Top.Mail.Ru
Xususiy maktabda ishlaydigan pedagoglarning oliygohda o‘qiydigan farzandiga ham 30 foizlik chegirma beriladimi?

Xususiy maktabda ishlaydigan pedagoglarning oliygohda o‘qiydigan farzandiga ham 30 foizlik chegirma beriladimi?

13:55 / 19.10.2026 331

Savol

Xususiy maktabda direktor lavozimida ishlayman, farzandim esa Nizomiy nomidagi pedagogika universitetida 2-kursda o‘qiydi.  


Men ham o‘qituvchilarning oliygohda o‘qiydigan farzandlari uchun berilayotgan 30 foizlik imtiyozdan foydalansam bo‘ladimi? Yoki bu xususiy maktab pedagoglariga tegishli emasmi? 


Javob

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 501-sonli qarori bilan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ota yoki onaning farzandi bo‘lgan, davlat oliy ta’lim tashkilotiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalar to‘lov-kontrakt summasi uchun 30 foiz miqdorida chegirma berish tartibi yo‘lga qo‘yildi.


Ushbu chegirmadan davlat oliy ta’lim tashkilotida (xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakultetlarida ta’lim olayotgan talabalardan tashqari) bazaviy to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shakliga talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalar foydalana oladi. 


Faqat buning uchun talabaning otasi yoki onasi taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatiga kiritilgan lavozimda faoliyat olib borayotgan bo‘lishi lozim.


Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarning tasdiqlangan ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 9-iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 3849-sonli qarori bilan tasdiqlangan. 


Ro‘yxatning 9-bob, 436-pozitsiyasida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari direktori va oʻrinbosarlari (xoʻjalik ishlari bundan mustasno) lavozimlari ham keltirilgan.


Shu sababli, mazkur imtiyozdan nodavlat ta’lim tashkiloti direktorlari ham foydalanishi mumkin. Ya’ni, mazkur imtiyozdan foydalanishda talabaning o‘zi davlat oliygohida tahsil olayotgan bo‘lishi lozim, uning ota yoki onasining davlat yoki nodavlat ta’lim tashkilotida ishlashi ahamiyatsiz.

Chegirmadan qanday foydalaniladi?


  • talaba kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali to‘lov-kontrakt shartnomasini olish bo‘yicha ariza yuboradi;

  • tizim orqali talabaning pedagog farzandi ekanligi elektron tarzda tekshiriladi va tasdiqlanadi;

  • tasdiqlanganidan so‘ng 30 foizlik chegirma qo‘llaniladi;

  • ariza 2 ish kun ichida ko‘rib chiqiladi va chegirma bir o‘quv yili davomida bir marotaba qo‘llaniladi.


Ma’lumot uchun: 30% kontrakt chegirmasiga ariza berishdan avval fuqarolar pedagog toifasiga kirish yoki kirmasligini o‘zlari mustaqil ravishda tekshirib ko‘rishlari ham mumkin. Buning uchun my.edu.uz portalining “Pedagoglik maqomini aniqlash” xizmatidan foydalanish mumkin.

Pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik chegirmani qanday rasmiylashtirish mumkin?

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Imtiyoz

Ulashish