Prezident yangilangan A.Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti bilan tanishdi

Xabaringiz bor, Toshkent shahar, Olmazor tumanida joylashgan Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti qayta rekonstruksiya qilindi. Institut mutlaqo yangidan, eng zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ta’mirlandi.
Majmua kapital ta’mirlanib, ikkita qo‘shimcha bino qurildi, barchasi zamonaviy jihozlandi. Tinglovchilar o‘rni ham, yo‘nalishlar ham ko‘paydi. Eng muhimi, malaka tizimi mazmunan boyidi.
Institut bundan 90 yil oldin, 1934-yilda ochilgan. Shunga bag‘ishlab, bu yerda muzey tashkil etilgan. Unda Abdulla Avloniy asos solgan maorif tizimi, o‘sha davrdagi darsliklar va sahna asarlari, umumiy ta’limning rivojlanish bosqichlari aks etgan. Sun’iy intellekt yordamida ma’rifatparvar jadidlar qiyofasi gavdalantirilgan. Shu yerda qariyb 88 ming kitob fondiga ega kutubxona ham bor. Bugun davlat rahbari ushbu muzey va kutubxonani ko‘zdan kechirdi.
Muassasada malaka oshirish va qayta tayyorlashning an’anaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘qitish joriy etilgan. Situatsion o‘quv xonasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari bilan videoaloqa orqali ulangan.
Uzluksiz kasbiy ta’lim, menejerlik o‘quv kurslari, pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifasini berish, maktabgacha va maktab ta’limini boshqarish kabi dasturiy platformalar joriy etilgan. Bu hududlardagi direktor va o‘qituvchilarni yangi pedagogik texnologiya va uslublarga tezkor o‘qitish imkonini beradi.
Bugungi kunda maktab direktori nafaqat tajribali pedagog, balki yaxshi boshqaruvchi, ma’lum ma’noda strateg ham bo‘lishi kerak. Institut o‘quv dasturida bunga katta e’tibor qaratilib, direktorlar maktabi tashkil etilgan.
Inklyuziv ta’lim va psixolog xonalarida shu yo‘nalishda ishlaydigan defektolog va tarbiyachilar malakasi oshiriladi. Media studiyada videodarslar tasvirga olinadi. Shuningdek, institutda konferensiya zali, kompyuter va seminar xonalari, oshxona va sharoitlar bor.
Zamonaviy ta’lim talabidan kelib chiqib, institutda o‘qish soatlari ko‘paytirildi. O‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish maqsadida yotoqxona zamonaviy ta’mirlanib, o‘rinlar soni oshirildi.
Prezident ushbu xonalarda bo‘lib, yangi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.
“Bu institut kutib o‘tiruvchi emas, targ‘ibotchi, yetakchi bo‘lishi kerak. Hududlardagi o‘qituvchi va direktorlarni ko‘proq taklif etib, barcha maktablarda sifatni oshirish zarur. Yangi zamon kishisi, kelajagimiz bunyodkorlari maktabda tarbiyalanadi. Ta’limsiz kelajak yo‘q”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yerda dars beradigan o‘qituvchi va murabbiylarni xorijda o‘qitish, dunyodagi ilg‘or tajribalarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida institutda 4 ming 300 nafarga yaqin ta’lim muassasalari rahbarlari malaka oshirdi. Shuningdek, 2 ming nafarga yaqin direktor va direktorlikka nomzodlar menejerlik kurslarida o‘qitildi. “Uzluksiz kasbiy ta’lim” platformasi orqali darslarda 113 ming nafardan ortiq pedagoglar qatnashdi.
Singapur xalqaro ta’lim tashkiloti tomonidan 100 nafar maktab direktori, 200 nafar matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchisi qayta tayyorlandi. Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi ham ish boshladi.
Umuman, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog hamda mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishning uzluksiz tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2025-yildan boshlab ular besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda malaka oshiradi.
Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Kasbiy rivojlanish soati” hamda “Kasbiy rivojlanish kuni” joriy etiladi. Prezident maktablarida to‘plangan ilg‘or tajribalar uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga keng tatbiq qilinadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Gulnora Karimova o‘zlashtirgan pullardan ta’limga ham yo‘naltirilmoqda

Ikki mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti

Maktab direktori lavozimi uchun 3 ming dollar

Yana ikki nafar maktab o‘quvchisi ijaraga mashina olib, avtohalokatga uchradi
Mavzuga doir yangiliklar

Ikki mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti
Aholi o‘sishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib borishi inobatga olinib, Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi aytildi.

Menejerlik kursida o‘qigan 379 nafar direktor sertifikat ololmadi
Matbuot anjumanida malaka oshirish tizimi, menejerlik o‘quv kurslari, shuningdek, PISA xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.

Oʻqituvchilar malakasini oshirish uchun grantlar ajratiladi
O‘zbekiston hamda Italiya o‘rtasida maktabgacha ta’lim, o‘qituvchi va o‘quvchilar almashinuvi hamda olimpiadalar bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi.

Maktabda ishlayotgan talabalar malaka oshirishga chiqishi kerakmi?
Men maktabda ishlayman va hozirda 2-kurs talabasiman. “Zavuch” malaka oshirishga borasiz deb aytyapti. Shu to‘g‘rimi? O‘qishni bitirgandan keyin bormaymanmi, malaka oshirishga?
Izohingizni tahrirlang