Top.Mail.Ru
Milliy gvardiya xodimi pedagogning ish faoliyatiga ham aralashishi to‘g‘rimi?

Milliy gvardiya xodimi pedagogning ish faoliyatiga ham aralashishi to‘g‘rimi?

10:30 / 26.03.2024 11.51k
SAVOL
Assalomu alaykum. Men CHQBT fani o‘qituvchisiman. Maktabga biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlari o‘qituvchilarni ish faoliyatiga, formasiga aralashish huquqiga egami? Men darsim yo‘q kunlari harbiy forma kiymayman, darsim bor kunlari esa kiyaman. Ular darsim yo‘q kuni kelib, mendan forma talab qilib, meni ustimdan mana bu taqdimnomani chiqaribdi. Shu qonuniymi?



JAVOB
2024-yil 26-fevralda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Milliy gvardiya o‘rtasida 4-k/k va 5-k/k sonli qo‘shma qaror imzolangan.

Mazkur qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan hamkorlik konsepsiyasida taʼlim muassasalariga biriktirilgan Milliy gvardiya xodimi, inspektor psixologlarning asosiy vazifalari belgilab berilgan.

Milliy gvardiya xodimi, inspektor psixologlarga taʼlim muassasasining ichki ishlariga aralashishi, maktab o‘qituvchilari va xodimlarining ishga kelib-ketishi yoki boshqa mehnat majburiyatlariga amal qilish jarayonlariga aralashishi uchun hech qanday vakolat berilmagan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Milliy gvardiya o‘rtasida imzolangan qo‘shma qarorga muvofiq inspektor psixologlarning lavozim vazifalari quyidagicha belgilangan:

— Milliy gvardiya xodimi sababsiz darsga kelmagan o‘quvchilar to‘g‘risidagi maʼlumotni “Mahalla yettiligi” va mahallada tashkil etilgan ishchi guruhlarga yetkazadi;

— “Mahalla yettiligi” va Milliy gvardiya xodimi sababsiz dars qoldirgan o‘quvchilarning yashash manziliga borib, ota-ona bilan profilaktik suhbat o‘tkazadi va bolani darsga qaytarish chorasini ko‘radi;

— zaruratga ko‘ra, farzandining taʼlim olishiga to‘sqinlik qilgan va majburiyatini bajarmagan ota-onaga maʼmuriy chora ko‘radi;

— har hafta “Mahalla yettiligi” va Milliy gvardiya xodimi o‘quvchilarni darsga qaytarish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yuzasidan muvofiqlashtiruvchi shtabga va maktab maʼmuriyatiga maʼlumot kiritib boradi;

— haftaning har payshanbasida “Profilaktika kuni” doirasida inspektor- psixolog hamda “Mahalla yettiligi” vakillari va ichki ishlar organlari xodimlarini jalb etgan holda dars jarayonida savdo-sotiq va xizmat ko‘rsatish sektorlarida mehnat qilayotgan o‘quvchilarni aniqlash yuzasidan “Davomat” tadbiri o‘tkazib boriladi;

— maktablarda o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishlarida inspektor- psixolog ishtirok etib, ota-onalarga farzandlarini taʼlim-tarbiyasi, xulqi, ichki tartib va odob-axloq koidalariga rioya etishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama etib boradi; 

— maktab psixologi hamda inspektor-psixolog birgalikda o‘quvchilar orasida qonunbuzilishiga va boshqa ko‘rinishdagi xulq og‘ishlariga qarshi immunitetni shakllantirishga qaratilgan manzilli psixologik ishlarni amalga oshiradi.

Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish taqiqlanadi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi maktab o‘qituvchilari va xodimlarining ishga kelib-ketishi yoki boshqa mehnat majburiyatlariga amal qilish jarayonlari vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tartibga solinadi.

 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Milliy gvardiya

Ulashish