazlari faoliyati tartibga solindi.
So'ragan edingiz
Maktab sport zalida pullik to‘garak ochish mumkinmi?
Ta’lim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat ko‘rsatuvchi sport to‘garaklarini oshish mumkin.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang