Maqsad pedagoglarga imtiyoz bermaslikmi? Pedagoglar farzandiga 30 foizlik chegirma berish atrofidagi savollar
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 501-sonli qarori bilan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ota yoki onaning farzandi bo‘lgan, davlat oliy ta’lim tashkilotiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalar to‘lov-kontrakt summasi uchun 30 foiz miqdorida chegirma berish tartibi yo‘lga qo‘yilgandi.
Hukumat qarori 17-sentabrda imzolangan bo‘lsa-da, kontrakt.edu.uz axborot tizimida vazirlik va idoralar o‘rtasida ota-onaning pedagogik faoliyatini avtomatik aniqlash bo‘yicha maʼlumotlar bazalarini tizimga integratsiya ishlari olib borilayotganligi bois, deyarli bir oy davomida arizalar qabul qilinmay keldi. 2026-yil 14-oktabrdan esa arizalar qabuli boshlangandi.
Endilikda esa ko‘plab pedagoglar ushbu imtiyozdan foydalana olmayapti. Muammo Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxati bilan bog‘liq.
2026-yil 9-iyunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatini tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Aslida Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatining tasdiqlashi huquqiy chalkashliklarning oldini olishi kerak edi, biroq bu muammo tug‘dirmoqda.
Gap shundaki, pedagog xodimlarning davlat oliygohida tahsil oladigan farzandlari 30 foizlik kontrakt chgirmasi uchun kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali ariza yuborganda, ularning ota yoki onasi pedagog xodim emas degan vaj bilan rad javobi berilmoqda.
Rad javobi berilayotgan pedagoglar ro‘yxati talaygina. Biroq, vaziyatni ayrim o‘qituvchi va pedagoglar misolida tushuntirishga harakat qilamiz. Ma’lumki, kimyo fani o‘qituvchisi ham pedagog hisoblanadi. “Yagona milliy mehnat tizimi” (my.mehnat.uz) idoralararo dasturiga bu fan o‘qituvchisining lavozimi “Kimyo fani o‘qituvchisi” sifatida qayd etilgan. Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatida esa bu lavozim “Kimyo fanidan maktab o‘qituvchisi” sifatida qayd etilgan.
Bu kabi holatlar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, o‘zbek tili, biologiya va boshqa o‘qituvchilarda ham kuzatilgan.
Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi mas’ullari esa chegirma olishda ota-onaning lavozimi tasdiqlangan ro‘yxatdagi nom bilan aynan bir xil bo‘lishi kerakligini bildirgan.
Mas’ulning tushuntirishicha, tizim avtomatik tarzda ro‘yxatda mavjud bo‘lmagan yoki lavozim nomi mos kelmaydigan arizalarni rad etadi. Masalan, xodimning lavozimi mehnat tizimida “Geografiya maktab o‘qituvchisi” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, tasdiqlangan ro‘yxatda bu lavozim “Geografiya fanidan maktab o‘qituvchisi” shaklida qayd etilgan.
Shu sababli ota-onasi ishlaydigan tashkilot tomonidan my.mehnat.uz tizimiga lavozimning tasdiqlangan ro‘yxatdagi nomiga muvofiq kiritilishi talab etiladi.
Bu o‘rinda yana bir qator savollar yuzaga keladi. my.mehnat.uz tizimida qayd etilgan lavozimlarni kim o‘zgartirib beradi Tashkilotlarning kadrlar bo‘limlari lavozim nomlarini tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq o‘zgartirish imkoniyatiga egami?
Agar shunday imkoniyat mavjud bo‘lsa, buning uchun qanday tartibda murojaat qilish kerak? Eng muhimi, amalda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xodim o‘zining mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni boshqa tizimdagi ro‘yxatga moslashtirish uchun sarson bo‘lishi, bir idoradan boshqasiga murojaat qilishi kerakmi?
Lavozim nomlarini o‘zaro muvofiqlashtirish mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi orqali hal etilishi mumkin emasmi? Zero, hukumat qarorida nazarda tutilgan imtiyozdan foydalanish imkoniyati texnik yoki ma’muriy nomuvofiqliklar sabab cheklanmasligi kerak.
Agar muammo axborot tizimlaridagi lavozim nomlarining turlicha qayd etilgani bilan bog‘liq bo‘lsa, uni hal qilishning aniq mexanizmi ishlab chiqilishi lozim. Aks holda, pedagoglar uchun belgilangan imtiyoz qog‘ozda qolib ketadi.
Shu sababli, Ta’lim va ilm-fan vazirligi pedagogik lavozimlar ro‘yxati bilan “Yagona milliy mehnat tizimi”dagi lavozim nomlari o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etishi, rad etilgan arizalarni qayta ko‘rib chiqishi hamda imtiyozdan foydalanishda muammoga duch kelayotgan pedagoglar va ularning farzandlariga amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga oydinlik kiritishi zarur.
Shu o‘rinda vazirlikdan pedagoglar ushbu muammoni hal qilish uchun qayerga va qanday tartibda murojaat qilishi kerakligi, shuningdek, tizimlardagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilishi haqida ham aniq ma’lumot berishini so‘raymiz.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi
Buvayda tumanida 400 o‘quvchiga mo‘ljallangan fan olimpiadalari markazi qurildi
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Xususiy maktabda ishlaydigan pedagoglarning oliygohda o‘qiydigan farzandiga ham 30 foizlik chegirma beriladimi?
Ushbu chegirmadan davlat oliy ta’lim tashkilotida (xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakultetlarida ta’lim olayotgan talabalardan tashqari) bazaviy to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shakliga talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalar foydalana oladi.
So'ragan edingiz
Direktor o‘rinbosarlari pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik chegirmadan foydalana olmaydimi?
Mazkur imtiyozdan taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatiga kiritilgan lavozimlarda kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar foydalana oladi.
So'ragan edingiz
Pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik kontrakt chegirmasi: undan qanday foydalanish mumkin?
Texnik ishlar yakunlanib, 2026-yil 14-oktabrdan boshlab pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik kontrakt chegirmasi uchun arizalar qabuliga start berildi.
So'ragan edingiz
Bog‘chalardagi tarbiyachi yordamchilari farzandlariga ham 30 foizlik kontrakt chegirmasi beriladimi?
Mazkur imtiyoz Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-iyul bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 3849-raqami qo‘shma qarorda belgilangan Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatidagi xodimlarning farzandlariga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang