Top.Mail.Ru
Direktor o‘rinbosarlari pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik chegirmadan foydalana olmaydimi?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Direktor o‘rinbosarlari pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik chegirmadan foydalana olmaydimi?

17:45 / 16.10.2026 322

Savol

Maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlayman. Oliygohda o‘qiyotgan farzandimga 30 foizlik kontrakt chegirmasi uchun ariza yuborgandim. 


Lekin kontrakt.edu.uz platformasidan rad etilganligi haqida xabar keldi. Men pedagog xodimlar farzandlari uchun beriladigan kontrakt toʻlovini 30 foizlik imtiyozdan foydalana olmaymanmi?


Javob

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi “Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ota yoki onaning farzandi bo‘lgan, davlat oliy ta’lim tashkilotiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalar to‘lov-kontrakt summasi uchun 30 foiz miqdorida chegirma berish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.


Mazkur imtiyozdan taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatiga kiritilgan lavozimlarda kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar foydalana oladi. 


Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarning tasdiqlangan ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 9-iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 3849-sonli qarori bilan tasdiqlangan. 


Ro‘yxatning 9-bob, 436-pozitsiyasida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari direktori va oʻrinbosarlari (xoʻjalik ishlari bundan mustasno) lavozimlari ham keltirilgan.


Shu sababli, mazkur imtiyozdan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ham foydalanishi mumkin. Platforma orqali rad javobi kelganligining sababi kontrakt.edu.uz axborot tizimida vazirlik va idoralar o‘rtasida ota-onaning pedagogik faoliyatini avtomatik aniqlash bo‘yicha maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilishda texnik nosozlik yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.


Mazkur holat yuzasidan Ta’lim va ilm-fan vazirligi ishonch telefonlari orqali mas’ullar bilan bog‘lanib, texnik xatolikni bartaraf etilishni so‘rab murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.


TIFV ishonch raqami: 1006

Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi: (55) 520-08-08 (201)

Sobiq MMTV: (71) 202-09-09

Комментарии 2

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Льгота

Поделиться