“Barcha maktab direktorlarini yangilab chiqsangiz ham, o‘qituvchilar maktabni ta’mirlayveradi” — maktab ta’miri mavzusi

Andijonning Marhamat tumanidagi maktab direktori o‘qituvchilarni maktab ta’miriga jalb qilganligi ortidan ishdan bo‘shatilib, unga nisbatan 41,2 mln so‘m miqdorda jarima qo‘llanilganligi jamoatchilik faollarining turli xil e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Aniqrog‘i, ular asosiy masala hal etilmay, faqat jazolash bilan cheklanib qolayotgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, deputat va hokimliklar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga nisbatan e’tiroz bildirgan.
“Hamma maktab direktorini yangilab chiqsangiz ham baribir o‘qituvchiga ta’mirlatish uchrayveradi.” - Shokir Tursun.
Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Shokir Tursun Andijondagi holatga munosabat bildirar ekan, muammoning ildizni o‘rganib chiqish uchun 5 ta bosqichli nimaga savolini berish kerakligi, ildiz ochilmaguncha hamma maktab direktorlari yangilangan taqdirda ham baribir o‘qituvchiga ta’mirlatish uchrayverishini ta’kidladi.
“…Nima uchun direktor ishdan olindi. Sababi o‘qituvchilarni ta’mirga chaqirganimi? Agar, ha, bo‘lsa, nega u ta’mirlash ishlariga o‘qituvchilarni chaqirdi. Maktab ta’miri uchun ajratilgan pulni yeb yuborgani uchunmi? Agar, ha, bo‘lsa, bu direktor ishdan bo‘shatilibgina qolmay, talon-toroj bo‘yicha ham javobgarlikka tortilishi kerak.
Agar direktorga pul berilmagan bo‘lsa-yu, shuning uchun o‘qituvchilar bilan bo‘lsa ham ishni bitirishga qaror qilgan bo‘lsa, ya’ni ikki yomon tanlovdan birini tanlagan bo‘lsa (birinchi yomon maktab o‘quv yilini ta’mirsiz boshlaydi, yil davomida muammolar chiqaveradi, ikkinchi yomon o‘qituvchilarni ishlatish kerak), unda yolg‘iz o‘zi ishdan ketmasligi kerak. Maktabning moddiy-texnik bazasiga javobgar mahalliy hokimiyat va vazirlik mas’ullarining ham yoqalari yirtilishi shart.
Menejmentda “5 ta nimaga” degan qoida bor. Ya’ni bir muammoning ildizni o‘rganib chiqish uchun 5 ta bosqichli nimaga savolini berish kerak. Direktor keysida ham shunday qilinishi lozim.
Nimaga direktor ta’mir ishlariga o‘qituvchilarni jalb qildi? degan savolga javob topish kerak-da, javob asosida nimaga shu ishni qildi deb ikkinchi savolni berish kerak, shunday qilib 5 marta savol berilsa muammoning ildizi ochiladi.”, - deydi Shokir Tursun.
“Direktor 100 foiz aybdor deb aytish yoqimli va oson yo‘l” - Isroil Tillaboyev.
“Direktor 100 foiz aybdor deb aytish yoqimli va oson yo‘l. Lekin shu yerda insof bilan so‘zlang-chi, direktorda boshqa variant bormidi? Shu ta’mirlashga davlat qancha pul ajratgan ekan, (agar mabodo ajratgan bo‘lsa) u yetadimi?
To‘g‘ri, bunday paytda boshqa o‘qituvchilar (o‘zining “zolim” direktorini ko‘z oldiga keltirib, unga gap qaytarolmasdan devor “kraskalab” turib) qarsak chalyapti, lekin pul ajratilmagach, jamoaviy hasharga chaqirsa, kelmagan o‘qituvchilarga direktorlarning oxirgi quroli - dars soatini ro‘kach qilgan, tan olaman, majburlash yo‘liga o‘tgan, chorasiz qolganidan majburlayapti.
Mana shu fakt, majburlab qo‘ygani tufayli, deyarli bir yillik oyligini beryapti va ishsiz qolyapti. Lekin u aslida tizim qurbon(lari)dan biri xolos. Ehtiyotsiz, tajribasiz, menejerlik salohiyati past bir qurbon. Shuning uchun qonun tomondan u aybdor bo‘lsa ham, men uni 100 foiz aybdor demagan bo‘lardim. Chorasiz, ojiz, shu ishni qilsa ham, qilmasa ham boshi baloga qoluvchi rahbarlardan biri.
Yana bir savol, qaysi maktabda shunday ishlar qilinmayapti, shuni o‘ylang, bunday ishlar yo‘q bo‘lishini istasangiz faqat shu birgina Marhamatdagi maktabda, deyish kerak, shunda tizim zo‘r ishlagan bo‘ladi, shugina direktor “podani” buzib turgan bo‘ladi, mana qutuldik, endi hamma maktablarda tugaydimi, bu ishlar?
Maktablarga shu ishlar uchun shtat, moddiy mablag‘ beriladimi, endi? Ildizni topa oldikmi? …Xo‘sh siz ayta olasizmi, maktablarda majburiy mehnat tugagan, biz umuman qilmaymiz iyunda ham, avgustda ham bunday ishlarni, davlat pul o‘tkazib bergan, deb. Marhamatdagi direktor necha foiz aybor, 100 foizmi, 50 foizmi yoki 10 foiz? Yana bir savol, ishdan olish kerak bo‘lganda, qaysi birini ishdan olgan bo‘lardingiz?”, - deya o‘rtaga savol tashlagan Isroil Tillaboyev.
“Oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashish kerak…” - Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham bu masalada mahalliy hokimliklar faoliyatini tanqid qilib, hokimlarga maktablarga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha Parlament va jamoatchilikka hisobot topshirishni (har bir maktab kesimida) majburiy qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga chaqirdi.
“Marhamat tumanidagi holatda maktab direktorining ishdan bo‘shatilishi — bu shunchaki, ildizi zararlangan tishni sug‘urib tashlash xolos. Tishdan-ku qutuldik, lekin kasal ildiz baribir qoldi. U ertaga yana og‘riq berishi tayin. Lekin birortamiz savol bermayapmizki, balki tish sog‘lomdir, muammo ildizdadir?
Ildiz — bu nima? Bu — mahalliy byudjetdan maktablarni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish. Asosiy muammo mana shu yerda.
Qoidaga ko‘ra, maktablarni qurish, ta’mirlash, jihozlash hokimlarning zimmasida. Lekin afsuski, ko‘plab hokimlar uchun maktablar 10-darajali masala.
O‘sha Marhamatdagi 42-maktabni olaylik. Viloyat boshqarmasining yozishicha, maktab jamoasi 2023-yili “Tashabbusli byudjet”dan 1,2 mlrd so‘m, 2024-yilda esa 1,3 mlrd so‘m pul yutib olgan. Ammo mahalliy budjetdan hokimlik qancha mablag‘ ajratgani haqida ma’lumot yo‘q. Demak, katta ehtimol bilan 1 tiyin ham berilmagan. Maktab jamoasi o‘zi uchun o‘zi yelib yugurgan, hokimga kunimiz qolmasin degan.
Masalan, yuqoridagi rasmlarga qarang. 42-maktabning 2023-yildagi ahvoli. Maktab jamoasi hokimdan umidi yo‘qligini tushunib, “Tashabbusli byudjet”da qatnashgan va naq 8 ming 658 ta ovoz to‘plagan. Bu oson bo‘lmagani aniq.
Katta ehtimol bilan o‘qituvchilar o‘z yonidan pul yig‘gan bo‘lsa ham kerak. Va maktabdagi barcha derazalarni chirigan taxtadan akfa romlarga almashtirib olishgan (oxirgi rasmlarga qarang). Maktab jamoasi 2024-yilda ham g‘olib bo‘lishgan, bu safar maktabda o‘quvchilar uchun stadionni chiroyli ko‘rinishga keltirib olishgan.
Agarki, katta raqobat bo‘lishiga qaramasdan, “Tashabbusli budjet”da ikkita mavsum yutishgan bo‘lsa, demak, maktab jamoasi ahil va inoq, direktori esa tashabbuskor va tashkilotchi.
Marhamat hokimi esa bu maktabga pul ajratish tugul, ehtimolki, biron marta tashrif buyurmagan bo‘lsa ham kerak. Hokimlar nega uyalmaydi? Nega doim kaltak eng quyi pog‘onadagi ijrochining boshida sinadi? Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi, degani shu-da, a?
Nima uchun hokimlar har yili qaysi maktabga qancha mablag‘ ajratgani haqida hisobot topshirmaydi? Xalq bilsin, qaysi maktablar e’tibordan chetda qolyapti, qaysilariga pul umuman yetib bormayapti, qaysilariga esa, aksincha, har yili oshig‘i bilan pul ajratilyapti. Buni bilishga haqqimiz bor-ku axir.
Hurmatli deputatlar, hokimlarga maktablarga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha Parlamentga va jamoatchilikka hisobot topshirishni (har bir maktab kesimida) majburiy qilib qo‘yadigan qonunni qabul qilaylik. Orangizda ta’lim fidoyilari bordir axir. Qiyin ish emas-ku, bu. Shunchaki bittagina jadval bo‘ladi: hududdagi maktablar nomi va uning yonida nimaga qancha mablag‘ ajratilgani ko‘rsatiladi.
Yo‘qsa, biz har safar maktab direktorlarini jazolab yuraveramiz. O‘zi hayot qonuni shuki, mayda baliqlarni ovlashga hamma qiziqadi, kit oviga esa faqat jasorati borlargina chiqadi.
Oxirida bitta gap aytaymi? Agar o‘qituvchilar bilan “ixtiyoriy-majburiy hashar” qilmaganida o‘sha direktor baribir ishdan bo‘shatilardi. Nima uchun deysizmi? Maktabi yangi o‘quv yiliga tayyormasligi, remont qilinmagani uchun.
Bu yo‘l faqat “o‘lim” yo‘li, tirik qolish omadga bog‘liq xolos.
Video tarqalmaganda, tirik qolardi. Chunki videosi tarqalmagan, lekin hokim pul ajratmagani uchun o‘qituvchilarning o‘zi ishlayotgan maktablar juda ko‘p… Biz esa doimgidek, oqibatlar bilan kurashib yuraveramiz.”, - deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
“Vazirlik ham bayonot beradimi?” – Otabek Bakirov.
Iqtisodchi, Otabek Bakirov mavzuga e’tibor qaratib, bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini hech qanday bayonot bermaganlikda aybladi.
“Yo‘q, yo‘q, vazirlikdan tizimli reaksiya bo‘lmadi. Davlat rahbari “rayono” va “oblono” kabi tashkilotlarni yo‘q qilish” haqida bejiz kuyinib gapirmagandi. Viloyat “oblonosi” bayonotiga ko‘ra, Marhamatda o‘qituvchilarning ta’til paytida maktabni ta’mirlashi “ixtiyoriy hashar” deb topilgan, “hasharning” oldini ololmagan direktor ishdan olingan.
Bu go‘yoki “anjancha signal”: “Maktablarda o‘qituvchilarni ta’mirlashga, majburiy obunaga, yig‘di-yig‘diga jalb qilishda davom etaveringlar, bo‘ysunmaganlarni dars bermay jazola, lekin bildirma, internetga chiqib ketsa, o‘zing jazolanasan, haqparvar o‘qituvchilaring shikoyat qilib o‘tirmasin, befoyda.
Marhamatdagi 42-maktabga ta’mirlash uchun mablag‘ ajratilganmidi? Qancha ajratilgandi? Nega maktab oxirgi 2 yilda faqat Tashabbusli byudjetga elanib, eshigini, romini, fasadini va boshqa kamini tuzatadi? Yangi vazir xonim bordimi Marhamatga? Ko‘rdimi ahvolni ko‘zi bilan? Yo “oblonodagi” shotirlar gapi kifoyami?
Oligarxlarga subsidiya, “bonkalar” kapitaliga otning kallasidek pul ajratishni esdan chiqarmaydigan Iqtisodiyot va moliya vazirligi nima deydi? Maktablarda shunaqa majburiy ishlarning tub ildizi qoldiq va chala moliyalashtirishda-ku.”, - deydi Otabek Bakirov.
“Majburiy mehnatdan majburiy mehnatning farqi bormi?” - Komil Jalilov
Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov ba’zi mablag‘larni maktab ta’miriga yo‘naltirish mumkinligiga e’tiborini qaratgan.
“Maktab direktori o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan. Uning bu ishini oqlamagan holda, keling, “nima uchun?” degan savolni beraylik. Bakiroo [Otabek Bakirov] ham, Shokir Tursun ham to‘g‘ri aytishyapti - yolg‘iz direktorni “scapegoat” (“qurbonlik echkisi”) qilmasdan, muammoning tub sababini yechish kerak.
Aks holda - bunday holatlar bo‘laveradi, ijtimoiy tarmoqlarga chiqish - chiqmasligi esa omad masalasi. Masalan, samarasi isbotlanmagan, hatto vazirlik o‘zi chaqirgan ekspertlar noto‘g‘ri degan xorijdan falon pulga “til egalari”ni chaqirish o‘rniga shu pulni maktablar ta’miriga yo‘naltirish mumkin edimi? Mumkin edi. Lekin vazirlikka “ochko” muhimroq. Maktabning ahvoli yoki o‘qituvchilar yoki ta’lim sifati emas.
Yana bir narsa. Majburiy mehnatning majburiy mehnatdan farqi bormi? O‘qituvchilarni qonun bilan kafolatlangan ta’tili davrida maktablarga chaqirib, ko‘zbo‘yamachilik qildirish majburiy mehnat emasmidi?”, - deya holatga munosabat bildirgan Komil Jalilov.
“42-maktab keysi tizim qanchalik rasvo ishlayotganini yana bir bor isbotlaydi” - Dilshoda Shomirzayeva
Kun.uz nashri jurnalisti, jamoatchilik faoli Dilshoda Shomirzayeva o‘zining shaxsiy Telagram sahifasida holatga shaxsiy munosabatini bildirib, mas’ullar o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilinganini bila turib “ixtiyoriy hashar” deb rasmiy munosabat berganligini qoraladi.
“Gap shundaki, Maktab vazirligi boshqarmasi o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilinganini bila turib “ixtiyoriy hashar” deb rasmiy bayonot beribdi.
Mehnat inspeksiyasi aniqlagan bosimni ko‘rib va bilib turib qanday qilib bunday izoh berish mumkin? Maktablarda o‘qituvchilarni ishlatish uchun dars soatlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilinishi yangilik emas-ku. Buni rad etish uchun bet qancha qalin bo‘lishi kerak, masalan?
O‘z ishchingizni bunchalik xor qilishingizning sababi bormi? Nega vazirlik bu borada mas’uliyatni sezmaydi? Yaltur-yultur ma’lumotlar berilayotgan vaqtda yo‘q obro‘ga putur yetadimi yoki?
O‘zbekistonda o‘qituvchi qatlami shunchalik qo‘rqoq qilib qo‘yilganki, hatto ta’tilda bo‘lsa ham maktabni ta’mirlashga kelishibdi. Aslida bu qilgan ishingizlar uchun ular sizlarni sudga bersa ham arzirdi.”, - deydi Dilshoda Shomirzayeva.
O‘qituvchilar maktab ta’miri uchun qancha pul sarflaydi?
Xalqtaliminfo.uz'ning Telegram sahifasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari o‘qituvchilarning har yili maktab yoki sinf xonalarining “remonti” uchun o‘z cho‘ntagidan qancha miqdorda mablag‘ sarflayotganini ko‘rsatdi. So‘rovda 8 058 nafar respondent qatnashdi.
So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, ishtirokchilarning 86 foizi maktab infratuzilmasi uchun o‘z hisobidan mablag‘ sarflashga majbur bo‘lmoqda.
So‘rovnoma natijalari quyidagicha:
- 41% respondent – 100 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha;
- 24% respondent – 300 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha;
- 21% respondent – 600 ming so‘m va undan ortiq pul sarflashini;
- 14% respondent – Pul sarflamasligi, har yili mahalliy hokimlik pul ajratishini aytgan.
Xo‘sh, aslida maktab ta’miri uchun kim pul ajratishi kerak?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, umumta’lim muassasalarini moliyalashtirish budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi lozim. Maktab o‘qituvchilari va maktab rahbarlariga maktab ta’miri uchun ota-onalardan pul yig‘ish qat’iyan man qilingan.
Shuningdek, o‘quvchi, o‘qituvchi va ta’lim tizimida faoliyat olib borilayotganlarni majburiy mehnatga jalb qilish, ulardan maktab ta’miri uchun, tadbirlar o‘tkazish va boshqa bahonalar asnosida pul talab qilish yoki ish haqlaridan mablag‘ ushlab qolinishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi shart.
Odatda maktablar rekonstruksiya qilinishi, kapital ta’mirlanishi yoki joriy ta’mirlanishi mumkin.
Rekonstruksiya – bino (xona) va inshootlarning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini va funksional vazifalarini (xonalar soni va maydonini, binolarning qurilish hajmi va umumiy maydonini) o‘zgartirish bilan bog‘liq ishlar majmui hisoblanadi.
Kapital ta’mirlash – bino yoki uning alohida elementlarining foydalanish ko‘rsatkichlarini yaxshilash bilan bog‘liq, bino (bino elementi) mustahkamligini va qulayligini ta’minlashga yo‘naltirilgan tiklash bo‘yicha ishlar majmui, shuningdek, maktab ichida eskirgan muhandislik tarmoqlarini almashtirish va qayta qurish, shu jumladan maktab fondining binolari oldidagi hududda landshaft loyiha yechimlaridan foydalangan holda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.
Joriy ta’mirlash – maktab binosi yoki uning alohida elementlarining foydalanish ko‘rsatkichlarini saqlab turish bo‘yicha ishlar majmuyidir.
Kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish odatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritaga asosan amalga oshiriladi.
Misol uchun, maktablarni “Zamonaviy maktab” talablari asosida qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida belgilab berilgan tartib asosida amalga oshiriladi.
Joriy ta’mirlash esa yil davomida tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasidagi mablag‘lar doirasida mahalliy hokimliklar hisobidan amalga oshirilishi lozim.
Maktablarni o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida tayyorlash uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi PF-5538-sonli Farmoni bilan mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan.
Yechim qayerda?
Qonunchilikda maktablarni ta’mirlash uchun mablag‘lar davlat budjeti hisobidan ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda bu jarayon shaffof emasligi sababli tizim hamon ishlamayapti. Aksariyat holatlarda qaysi maktabga qancha mablag‘ ajratilgani haqidagi ma’lumotlarni ochiq manbalardan topish ham juda mushkul.
Shu bois:
- har bir maktabga joriy yoki kapital ta’mir uchun ajratilgan mablag‘lar ochiq manbalarda e’lon qilinishi;
- ushbu ma’lumotlar hududlar va ta’lim muassasalari kesimida ko‘rsatilishi;
- maktablarni lozim darajada moliyalashtirmay, maktablar ta’mirini o‘qituvchi va ota-onalar zimmasiga yuklayotgan mahalliy hokimliklarga nisbatan javobgarlik belgilash mexanizmi joriy etilishi zarur.
Izohlar 18
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Yangi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ilk bor ko‘rinish berdi

O‘qituvchilarni maktab “remontiga” jalb qilgan direktor ishdan bo‘shatilib, unga 41,2 mln so‘m jarima solindi

Toshkent shahrida 3 yildan buyon maktabga bormay, diniy ta’lim olayotgan o‘quvchi aniqlandi

Endilikda har yili o‘qituvchi va o‘quvchilarga sanatoriyaga 12 kunlik yo‘llanma beriladi
Mavzuga doir yangiliklar

O‘qituvchilarni maktab “remontiga” jalb qilgan direktor ishdan bo‘shatilib, unga 41,2 mln so‘m jarima solindi
Ma’lum bo‘lishicha, maktab direktori tomonidan o‘qituvchilar dars soatlari kam ajratilishi bilan qo‘rqitilib, ta’mirlash ishlariga majburiy chiqarilgan.

Samarqandda sifatsiz qurilgan maktab binosi buzib tashlandi
Maktab binosida bir qator qoidabuzarliklar aniqlangan
Izohingizni tahrirlang