Top.Mail.Ru
E’zoza Karimovaga yangi o‘rinbosar tayinlandi

E’zoza Karimovaga yangi o‘rinbosar tayinlandi

12:14 / 10.09.2025 1.09k

Vazir maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Turdiyev Azizbek Anvarjonovich O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. 


U 1983-yil 3-aprelda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2000–2006-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olib, magistratura bosqichini ham shu yerda tamomlagan. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy saytidagi malumotlarda Azizbek Turdiyev mehnat faoliyatini 2006-yilda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida boshlagani aytiladi. U “O‘zbekiston” telekanalining “Assalom, O‘zbekiston!” studiyasida muharrirlikdan boshlab, katta muharrir, bosh muharrir o‘rinbosarigacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan. 2014–2015-yillarda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va matbuot xizmati bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritgan.

Vazirlikning rasmiy Telegram sahifasida esa uning 2006-2010-yillarda Toshkent shahridagi 4-sonli maktab-internatida, 2010-2014-yillarda Toshkent shahridagi 231-umumta’lim maktabida adabiyot fanidan dars bergani, 2015-2017-yillarda esa Toshkent shahridagi 165-umumta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagani haqida ma’lumot berilgan.


U 2015–2017-yillarda “Teatr” jurnali bosh muharriri bo‘lgan. Keyinchalik, 2017–2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentida kinematografiyani rivojlantirish masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis lavozimida ishlagan.


2018–2019-yillarda Oliy Majlis Senati devonining axborot-tahlil bo‘limida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi qonun hujjatlarini tahlil qilish sho‘basi yetakchi maslahatchisi bo‘lgan.

2019–2023-yillarda esa Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi kotibiyati bosh maslahatchisi sifatida faoliyat olib borgan.


2023-yildan buyon Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgandi. Endilikda esa u o‘z faoliyatini vazir o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Tayinlov

Ulashish