Maktabda fan o‘qituvchisi yetarli bo‘lganda darslarni bo‘lib o‘qitishga ruxsat berildi
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizomga 2022-yil 2-avgustda Vazirlar Mahkamasining 425-sonli qarori bilan o‘zgartirish kiritilgandi.
Ya’ni, nizomning 22-bandida bo‘lib o‘qitiladigan barcha fanlar bo‘yicha guruhlardan birining o‘qituvchisi turli sabablarga ko‘ra darsda bo‘lmagan holatlarda guruhlar qo‘shib o‘qitilishi hamda qo‘shib o‘qitganligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilmasligi belgilangandi.
Bu qoida kiritilganidan so‘ng bo‘lib o‘qitiladigan fan o‘qituvchilariga ancha qiyin bo‘lib qoldi.
Kiritilgan o‘zgarishlarda esa “vaqtincha darsda bo‘lmagan” o‘qituvchining aynan qancha muddat ish joyida bo‘lmasligi uning sherigiga qo‘shimcha haq to‘lanmaslikka asos bo‘lishiga izoh berilmadi. Oqibatda o‘qituvchining sherigi ayrim sabablarga ko‘ra oylab ishda bo‘lmasa ham ularga qo‘shimcha haq to‘lanmay kelindi.
Endilikda maktabda tegishli fanlar bo‘yicha o‘qituvchi mavjud bo‘lsa, bo‘lib o‘qitishga ruxsat etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentyabrdagi PQ-346-sonli qarorining 3-ilovasi bilan Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarorining 22-bandiga quyidagicha tahrirlandi:
Bo‘lib o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha guruhlardan birining o‘qituvchisi turli sabablarga ko‘ra darsda bo‘lmagan holatlarda guruhlar qo‘shib o‘qitiladi hamda qo‘shib o‘qitganligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.
Quyidagi band qo‘shildi: Bunda ushbu fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar mavjud bo‘lsa, bo‘lib o‘qitishga ruxsat etiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ulining xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, joylardagi tushunmovchiliklarni oldini olish hamda masalaga aniqlik kiritish maqsadida ushbu xatboshi qo‘shimcha ravishda kiritilgan.
Ya’ni, endilikda aynan bo‘lib o‘qitiladigan fan o‘qituvchilaridan birining sherigi darsda bo‘lmasa, biroq ushbu fan bo‘yicha maktabda yetarli o‘qituvchilar mavjud bo‘lsa, bunday holatlarda dars boshqa o‘qituvchilarga biriktirilib, bo‘lib o‘tilishi mumkin bo‘ladi.
Izohingizni tahrirlang