Top.Mail.Ru
Yangi yildan maktab va bog‘chalarni qurish xarajatlari hududlarning o‘zida hal bo‘ladi

Yangi yildan maktab va bog‘chalarni qurish xarajatlari hududlarning o‘zida hal bo‘ladi

15:26 / 03.12.2025 382

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Majlisda Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qilib, ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash xarajatlarini 2026-yildan boshlab mahalliy budjetlarga o‘tkazish bo‘yicha yangi tartibning ahamiyati va kutilayotgan natijalarini batafsil tushuntirdi.


2026-yildan akademik litseylarni saqlash hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va mukammal ta’mirlash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahar budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.


Avvalgi tartib bo‘yicha bir viloyatda maktab qurilishi kerak bo‘lsa, buning uchun qaror Toshkentda qabul qilinardi. Materiallar ham ko‘p hollarda markaziy tartibda, bir nechta yirik yetkazib beruvchilardan olinardi.


Endilikda, tegishli viloyat hokimligi o‘zi qaror qiladi, qaysi maktabni qurishni, qaysi pudratchi bilan ishlashni. Shuningdek, qurilish uchun kerak bo‘ladigan xomashyolarni ham o‘sha viloyatdagi korxonalardan olishga harakat qiladi. Bu esa o‘sha hududning ham rivojlanishiga olib keladi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilovning aytishicha, yangi tartib hududlarning mustaqil qaror qabul qilishini ta’minlaydi, mahalliy iqtisodiyot va qurilish sektorini rivojlantirishga xizmat qiladi hamda qurilish jarayonida shaffoflikni oshiradi. 


“Qisqa qilib aytganda, bu birinchisi detsentralizatsiya. Nomarkazlashtirib, mahalliy hokimiyatlarning vakolatlarini oshiriladi, shuningdek, buni multiplikativ effekti ham bor, ya’ni hozir markazlashgan holda qurilish materiallari yetkazib berilgan bo‘lsa, har bir hududda pudratchi tashkilot shaffoflik kategoriyasidan kelib chiqib, o‘z hududidan qurilish materiallarini olsa, qurilish materiallari sektorining ham rivojlanishiga va hududning ham rivojlanishiga olib keladi”, - dedi Temur Komilov.

Bu masalaga Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham munosabat bildirib, yangi tartibni sharhlab berdi.

“Bu tartib avval bor edi. Demak, hududiy hokimliklar bu vazifani oldin bajargan, ya’ni ular u ishni qanday qilishni biladi. Endi keyingisi, nima natija kutyapsiz, deganda, endi, avvalambor, har bir hudud o‘zining, demak, hududidagi maktab qurilishi yoki bog‘cha qurilishi uchun o‘zi javobgar bo‘ladi-da, endi berilgan pul doirasida. 

Buning o‘zi mazmun jihatdan ham shu hududdagi hokimliklarning bir qanaqadir kuzatuvchi emas, bevosita mas’ul ijrochi bo‘lishini ta’minlaydi. Hammalarining mablag‘i bor, mablag‘ bo‘yicha ularning masalasi yo‘q. 

Umuman olib qaraganda, o‘sha joylarda qurilish materiallari ishlab chiqarishni jonlantiradi, o‘sha joylarda bir yaxshi pudratchi tashkilotlarning shakllanishiga xizmat qiladi va umuman, bu o‘zi asli bir, agar boshqa bir tomondan qaraganda, o‘sha hududda qurilish materiallari ishlab chiqarish va pudratchilik faoliyatini ma’lum bir ma’noda rag‘batlantirishga ham olib keladi”, - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Ma’lumot uchun: Respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga 2026-yilda 19,7 trln so‘m (shundan, aksiz solig‘i tushumlari hisobidan 3,6 trln so‘m) tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar o‘tkazib berilishi prognoz qilinmoqda.


Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Davlat budjeti

Ulashish