9—14-iyun kunlari xalqaro biologiya olimpiadasi o‘tkaziladi

12:40 / 07.06.2024
4.36k
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida joriy yilning 9—14-iyun kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Buxoro shahrida ilk marotaba o‘tkazilayotgan Abu Ali Ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasini tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab vazirligi Axborot xizmati xalqtaliminfo.uz tahririyatiga ma’lum qildi.
Mazkur olimpiadada dunyoning 19 ta mamlakati — Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Mongoliya, Ozarbayjon, Hindiston, Quvayt, Belorus, Qatar, Gruziya, Tailand, Vetnam, Xitoy, Turkiya, Finlyandiya davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat, jami 120 nafar (30 ta jamoa) o‘quvchi-yoshlar ishtirok etadi. Olimpiada uchun tayyorlangan sinov topshiriqlarini shakllantirishda xalqaro olimpiada metodologiyasi talablariga alohida e’tibor berilgan.
Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tishi uchun hakamlar hay’ati tarkibiga Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Belorus, Qirg‘iziston davlatlaridan xalqaro olimpiadalar bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga, yuqori salohiyatga ega ekspert mutaxassislar jalb qilinmoqda.
Mazkur olimpiada qay tartibda tashkil etiladi?
15-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Abu Ali Ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasi 2 turda tashkil etiladi.
1-tur yozma ish (nazariy) shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 50 ta topshiriq beriladi— jami 100 ball bilan baholanadi. Mazkur tur topshiriqlarini bajarish uchun ishtirokchilarga 3 soat vaqt ajratiladi.
2-tur amaliy ish shaklida o‘tkazilib, 2 ta topshiriq beriladi va har biri 50 balldan maksimal 100 ball bilan baholanadi. 2-tur topshiriqlarini bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.
Ikki tur uchun maksimal 200 ball beriladi. G‘olib va sovrindorlar oltin, kumush, bronza medallari, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Olimpiada doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida bir qator mahorat darslari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, olimpiada ishtirokchilari va mehmonlar uchun Buxoroning tarixiy va madaniy obidalariga sayohatlar tashkil etiladi.
Mazkur olimpiada biologiya fani bo‘yicha joriy yilning iyul oyida Qozog‘istonda o‘tkaziladigan Xalqaro biologiya olimpiadasiga navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: o‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘tgan yil davomida:
- 55-Xalqaro kimyo olimpiadasi;
- 64-Xalqaro matematika olimpiadasi;
- 34-Xalqaro biologiya olimpiadasi;
- 53-Xalqaro fizika olimpiadasi;
- 35-Xalqaro informatika olimpiadasida ishtirok etdi.
Bunda jami 13 ta medal (2 ta oltin, 1 ta kumush va 10 ta bronza), mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda 52 ta medal (6 ta oltin, 23 ta kumush va 23 ta bronza) bilan taqdirlanishdi.
Mazkur xalqaro hamda asosiy olimpiadalarning viloyat va respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash uchun jami 8 mlrd. so‘m ajratildi.
Xususan, eng nufuzli xalqaro olimpiadalarning:
- oltin medal sohibiga — 170 mln. so‘m, o‘qituvchisiga — 153 mln. so‘m;
- kumush medal sohibiga — 102 mln. so‘m, o‘qituvchisiga — 85 mln. so‘m;
- bronza medal sohibiga — 68 mln. so‘m, o‘qituvchisiga — 51 mln. so‘m
Mintaqaviy xalqaro olimpiadalarning:
- oltin medal sohibiga — 4,08 mln. so‘m, o‘qituvchisiga — 17 mln. so‘m;
- kumush medal sohibiga — 2,72 mln. so‘m, o‘qituvchisiga — 11,9 mln. so‘m;
- bronza medal sohibiga — 2,04 mln. so‘m, o‘qituvchisiga — 10,2 mln. so‘m berildi.
Shuningdek, eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinadi, ustozlariga esa kelgusi o‘quv yili uchun 200 foizgacha ustama belgilanadi.
Mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga kirishda o‘z fanidan maksimal ballga ega bo‘ladi.
Joriy yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro Jautikov olimpiadasi, Kavkaz matematika olimpiadasi, Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi, Balkan matematika olimpiadasi, Xalqaro matematika olimpiadasi hamda Osiyo-Tinch okeani informatika olimpiadalarida ishtirok etishgan bo‘lsa, ayni vaqtda Malayziyada tashkil qilingan Osiyo fizika olimpiadasida ishtirok etishmoqda.
Shuningdek, iyun-sentyabr oylarida yana 5 ta nufuzli xalqaro olimpiada — Balkan matematika olimpiadasi (Turkiya), Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasi (Xitoy), Xalqaro matematika musobaqasi (Hindiston), Xalqaro geografiya olimpiadasi (Irlandiya)da ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

09:46 / 09.08.2025
Endi maktabdagi vakansiyalar haqida hisobot berish shart bo‘lmaydi

17:10 / 08.08.2025
Endi abituriyentlarga oliygohga kirish muammo bo‘lmaydi

09:00 / 06.08.2025
Yangi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ilk bor ko‘rinish berdi

09:46 / 05.08.2025
O‘qituvchilarni maktab “remontiga” jalb qilgan direktor ishdan bo‘shatilib, unga 41,2 mln so‘m jarima solindi
Mavzuga doir yangiliklar

O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro Kimyo Olimpiadasida tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi
Umumiy hisobda terma jamoa a’zolari tomonidan 2 ta oltin, 2 ta kumush, jami — 4 ta medal qo‘lga kiritildi.
11:27 / 16.07.2025

Fan olimpiadalaridan 2 oylik natija - 110 ta medal
Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
13:20 / 14.05.2025

O‘quvchilar uchun yangi olimpiada tashkil etilib, g‘oliblar grant asosida o‘qishga qabul qilinadi
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni imzolandi.
15:06 / 29.03.2025

Pedagoglarga ustama belgilashda inobatga olinadigan tadbirlar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritildi
Аl-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar (science) olimpiadasining tabiiy fanlar (fizika, kimyo, biologiya) yo‘nalishida o‘quvchilar natijaga erishgan taqdirda ham pedagog xodimlarga ustama uchun ball bermaslikka to‘g‘ri kelib qolgandi.
13:32 / 25.03.2025
Izohingizni tahrirlang