Xorijiy til o‘qituvchilarining B2 sertifikati mojarosi yangi bosqichga kirmoqda
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarori bilan xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 daraja talabi belgilanganligi ancha vaqtdan buyon mihokama qilib kelinmoqda. Mazkur sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha bir necha bor urinishlar amalga oshirildi.
Bu orada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Bilimni baholash agentligi bilan hamkorlikda xorijiy til o‘qituvchilariga B2 sertifikati uchun avgust oyida qo‘shimcha imtihon o‘tkazdi. Lekin shunda ham ayrim pedagoglar B2 sertifikatini ololmadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 15-sentyabr kunidagi 340-son buyrug‘i bilan xorijiy til o‘qituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi talabini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida amalda faoliyat olib borayotgan va talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2025-yil yakuniga qadar (joriy o‘quv yilining 1-, 2-choraklari davomida) o‘z mehnat faoliyatlarini davom ettirishga ruxsat berilgandi.
Ammo, qanchalik harakat qilinmasin, pedagoglar bir necha bor ogohlantirilmasin, o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning imkoni bo‘lmadi. Chunki, mazkur tartib bo‘yicha qonunchilikda bir qancha bo‘shliqlar mavjud edi.
Davlat mehnat inspeksiyasiga ko‘ra umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan, biroq B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi.
Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarori bilan xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 daraja talabi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu talab mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni ishdan chetlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy asos sifatida nazarda tutilmagandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu boradagi bo‘shliqlarni bartaraf qilish maqsadida 2026-yil 13-yanvar kuni “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-sonli buyruqni imzoladi.
Mazkur buyruq bilan xorijiy til yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy shart sifatida belgilandi. Ammo, bu tartib ham B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan pedagoglarni ishdan bo‘shatishga yetarli asos bo‘lolmadi.
Shu bilan birga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu masalani mehnat huquqi sohasi bo‘yicha mutasaddi tashkilot hamda huquqshunoslar bilan bir necha bor muhokama qildi.
B2 sertifikati mavjud bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish taklif etilmoqda
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ‘‘Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida’’gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihaga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarorining 9-bandiga yangi norma kiritilishi taklif etilmoqda. Unga koʻra, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til oʻqituvchilari uchun talab etiladigan tegishli sertifikatga ega boʻlmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilish belgilanmoqda. Hujjat loyihasi 2026-yil 12-avgustga qadar muhokama qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, xorijiy til o‘qituvchilarining B2 sertifikati bilan bog‘liq masala bir necha yildan buyon davom etayotgan huquqiy bahslarning yangi bosqichiga kirib bormoqda. Avvalgi tartiblarda sertifikat talabi belgilangan bo‘lsa-da, unga rioya qilinmagan taqdirda mehnat shartnomasini bekor qilish uchun aniq huquqiy asos mavjud emasdi.
Endilikda esa Hukumat qarori loyihasi orqali aynan shu bo‘shliqni bartaraf etish va tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomasini qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilish taklif etilmoqda.
Agar loyiha amaldagi tartibda qabul qilinsa, B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan pedagoglar uchun vaziyat tubdan o‘zgarishi va bu talabni bajarmagan o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tugatilishi mumkin. Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasi bosqichida bo‘lib, uning yakuniy taqdiri muhokamalar natijasidan keyin ma’lum bo‘ladi.
Izohlar 21
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Oliygohlarda talabalar bilimini baholashning yangi tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Endi fan olimpiadalari g‘oliblariga "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasi beriladi
Surxondaryoda bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib berish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holat fosh etildi
1-sinfga qabul uchun fuqarodan 300 dollar olgan maktab xodimi qo‘lga tushdi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Xorijlik o‘qituvchilarga ko‘p oylik berilgani uchun mahalliy o‘qituvchilar ish tashlamoqchi
Istanbuldagi Italiya litseyida ishlovchi mahalliy va italiyalik o‘qituvchilar o‘rtasidagi maosh tafovutlari tufayli mahalliy o‘qituvchilar ish tashlashga chiqdi.
Yangiliklar
Vazirlik xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati talabini malaka talablariga kiritdi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-sonli buyrug‘i imzolandi.
Yangiliklar
“B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi” — Davlat mehnat inspeksiyasi
Qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ham tegishli taqdimnoma kiritilgan.
Yangiliklar
B2 sertifikati muammosi yana kun tartibida
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ayni mavzu muhokamasiga mehnat huquqi sohasi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarni vazirlikka taklif qilib, masalani muhokama qildi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang