Top.Mail.Ru
O‘quvchilarning bilim darajasining uning oilaviy sharoitiga bog‘liqmi?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

O‘quvchilarning bilim darajasining uning oilaviy sharoitiga bog‘liqmi?

17:10 / 16.03.2026 37

Inson qanday oilada tug‘ilganidan qat’i nazar, sifatli ta’lim olishi, o‘z hayotini yaxshilash imkoniga ega bo‘lishi lozim. Biroq amaliyot buning aksini ko‘rsatmoqda, ya’ni ta’lim va kambag‘allik o‘rtasida murakkab va o‘zaro bog‘liqlik mavjud. Kambag‘allik bolalarning ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, o‘z navbatida past ta’lim natijalari esa kelajakda yuqori daromad topish imkoniyatlarini ham cheklaydi. Shu sababli, ta’lim insonning ijtimoiy holatini o‘zgartirishga yordam beradigan eng muhim vositalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.


Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi tomonidan olib borilgan tadqiqotda ham aynan shu masalaning muhim jihatlaridan biriga e’tibor qaratiladi. Unda asosan kambag‘allikning bolalarning akademik ko‘rsatkichlariga qanday ta’sir qilishi tahlil qilingan. 


Tadqiqot doirasida oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilgan. Bunda aholining qayerda va qanday sharoitda yashashi, o‘quvchining jinsi kabi omillar ham hisobga olingan. Shuningdek, oilalarning daromad darajasiga qarab bolalar ta’limiga qilinayotgan xarajatlar, uy sharoitlari hamda ota-onalarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki ham solishtirilgan.


Tahlil uchun bir nechta yirik tadqiqot manbalaridan foydalanilgan. Xususan, xalqaro PISA 2022 tadqiqoti, 2024-yilgi Uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari kuzatuvi hamda UNICEF va Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) ma’lumotlari asos qilib olingan. 


Tadqiqot mualliflari mavjud ma’lumotlar asosida faqat tavsifiy tahlil o‘tkazish mumkinligini ta’kidlaydi. Ya’ni barcha holatlarda qat’iy sabab-oqibat bog‘liqligini aniqlash imkoni yo‘q, chunki irsiy omillar kabi bevosita kuzatib bo‘lmaydigan boshqa ta’sirlar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, mavjud ma’lumotlar ta’lim va ijtimoiy tengsizlik o‘rtasidagi muhim tendensiyalarni ko‘rsatib bergan.


PISA natijalari nimani ko‘rsatdi?


Tadqiqotda o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishini baholash uchun PISA tadqiqotida qo‘llaniladigan maxsus indeks — oilaning ijtimoiy-iqtisodiy statusi indeksi ishlatilgan. Bu indeks ota-onaning ta’lim darajasi, ota-onaning kasbiy maqomi hamda uy sharoitidagi ta’lim va madaniy resurslar kabi bir nechta omillar asosida shakllantiriladi. 


Masalan, uyda kitoblar mavjudligi, o‘quvchining o‘qish uchun alohida joyi borligi yoki internetdan foydalanish imkoniyati shular jumlasiga kiradi. Mazkur indeks orqali o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi ularning ta’lim natijalariga qanday ta’sir qilayotganini aniqroq baholash mumkin.


PISA natijalari o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarini turli darajalarda baholaydi. Bu darajalardan biri — 2-daraja — o‘quvchilarning jamiyatda faol ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan minimal bilim va ko‘nikmalarni ifodalaydi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yomonroq bo‘lgan oila farzandlarining ushbu darajaga erishish ko‘rsatkichlari eng yuqori daromadli oilalar farzandlariga nisbatan qariyb uch barobar past. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yaxshilangan sari o‘quvchilarning akademik natijalari ham sezilarli ravishda yuqorilab boradi.


Shuningdek, o‘quvchilarning yashash joyi ham muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, shahar hududlarida yashovchi o‘quvchilar qishloqlarda yashovchi tengdoshlariga nisbatan o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha 2-darajaga erishish ko‘rsatkichlarida yuqoriroq natijalarni qayd etadi. 


Ayniqsa, o‘qish savodxonligi bo‘yicha farq aniq ko‘rinadi. Matematika va tabiiy fanlarda esa farqlar asosan ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar yuqori bo‘lgan guruhlarda kuchliroq namoyon bo‘ladi. Jins bo‘yicha tahlil qilinganda, matematikada o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan yaxshiroq natija ko‘rsatgani kuzatiladi, o‘qish savodxonligida esa aksincha — qizlar ustunlik qiladi.


Uy sharoitlari va ta’lim imkoniyatlari o‘rtasidagi farq


Tadqiqot natijalari o‘quvchilarning uy sharoitlari ham ta’lim natijalariga ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi. Masalan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli eng past guruhdagi oilalarda o‘quvchilarning taxminan uchdan bir qismida kompyuter yoki planshet kabi ta’limda foydalanish mumkin bo‘lgan qurilmalar mavjud. Eng yuqori daromadli oilalarda esa bu ko‘rsatkich qariyb 90 foizga yetadi. Internetga ulanish, ta’limiy dasturlardan foydalanish va o‘qish uchun kompyuter mavjudligi bo‘yicha tafovutlar ayniqsa katta. O‘quvchining o‘z xonasiga ega bo‘lishi bo‘yicha farqlar boshqa ko‘rsatkichlarga qaraganda kamroq bo‘lsa-da, umumiy tendensiya baribir ijtimoiy-iqtisodiy holat bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.


Shahar va qishloq kesimida qaralganda, kompyuter mavjudligi bo‘yicha tafovutlar yanada kuchayadi. Ayniqsa daromad darajasi past bo‘lgan guruhlarda qishloq hududlarida yashovchi o‘quvchilarda kompyuter mavjudligi shahardagi tengdoshlariga nisbatan ancha past.


Uy sharoitlari va ta’lim imkoniyatlari o‘rtasidagi farq


Uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari bo‘yicha kuzatuv natijalari ham qiziqarli tendensiyani ko‘rsatadi. Daromad darajasi oshgani sari bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan ta’lim xarajatlari ham ortib boradi. Eng past daromadli oilalarda bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar eng yuqori daromadli oilalarga nisbatan qariyb ikki barobar kam. 


Shu bilan birga, past daromadli oilalarda ta’lim xarajatlarining umumiy iste’mol xarajatlaridagi ulushi nisbatan yuqori. Ya’ni kam ta’minlangan oilalarda maktab ta’limiga ajratilgan mablag‘ boshqa zarur xarajatlarni qisqartirayotgan bo‘lishi ham mumkin.


Ta’lim xarajatlari o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida sezilarli farq qilmaydi. Biroq hududiy jihatdan qaralganda, shaharlarda yashovchi o‘quvchilarga qilingan xarajatlar qishloqlarda yashovchi o‘quvchilarga nisbatan ancha yuqori ekani kuzatiladi.


Ota-onalarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki


Tadqiqotda yana bir muhim omil — ota-onalarning farzand ta’limidagi ishtiroki ham tahlil qilingan. MICS ma’lumotlariga ko‘ra, ota-onalarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki O‘zbekistonda nisbatan yuqori darajada. 


Maktab yig‘ilishlarida qatnashish yoki o‘qituvchilar bilan farzandning o‘zlashtirishini muhokama qilish kabi ko‘rsatkichlar deyarli barcha daromad guruhlarida 90–100 foiz atrofida. Bu esa maktab faoliyatida ota-onalar ishtiroki deyarli barcha ijtimoiy guruhlarda bir xil ekanini ko‘rsatadi. 


Uy vazifalariga yordam berish masalasida o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan biroz ko‘proq yordam olayotgani kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy tendensiya ota-onalar ishtiroki daromad darajasiga keskin bog‘liq emasligini ko‘rsatadi.


Ta’lim natijalaridagi farqning asosiy sababi nima?


Tadqiqotning eng muhim qismi o‘quvchilarning o‘zlashtirishidagi farqlarni tushuntirishga qaratilgan. Maxsus iqtisodiy tahlil usuli yordamida boy va kambag‘al oilalar farzandlari o‘rtasidagi matematikadan o‘zlashtirish darajasi solishtirilgan. Natijada ushbu ikki guruh o‘rtasida o‘rtacha 27,8 ball farq mavjudligi aniqlangan. Eng muhim jihati shundaki, bu farqning qariyb 50 foizi maktabdagi ta’lim sifati bilan bog‘lanadi.


Boshqacha aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kam ta’minlangan oilalar farzandlari ko‘pincha ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarda ta’lim olmoqda. Bu esa ularning o‘zlashtirish darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.


Tadqiqot yana bir qiziqarli natijani ham ko‘rsatadi. O‘quvchilar o‘rtasidagi ayrim farqlar faqat yashash joyi bilan izohlanmaydi. Ayrim omillar hisobga olinganda, qishloqdagi o‘quvchilarning nisbatan yaxshi natijalari umumiy farqni ham kamaytirib turayotgani kuzatilgan.


Tadqiqot xulosasi


Umuman olganda, tadqiqot natijalari O‘zbekistonda ta’lim natijalari va oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi. Yuqori daromadli oilalar farzandlari past daromadli oilalar farzandlariga nisbatan yaxshiroq akademik natijalarga erishmoqda. Bu farqlarning muhim qismi esa o‘quvchilarning turli ta’lim sharoitlarida o‘qiyotgani bilan bog‘liq.


Shu sababli o‘rtacha akademik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash masalasi nafaqat ta’lim tizimi islohoti, balki ijtimoiy himoya siyosati nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlangan. Mavjud qonunchilikda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun turli ta’lim imtiyozlari nazarda tutilgan. Masalan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun bir qator ta’lim imtiyozlari belgilangan.


Biroq bu imtiyozlar qanchalik samarali ishlayotganini kuzatib borish ham muhim. Shu maqsadda ta’lim imtiyozlaridan foydalanish darajasini hududlar va demografik guruhlar kesimida monitoring qilish imkonini beruvchi yagona platforma yaratish taklifi ilgari surilgan.


Chunki ta’lim tizimi faqat bilim berish vazifasini bajarib qolmaydi. U jamiyatda imkoniyatlar tengligini ta’minlashning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Agar kam ta’minlangan oilalar farzandlari sifat jihatdan pastroq ta’lim muhitida o‘qisa, bu nafaqat ta’lim tizimi, balki butun jamiyat uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.


***


Ta’lim tizimida resurslar qanday taqsimlanmoqda?


Ayrim tahlillar ta’lim tizimidagi moliyalashtirish farqlari ham bolalarning ta’lim olish imkoniyatlari tengligiga ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Masalan, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda davlat maktablarida bir nafar o‘quvchi uchun yiliga qariyb 8 mln so‘m mablag‘ ajratilishi prognoz qilingan. Taqqoslash uchun, xususiy maktablarda bir o‘quvchi uchun o‘rtacha oylik to‘lov 5 mln so‘m atrofida bo‘lib, yillik to‘lov qariyb 50 mln so‘mni tashkil etadi. [2024 y.] 


Shu bilan birga, O‘zbekistonda hozirgi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktablar ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu maktablar zamonaviy infratuzilma, qo‘shimcha dasturlar va yuqori moliyaviy ta’minot bilan boshqa oddiy maktablardan ajralib turadi. Davlat tomonidan bunday ta’lim muassasalariga sezilarli miqdorda mablag‘ ajratilishi ularning imkoniyatlarini oddiy davlat maktablariga nisbatan ancha kengaytiradi.


Natijada ta’lim tizimida resurslar notekis taqsimlanishi yuzaga keladi. Bir tomonda juda katta miqdorda mablag‘ ajratiladigan va imkoniyatlari keng maktablar bo‘lsa, boshqa tomonda resurslari nisbatan cheklangan oddiy maktablar mavjud. Bunday sharoitda iqtisodiy jihatdan nochor oilalar farzandlari ko‘pincha ta’lim sifati pastroq bo‘lgan maktablarda o‘qishga majbur bo‘lib qoladi. Bu esa bolalarning teng, sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashi mumkin.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Качество образования

Поделиться