Endi o‘quvchilar maktabga istalgan kiyimda kelishi mumkinmi?

Savol
Yagona maktab formasini joriy etish talabi hozir mavjud bo‘lmagani uchun ayrim ota-onalar bolalarimiz o‘zlari istagan kiyimda maktabga borsa bo‘laveradimi, deb savol beryapti.
Yo‘q, hozircha qora shim, oq ko‘ylakda kelsin desak, ayrim ota-onalar hukumat qarori bekor bo‘lgan-ku, deb bizga e’tiroz bildirishyapti. Ota-onalarning talabi to‘g‘rimi?
Javob
Ota-onalarning bu talabi noto‘g‘ri. Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi bekor qilingan.
Lekin shunday bo‘lsa-da, o‘quvchilar ta’lim muassasasiga maktab ustavida yoki ichki tartib va odob-axloq qoidalarida belgilangan formada kelishlari shart.
Ya’ni, faqatgina yagona maktab formasi talabi bekor qilingan, oddiy ko‘rinishdagi maktab formasi emas. Hozir mazkur ikki tushunchaning farqlarini tushuntirishga harakat qilamiz.
Yagona maktab formasi – bu hukumat tomonidan belgilangan va barcha maktablar uchun bir xil dizayn va rangdagi yagona forma.
Oddiy maktab formasi – bu har bir maktabning o‘z ixtiyoriga ko‘ra tanlagan o‘ziga xos dizayn va rangdagi formasidir. Bunda har bir maktab o‘zi uchun mos bo‘lgan forma turini tanlashi yoki tanlamasligi ham mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ga ko‘ra, o‘quvchilarga ta’lim muassasasi Ustavida belgilangan formadan tashqari qiyofada, jumladan, o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, ochiq, tor va tanani shaffof ko‘rsatuvchi kiyimda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi taqiqlangan.
Shuningdek, o‘quvchilar toza va orasta kiyinishi, sochlarni ozoda va tartibga keltirilgan holda tutishlari lozim. Demak, hukumat tomonidan yagona maktab formasi joriy qilinmagan bo‘lsa, u holda bu maktab ustavi bilan tartibga solinadi.
Shu sababli, har bir ta’lim muassasasi o‘zining ustavida o‘quvchilar uchun belgilangan maktab formasi ko‘rinishini tasdiqlab qo‘ygan bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytganda, barcha o‘quvchilar ta’lim muassasalarining Ustavi hamda ichki tartib va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak.
Muhim eslatma: Taʼlim muassasalarida o‘quvchilarni majburiy ravishda forma kiyishiga jalb qilish maqsadida ota-ona hamda pedagog xodimlardan pul mablagʼlarini yig‘ish taqiqlanadi.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Xorijiy til o‘qituvchilariga B2 sertifikati uchun avgust oyida qo‘shimcha imtihon o‘tkaziladigan bo‘ldi

Toshkentda maktab avtobuslarini ishga tushirish taklif qilindi

Bugundan boshlab maktab va bog‘chalarda majburiy mehnat yuzasidan reydlar boshlanadi

“B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish haqida ko‘rsatma bermaganmiz” — vazirlik
Mavzuga doir yangiliklar

Vazirlik maktab formasiga oid xabarlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘radi
Maktab o‘quvchilarining formada kelish tartibi ichki nizomlarida belgilangan.

Yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘ladimi?
Bu haqda hukumat to'rt marotaba qaror qabul qilgan.
Izohingizni tahrirlang