Top.Mail.Ru
Endi maktablarda “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari tashkil qilinadi

Endi maktablarda “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari tashkil qilinadi

13:52 / 12.12.2025 613

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori bilan “Kelajak” markazlari faoliyati tartibga solindi. Mazkur qaror bilan “Kelajak” markazlarining namunaviy shtatlari, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash shartlari ham tasdiqlanib, Markazni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilindi.


Markazni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har yili davlat budjetidan 70 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.


Markaz 6–18 yoshdagi bolalarga qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. U o‘z ustaviga, bank hisobvarag‘iga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga hamda blankalarga ega bo‘ladi.


Markaz ko‘p tarmoqli bo‘lib, u faoliyat yuritadigan hududning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga ko‘ra, ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan maktabga tayyorlov, ilm-fan, xorijiy tillar, kitobxonlik, madaniyat va san’at, kasb-hunar, axborot texnologiyalari hamda sport yo‘nalishlarida to‘garaklar tashkil etadi.


Markazda to‘garaklar pullik shaklda tashkil etiladi va 6–18 yoshli bolalarning har tomonlama kamol topishlari hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.


Markazda yuqori malakali mutaxassislar hamda nodavlat o‘quv markazlarini jalb etgan holda chuqurlashtirilgan to‘garaklar ham tashkil etilishi mumkin.


Chuqurlashtirilgan to‘garaklar ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) xohishidan kelib chiqib Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga tayyorlov hamda boshqa yo‘nalishlarda yakka tartibda (individual) yoki guruhlarga bo‘lingan holda tashkil etiladi.


Chuqurlashtirilgan to‘garaklarda qatnashish uchun ota-onalar to‘lovi miqdori Markaz tomonidan mustaqil belgilanishi mumkin bo‘ladi.


Bunda ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:


  • ota-onalar to‘lovidan tushgan umumiy mablag‘larning 10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Kelajak” markazlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga;


  • tarmoq to‘garaklarida qatnashish uchun ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘larning 40 foizi — umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari jamg‘armasi (maktab fondi)ga o‘tkaziladi;


  • Markaz faoliyati uchun zarur bo‘lgan xomashyo va materiallar, moddiy boyliklar (mebel, asbob-uskuna va jihozlar, kompyuter texnikasi va boshqalar), ish va xizmatlar, transport vositalarini xarid qilish, bino va inshootlarni qurish yoki ta’mirlash;


  • madaniy-ommaviy tadbirlarni o‘tkazish va ularda qatnashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;


  • o‘quvchilari xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan tanlov va festivallarda (onlayn tarzda o‘tkaziladiganlari bundan mustasno) g‘oliblikni qo‘lga kiritgan to‘garak rahbarlarini bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash, bunda:


I o‘rin uchun — 20 baravarigacha;


II o‘rin uchun — 15 baravarigacha;


III o‘rin uchun — 12 baravarigacha.


  • vazirlik va idoralar tomonidan o‘tkaziladigan respublika tanlovlari, musobaqalari va festivallarda (onlayn tarzda o‘tkaziladiganlari bundan mustasno) o‘quvchilari g‘olib bo‘lgan to‘garak rahbarlarini quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash:


I o‘rin uchun — 10 baravarigacha;


II o‘rin uchun — 7 baravarigacha;


III o‘rin uchun — 5 baravarigacha.


  • Markaz xodimlariga har oylik ustamalar, mukofot pullari, moddiy yordam to‘lovlarini to‘lash, ularni xorijiy xizmat safarlariga yoki malaka oshirishga yuborish.


Ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar Markaz faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlarga ham yo‘naltirilishi mumkin bo‘lib, bunda Markaz direktori to‘lovdan tushgan mablag‘larni erkin yo‘naltirish huquqiga ega bo‘ladi.


Endilikda, “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari faoliyati har bir umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tarmoq to‘garaklari uchun ota-onalar badali to‘lovidan tushgan mablag‘larning 40 foizi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.


“Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovi oyiga BHMga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilandi:


2026-yil 1-yanvardan:


  • Toshkent shahrida – 30 foiz;


  • viloyatlar markazlarida – 25 foiz;


  • respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazmning Urganch shaharlarida – 15 foiz;


  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning qolgan tuman (shahar)larida – 10 foiz;


2026-yil 1-sentabrdan:


  • Toshkent shahrida – 60 foiz;


  • viloyatlar markazlarida – 50 foiz;


  • respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazm viloyatining Urganch shaharlarida – 30 foiz;


  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tuman (shahar)larida – 20 foiz.


Qaror bilan tasdiqlangan nizomga, joriy oy uchun to‘lov mazkur oyning 10-sanasidan kechikmasdan to‘lanadi. Bunda sentabr oyi uchun to‘lov 30-sanaga qadar amalga oshiriladi.


Ota-onalar to‘lovidan quyidagilar ozod etiladi:


  • “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari (ta’lim oluvchilar umumiy sonining 15 foizi miqdorida);


  • alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat o‘quvchilari;


  • yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining inklyuziv sinflarida ta’lim oladigan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • To'garak
  • Kelajak markazi

Ulashish