Top.Mail.Ru
Toshkentda ilk bor bola huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi o‘tkazildi

Toshkentda ilk bor bola huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi o‘tkazildi

16:49 / 19.09.2025 67

2025-yil 11-12-sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili, BMT Bolalar jjamg‘armasi(UNICEF) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida “Markaziy Osiyo mamlakatlarida bola huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning dolzarb masalalari: bolalar ombudsmanlarining mintaqaviy hamkorligi istiqbollari” mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari ombudsmanlarining birinchi xalqaro forumi o‘tkazildi.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan forumda xalqtaliminfo.uz nashri ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, forumda ko‘tarilgan masalalar bilan yaqindan tanishdi.

Ikki kunlik forum ishida Markaziy Osiyo davlatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bolalar ombudsmanlari, shuningdek Norvegiya, Xorvatiya bolalar ombudsmanlari hamda Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC)ga raislik qilayotgan Finlyandiya bolalar ombudsmani ishtirok etdi.


Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlarining muloqoti va o‘zaro hamkorligi uchun samarali mintaqaviy platforma yaratishdir. Ushbu platforma bola huquqlarini himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashishga, umumiy muammolarni samarali hal etishga, mintaqaviy va transmilliy tahdid hamda chaqiriqlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlari institutlari salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Birinchi forumning O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi ramziy ma’noga ega” — Senat raisi Tanzila Norboyeva


“Mazkur forum  dolzarb va umuminsoniy mavzulardan biri - bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga  bag‘ishlanganligi bilan barchamizni birlashtiradi.

Bolalarning huquqlarini qay darajada samarali himoya qila olishimiz, ularga to‘liq tarbiya, ta’lim va sog‘lom hayot uchun shart-sharoit yaratib berishimiz — bevosita mamlakatlarimiz va butun mintaqa kelajagini belgilaydi.

Shu bois bugungi forum doirasida biz nafaqat milliy tajriba, balki birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni ham muhokama qilayotganimiz juda muhim. Markaziy Osiyoda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakillarning mintaqaviy platformasi yaratilayotgani, uning birinchi forumi  O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi, ayniqsa, ramziy ma’noga ega.

Bunday uchrashuvlarni har yili, Markaziy Osiyo davlatlarida navbatma-navbat o‘tkazish, ularning kun tartibini birgalikda va butun mintaqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayman!”, dedi Tanzila Norboyeva.


“Bolalar ombudsmanlarining mintaqaviy platformasi bolalar farovonligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi” – Surayyo Rahmonova


“Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari mintaqada barqarorlik, hamkorlik va taraqqiyot makonini izchil yaratishga qaratilgan.

Bolalar ombudsmanlarining mintaqaviy platformasi aynan shu birdamlik va umumiy mas’uliyat g‘oyasining amaliy ifodasi bo‘lib, mintaqamizning buguni va kelajagi bo‘lmish bolalar farovonligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi," – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova.


“Bolalarni himoya qilish bir muassasa, bir hukumat yoki hatto bir mintaqaning vazifasi emas - bu global mas’uliyatdir” – Xelenka Pirnat


“Bugungi forum nihoyatda katta ahamiyatga ega. Odam savdosi, onlayn-ekspluatatsiya, tartibga solinmagan migratsiya kabi muammolar chegara bilmaydi. Farzandlarimiz bir-biriga uzviy bog‘liq dunyoda yashaydi, bizning institutlarimiz ham albatta o‘zaro bog‘lanishi kerak. 

Markaziy Osiyo Bola huquqlari bo‘yicha vakillari muloqot uchun mintaqaviy platformani yaratish orqali ushbu umumiy tahdidlarga yanada kuchli, hamjihatlikda kurashish uchun zamin yaratiladi”, - dedi Xorvatiya Bolalar ombudsmani Xelenka Pirnat.

Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari Deklaratsiyasi imzolandi



O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilgan 2 kunlik xalqaro forum davomida yuqorida ta’kidlanganidek, bola manfaatlariga oid turli dolzarb masalalar muhokama qilindi.


Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, odil sudlovda bolalar imkoniyatlarini ta’minlash, bolalarni zararli axborot va tahdidlardan xoli qilish hamda bolalarni do‘stona himoya mexanizmlari bilan ta’minlash yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari hamda Xorvatiya Finlyandiya, Norvegiya tajribasi, shuningdek Yevropa Bolalar ombudsmani tarmog‘i faoliyati hamda mazkur xalqaro tuzilma bilan konstruktiv tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. 


Shundan so‘ng, Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari institutlarining salohiyatini yanada oshirish maqsadida forumning yakuniy hujjati - Deklaratsiyasi imzolandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Bolalar huquqi

Ulashish