Top.Mail.Ru
B2 sertifikati yo‘q xorijiy til o‘qituvchilari hozircha maktabda ishlab turishi mumkin

B2 sertifikati yo‘q xorijiy til o‘qituvchilari hozircha maktabda ishlab turishi mumkin

11:04 / 30.09.2026 197

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarori bilan xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 daraja talabi belgilanganligi ancha vaqtdan buyon muhokama qilib kelinmoqda. Tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha bir necha bor urinishlar amalga oshirilib, muvaffaqiyatsiz yakunlangan.


Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 312-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ham ishlab chiqilgandi. Mazkur loyiha belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan ham o‘tkazilgan. Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 29-sentyabrdagi 07-28-1983-sonli ko‘rsatma xatida qayd etilishicha, ayni vaqtda talab darajasidagi tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘z mehnat faoliyatini davom ettirib turishlari mumkin.


Vazirlikning bildirishicha, ishlab chiqilgan hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng mazkur masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.


Ma’lumot uchun: Shu vaqtga qadar pedagoglar bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning imkoni bo‘lmagan. Chunki, mazkur tartib bo‘yicha qonunchilikda bir qancha bo‘shliqlar mavjud. 


Davlat mehnat inspeksiyasiga ko‘ra umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan, biroq B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi.


Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarori bilan xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 daraja talabi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu talab mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni ishdan chetlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy asos sifatida nazarda tutilmagan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu boradagi bo‘shliqlarni bartaraf qilish maqsadida 2026-yil 13-yanvar kuni “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-sonli buyruqni imzolagan.


Mazkur buyruq bilan xorijiy til yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy shart sifatida belgilandi. Ammo, bu tartib ham B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan pedagoglarni ishdan bo‘shatishga yetarli asos bo‘lolmadi.


Hozirda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarorining 9-bandiga yangi norma kiritilmoqda. Unga ko‘ra, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun talab etiladigan tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilish belgilanmoqda.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xorijiy til

Ulashish