Top.Mail.Ru
Prezident bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish haqidagi qonunni imzoladi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Prezident bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish haqidagi qonunni imzoladi

18:10 / 14.10.2026 79

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi.


2026-yil 2-oktabrda esa Oliy Majlis Senatida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ko‘rib chiqilib, ma’qullangandi.


Bugun esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun imzolandi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.


Qonun bilan 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, shuningdek ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etildi.

25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish


Qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi.


Shuningdek, endilikda bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi.


Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlandi.


Bepul yuridik yordam va tergovni yozib olish


Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan e’tiboran davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etildi.


Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib bo‘yicha o‘tkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkazish belgilandi.


Agar zo‘ravonlik oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qo‘yildi.


Ta’lim muassasalari xodimlari zo‘ravonlik uchun ishdan bo‘shatilishi mumkin


Mehnat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, endilikda ta’lim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos bo‘ladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qo‘yildi.


Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirildi.


Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zo‘ravonlikka uchrashdan qo‘rqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning so‘roviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etildi.

“Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa — u xoh ta’lim muassasasi xodimi bo‘lsin, xoh yaqin qarindoshi — javobgarlikka tortiladi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi, - dedi Saida Mirziyoyeva..

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Насилие

Поделиться