Bog‘chadagi 5 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik: ish bo‘yicha nimalar ma’lum?
Namangan viloyatidagi davlat bog‘chalarining birida ishlovchi ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zo‘rlagani ma’lum bo‘ldi. Jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan Namangan viloyati tuman IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentyabr kuni ish ochilgan. Bu haqda 2026-yil 22-sentyabr kuni Daryo.uz nashri xabar berdi.
Shu kunning o‘zida gumonlanuvchi K.M. protsessual tartibda darhol ushlangan bo‘lib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish (118-modda 4-qism) jinoyatini sodir etish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bunday jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo o‘tash bilan bog‘liq hech bir yengillik qo‘llanilmaydi.
Gumonlanuvchi kim bo‘lgan?
Xabarlarda u bog‘chada ombor mudiri/xo‘jalik ishlari bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagani aytilgan. Ayrim manbalarda 52 yoshli ekani ham keltirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bolani zo‘rlagani aytilayotgan xo‘jalik ishlari bo‘limi mudiri jabrlanuvchining qo‘shnisi bo‘ladi.
Shuningdek, “Millar” ko‘rsatuviga intervyu bergan fuqaroning aytishicha, gumonlanuvchi shaxs avval ham xo‘jalik mudiri bo‘lgan, ko‘mir o‘g‘irlab, qamalmay qolgan.
Holatni shaxsan Bosh prokuror nazoratga oldi
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, 2026-yil sentyabr oyida Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani IIB TB tomonidan tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan shaxs zo‘rlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 118 (Nomusga tegish) va 112-modda (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) lar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi Namangan viloyati prokuraturasining ish yurituviga o‘tkazilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mas’ullar nima deydi?
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergan ko‘ngilsiz holat yuzasidan 26-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha vazirlik tomonidan Ishchi guruh tuzilgan.
Voqeaga aloqador hamda o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan tizimdagi barcha xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli tashkilotlar vakolati doirasida zarur choralar ko‘rilib, aybdorlar jazolanishi ta’minlanadi.
Ayni vaqtda ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor, deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, bu kabi salbiy holatlar boshqa bog‘chalarda ham takrorlanmasligi uchun vazirlikning maxsus Ishchi guruh a’zolari tomonidan hozirda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda va barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Uchqo‘rg‘on tumani maktabgacha maktab taʼlimi bo‘limi mutaxassisi Husan Burhonov holat bo‘yicha ko‘chada qanday xabar bo‘lsa, shundan xabari borligini aytgan.
Husan Burhonov “Millar” ko‘rsatuvi jurnalisitning butun O‘zbekiston xabardor bo‘lgan holatdan nazorat qiluvchi organ xabardor bo‘lmagani haqidagi savoliga “bizga hech qanaqa maʼlumot ochiqlanmadi”, deya javob bergan.
Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshlig‘i Shavkat Jo‘rayev holat yuzasidan aloqador tashkilotlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turilganini aytgan. Taʼkidlanishicha, holat bo‘yicha Ijtimoiy himoya agentligiga xabar berilgan.
Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi shifokorining so‘zlariga ko‘ra, 5 yoshli qiz bilan sodir bo‘lgan holatdan bir hafta o‘tib murojaat qilingan, shu vaqtda jarohatlar bitib bo‘lgan. Qizning boshqa tana aʼzolarida ko‘karish yoki jarohat izlari bo‘lmagan.
Uchqo‘rg‘on tuman sud-tibbiyot ekspertiza bo‘limi eksperti holat bo‘yicha dastlabki maʼlumotnoma asosida tegishli tartibda tergov o‘tkazuvchi, surishtiruvchi organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda ish olib borilganini aytdi.
Bolalar ombudsmani Namanganda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 5 yoshli bola haqida turli tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Ombudsmanning ta’kidlashicha, mazkur jinoyat ishi voyaga yetmagan shaxsga hamda uning sha’ni va qadr-qimmatiga oid ekanligi bois, bu holat haqida har qanday tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatish bolaning manfaatiga zid bo‘lib, uning huquqlariga putur yetkazadi.
5 yoshli bola bog‘chada qanday qilib nazoratsiz qolgan?
Hozircha bolaning maktabgacha ta’lim tashkilotida qanday qilib nazoratsiz qoldirilgani haqida turli xil versiyalar aytilmoqda. Rasmiy idoralar holat bo‘yicha to‘liq tafsilotlarni hozircha ochiqlamadi.
Besh yoshli qizning onasi bergan intervyusida bog‘cha direktori dastlab bu holatni tan olmaganini, bu vaqtda direktor ta’tilda bo‘lganini aytgan. Kuzatuv kameralari ham ishlamagan. Ona bu holatga bog‘cha tarbiyachisi ham guvoh bo‘lgan, hatto o‘sha kuni qizaloqning ichki kiyimlarimni ham yuvib qo‘ygan. Onaning aytishicha, mas’ullar holatdan silliq chiqib ketish uchun barcha choralarni ko‘rgan.
“Men rosa g‘alati bo‘ldim. Erkak kishi besh yoshli qizga kulsa g‘alati-ku endi. Keyin qo‘lini ko‘tardi qizim. Uyga kirdim, g‘alati bo‘lishni boshladim. Ona ekanman, sezdim ichimda. Bolamdan gap olishni boshladim. Bolacha bo‘lib gapirdim. Qizim, u kishi seni yaxshi ko‘radimi, desam, ‘ha, muzqaymoq olib berganlar’, dedi.
Shundan keyin muzladim. O‘rtoqlaringga ham olib berdimi, desam, ‘menga’, dedi. Nimalar qiladi yana, desam, quchoqlaydilar, o‘padilar, deydi. U kishi seni yaxshi ko‘rarkanlar-da, desam, ‘ha, yaxshi ko‘radilar. Menga hech kimga aytmasang, narsalar, sovg‘alar olib beraman, dedilar’, deydi.
Bola-da, o‘ynayapti, men gapimni gapirsam ham, qo‘g‘irchoqlarini, o‘yinchoqlarini o‘ynab o‘tiribdi. Keyin yana savol berdim. Bolajonim, yana nima qiladi, desam, ‘kiyimlarimni yechadilar’, deydi”, deya qizi bilan suhbatni aytib bergan ona.”
Qizning onasi shu holat bo‘lishiga sharoit yaratib bergan insonlar qayerda ekani, nima uchun kuzatuv kameralari ishlamaganini gapirgan.
“Bular ham endi bizning bog‘chada bo‘lmagan deb tan olmayapti. ‘Hozir men bilmadim, taʼtildaman’, deydi. Bo‘pti, o‘rnidagi odam kim bo‘lgan o‘sha paytda? Hozir so‘ray desam, men og‘zimga urishadi, gapirtirishmaydi. Nima sababdan gapirtirishmaydi?
Men qiyin ahvoldaman. Bir kun ichki kiyimsiz chiqdi bolam. Men endi bolalikka yo‘ydim-da. Payshanba kuni bo‘lgan bo‘lsa ichki kiyimsiz, juma kuni menga qo‘shib beryapti u narsani yuvib, tozalab. Ishini toza qilib bo‘ldi bular. Kameralar ishlamagan”, degan ona.
Gumonlanuvchi shaxs arizani qaytarib olish uchun pul taklif qilgan
“Men bu narsani aytib, men qizimni savdolashadigan ona emasman. Menga puling kerak emas, chiq deb chiqarib yubordim. Ular indamaydi, qo‘li kalta deb o‘ylagan. Bular to‘g‘ri, mening qo‘lim kaltadir, lekin vijdonim bor.
Men savdolashadigan ona emasman. Nima sababdan ular menga pul taklif qiladi? Nima sababdan? Men nima ekanman, nima uchun yashayapman? Bolalarim uchun yashayapman-ku”, degan ona.
Nega bog‘chalarda xavfsizlik ta’minlanmagan?
Namangandagi 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan sodir etilgani aytilayotgan jinsiy zo‘ravonlik holati birgina jinoyat ishi doirasidagi masala emas. Bu voqea ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligi qanday ta’minlangani, xodimlar ustidan nazorat qay darajada ishlayotgani va eng muhimi, bolani himoya qilishi kerak bo‘lgan tizim nega bunday vaziyatning oldini ololmagani jiddiy savollarni tug‘diradi.
Bog‘chaga ota-ona o‘zining eng himoyasiz farzandini topshiradi. Maktabgacha ta’lim tashkilotidagi xavfsizlik masalasi esa oddiy videokamera yoki navbatchilik masalasi bilan cheklanmasligi kerak. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda turli hududlarda bog‘chalardagi xavfsizlik bilan bog‘liq boshqa holatlar ham kuzatilgan.
Masalan, 2025-yil 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ovqatdan ommaviy zaharlandi, 2026-yil yanvar oyida Chirchiqdagi ixtisoslashtirilgan bog‘chada imkoniyati cheklangan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Oradan ko‘p o‘tmay Farg‘onadagi davlat bog‘chasida 6 yoshli bola elektr toki urishi oqibatida jiddiy kuygan.
Iyul oyida esa Toshkentdagi xususiy bog‘chada tarbiyalanuvchilarga nisbatan shafqatsiz muomala qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu holatlarning sabablari bir-biridan farq qiladi, biroq ularning barchasida umumiy jihat bor: bola bog‘chada bo‘lgan vaqtida uning xavfsizligi qanday ta’minlashi kerak?
Bola xavfsizligi — xodimni ishga qabul qilishdan boshlanadi. Keyin uning faoliyati ustidan nazorat, videokuzatuv, hudud xavfsizligi, sanitariya va yong‘in xavfsizligi, elektr jihozlari, ovqatlanish, bolalarning murojaatlarini eshitish, ota-onalar bilan aloqa va xodimlarning bolalar bilan muloqot madaniyatigacha bo‘lgan juda ko‘p jihatlarni qamrab oladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mamlakatdagi eng yirik ish beruvchilardan biri hisoblanadi. Shu sababli davlat tomonidan ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni ish bilan ta’minlash uchun zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rinlari orasida ta’lim tashkilotlaridagi lavozimlar ham bo‘lishi tabiiy.
Amaldagi Mehnat kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi malaka talablari hisobga olingan holda zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari tomonidan yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslarni ishga qabul qilishi shart.
Bundan tashqari, amaldagi tartibda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar ham ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan toifalar tarkibiga kiradi.
Biroq bolalar bilan bevosita yoki bilvosita aloqada bo‘ladigan bu toifadagi shaxslarning ta’lim tashkilotlariga hech qanday shartlarsiz ishga qabul qilinishi bolalar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin emasmi? Albatta, mazkur toifadagi barcha shaxslar xavf tug‘diradi yoki ular ta’lim tashkilotlarida ishlamasligi kerak, demoqchi emasmiz, lekin bu toifadagi shaxslar aynan qaysi lavozimga qo‘yilishi, bu lavozimning bolalar bilan aloqadorlik masalasini ham mas’ul tashkilotlar nazoratga olishi lozim.
Namangandagi holat bo‘yicha jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Aybdor shaxsga huquqiy bahoni sud beradi. Ammo bu voqea faqat bitta jinoyat ishi bilan yakunlanmasligi kerak.
Bog‘chalarda bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qonuniy talablar va tegishli tartiblar mavjud. Endi eng muhim masala — ushbu talablarning amalda qay darajada ishlayotganini aniqlash.
Ota-ona farzandini bog‘chaga ishonib topshiradi. Bu ishonchni oqlash uchun esa nafaqat hodisadan keyin aybdorni topib jazolash, balki xavfni hodisa sodir bo‘lishidan oldin aniqlaydigan va uning oldini oladigan tizim ishlashi kerak.
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
O‘zbekistonda tennisni maktabdan boshlab ommalashtirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi
Samarqandda ham MMTB mas’ullari 1,1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qildi
O‘zbekiston TIMSS 2027 va PISA 2029 tadqiqotida ham ishtirok etadi
O‘quvchiga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar 2,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi va ishdan bo‘shatilishi ham mumkin
Тематические новости
Новости
O‘quvchiga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar 2,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi va ishdan bo‘shatilishi ham mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 11-sentyabr kuni imzolagan O‘RQ-1174-sonli qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi.
Новости
Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi
Qarovsiz qolgan hamda zo‘ravonlikka uchragan bolalarga zarur psixologik, ijtimoiy va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatish maqsadida mahallalarda “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etilishi belgilandi.
Новости
Bolalarga zo‘ravonlik uchun 6 pedagog jarimaga tortilib, 15 nafari intizomiy jazo oldi
2026-yil 24-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Bolalar ombudsmanning 2025-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Новости
Endi pedagoglar bolalarga zo‘ravonlik qilsa, maktab direktori ularni ishdan bo‘shatishi mumkin bo‘ladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish to‘g‘risidagi buyruqni imzolandi.
Русский
Редактировать комментарий