Top.Mail.Ru
Ta’limga oid yangi o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Ta’limga oid yangi o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

11:30 / 09.09.2025 1.44k

Kecha, 8-sentyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’lim islohoti bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova Prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’lim tizimini isloh qilish masalalari yuzasidan taqdimot qildi.




Taqdimotda “bog‘cha — maktab — oliygoh”  tizimini qamrab olishga mo‘ljallangan bir qancha yangi g‘oyalar ilgari surildi.


Ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlar tartibga solinadi


Ma’lumki, ma’naviy-tarbiyaviy ishlar ta’limning bir qismi. Ammo hozirda ta’lim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yo‘q.


Shu bois, bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.


O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi.


“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi


Davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’limning (5+1) shakli tashkil etiladi. 


2026-2028-yillarda Respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.


Maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rindan kam bo‘lmagan qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Buning uchun yangi ko‘p qavatli binolar qurilishida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish e’tiborga olinadi.


Bog‘cha tashkil qiladigan tadbirkorlarga imtiyozli kredit ajratiladi


Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlariga qator yengilliklar beriladi.


Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil qilishga ruxsat beriladi. 


Tadbirkorlarga 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratiladi hamda faoliyatini o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari tekinga beriladi.


Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati boshlanganidan keyin tarbiyachilarga oylik ish haqi to‘lash xarajatlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachilar uchun belgilangan miqdorda uch yil davomida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. 


14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etiladi


Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etiladi.


Ushbu maktablarda o‘quvchilar umumiy cheklangan soni 240 nafar etib belgilanadi va davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladi.


Toshkent shahrida M.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “TashTech” Texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti yangi tashkil etiladi.


Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar instituti, Andijon davlat texnika instituti, Qarshi Davlat texnika universiteti, Nukus Davlat texnika universiteti, Namangan davlat texnika universiteti, Buxoro davlat Texnika universiteti va Farg‘ona davlat texnika universitetlari transformatsiya qilinadi. 


Muhandislik maktabi bitiruvchilari oliy ta’limga 2-kursdan sinovlarsiz qabul qilinadi


Muhandislik maktablarida o‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi va dastlabki 3 yilda fizika, matematika va xorijiy til fanlariga, keyingi 2 yilda muhandislik fanlariga boshlang‘ich tayyorgarlikka e’tibor qaratiladi.


Belgilangan talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilariga muhandislik ta’lim dasturi bo‘yicha tegishli oliy ta’lim yo‘nalishida bir yillik qo‘shimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi.


1 milliard so‘mlik yutuqqa ega “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi


2026-yil 1-yanvardan boshlab umumta’lim maktablari o‘rtasida Prezident sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.


Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi. Shu bilan birga 1-o‘rinni egallagan umumta’lim maktabiga muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini o‘z ichiga olgan “Innovatsion texnopark” tashkil etish uchun 1 milliard so‘m ajratiladi. 


Shuningdek, tanlovning respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘qituvchi va o‘quvchilar 460 mln. so‘mgacha pul mukofotini qo‘lga kiritishlari mumkin.


Hududlarda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etiladi


Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida tabiiy fanlar yo‘nalishida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari tashkil etiladi.


Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha tayanch maktab etib belgilanadi. Tayanch maktab va filiallarga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi.


Mazkur maktablarga qabul 7-sinfdan boshlanadi hamda o‘quvchilar uchun turar joy hamda autsorsing asosida belgilangan tartibda bepul sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi.


“Kelajak” markazlari tashkil etiladi 


“Bog‘cha — maktab — oliygoh”  tizimi asosida yagona g‘oyaviy tarbiya konsepsiyasi amaliyotga tatbiq etiladi. Bunda bog‘cha tarbiyachilari, maktab o‘quvchilari hamda oliygoh talabalari uchun tizimli yagona g‘oyaviy tarbiya tizimi yaratiladi hamda uning uzviyligi ta’minlanadi.


Bu borada ishlab chiqilgan metodik materiallar “milliytarbiya.uz” elektron platformasiga raqamli kontent shaklida joylashtirib boriladi.


“Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi yoshlar markazi hamda “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. 


Unda Prezident va Ijod maktablariga tayyorlov, STEM, ilm-fan, xorijiy tillar va shaxmat to‘garaklari faoliyati amalga oshiriladi. Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari “Kelajak” markazlari huzurida zamonaviy “Bolalar sayyohlik bazalari” tashkil etiladi.


Maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi


“Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridagi vertikal tizimini joriy etish hamda o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.


Maktab maslahatchisining lavozim maoshi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.


Maktablarda o‘quvchilarning portfolio bazasi shakllantiriladigan erp.portfolio platformasi yaratiladi. U maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi hamda 2028–2029-o‘quv yilidan maktab shahodatnomalarida qayd etiladi.


Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi


2025-2026-o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi.


Bundan asosiy maqsad, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda bilimli va iqtidorli talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.


Mazkur stipendiya pedagogika yo‘nalishidagi har bir oliy ta’lim muassasasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bir nafar oxirgi ikki kurs talabasiga tayinlanadi.


Ma’lumot uchun: Abdulla Avloniy stipendiyasi 1 461 028 so‘mni tashkil etadi hamda oddiy stipendiyadan  839 572 so‘mga ko‘p. Ayni vaqtda ushbu stipendiyaga yurtimizdagi pedagogika yo‘nalishidagi mavjud 13 ta oliygohning 74 480 nafar oxirgi 2-kurs talabalari nomzod bo‘lishlari mumkin.


“Rektorlar maktabi” loyihasida faol qatnashganlar Garvardda o‘qiydi


Oliy ta’lim muassasalarida rahbarlik salohiyatini oshirish maqsadida “Rektorlar maktabi” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha orqali istiqbolli kadrlar saralab olinib, “Yangi O‘zbekiston” universitetida tayyorgarlik kurslaridan o‘tkaziladi.


Eng yaxshi 30 nafar nomzod Garvard universiteti va boshqa nufuzli xorijiy markazlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu orqali rektor va prorektorlar uchun zamonaviy menejerlar zaxirasi yaratiladi.


Shu bilan birga, pedagog kadrlarning malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Ayni vaqtda alohida beshta tuzilma orqali amalga oshirilayotgan ushbu jarayon yagona markazlashgan tizimga birlashtiriladi. Bu orqali takrorlanishlar bartaraf etilib, yiliga taxminan 420 milliard so‘m tejaladi.


Mazkur mablag‘lar zamonaviy metodikalar ishlab chiqish, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va pedagoglarning malakasini oshirishga yo‘naltiriladi.


Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartibi takomillashtiriladi


Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.


Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.


Shundan so‘ng, bildirilgan takliflar Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’qullanib, tegishli hujjatlar imzolandi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Политика образования
  • Хилола Умарова

Поделиться