Top.Mail.Ru
O‘zbekistonlik yana bir o‘quvchi Harvard universitetiga 100 foizlik grant yutib oldi

O‘zbekistonlik yana bir o‘quvchi Harvard universitetiga 100 foizlik grant yutib oldi

12:58 / 19.12.2025 122

Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi 11-sinf o‘quvchisi Sobirova Dilafro‘z Salohiddin qizi Наrvard universitetining Integrativ biologiya yo‘nalishiga qabul qilindi, u 4 yilga 100 foizlik grant yutib oldi. 


Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova ma’lum qildi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafro‘z Sobirova 2008-yil 1-aprelda Farg‘ona viloyati Quva tumanida tug‘ilgan. Ayni damda u Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi hisoblanadi. 


U hozirgi kunga qadar SAT xalqaro imtihonidan 1540 ball, xalqaro IELTS imtihonidan 8.0 ballni qo‘lga kiritgan. Asosiy fan olimpiadasida ingliz tilidan Farg‘ona viloyatida 1-o‘rin hamda nemis tili multilevel imtihonidan B2 daraja olgan. 


Shuningdek, u maktabdagi eko-qo‘mita sardori, Yangi O‘zbekiston universiteti tomonidan tashkillangan Hogwarts yozgi oromgohi ikki karra qatnashchisi, Hippo xalqaro ingliz tili olimpiadasi yarim-finalisti, Harvardning HPAIR konferensiyasiga qabul qilingan, Technovation Girls xalqaro tanlovining o‘quvchilar vakili va UNESCO tomonidan tashkillangan “Be an explorer” tanlovi finalistidir.


Dilafro‘z Sobirova “Raqamli avlod qizlari” loyihasi tanlovida o‘zining “EcoHelp” deb atalgan loyihasi bilan faol ishtirok etgan. U o‘zining mazkur loyihasida bugungi kundagi eng katta muammolardan bo‘lgan chiqindi masalasini hal etishga qaratilgan, bu orqali faol fuqarolarni rag‘batlantirish mumkin bo‘lgan ilova ishlab chiqqan.


Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova Dilafro‘z Sobirovaga omad tilab, davlat rahbari ishonchini oqlashini aytdi.

“Ko‘rib turganingizdek, Dilafro‘z davlatimizda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalana olgan hamda tinimsiz mehnatlari evaziga mana shu darajaga erishgan. Ayni vaqtda Guliston shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Asilbek Ashurov, Namangan shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Go‘zalxon Haydarova va boshqa yoshlarimiz ham Harvard universitetida tahsil olmoqda.

Davlatimiz rahbarining ta’limdagi islohotlari mevasini beryapti: mana shunday yutuqlar, natijalar orqali. 
Dilafro‘zni yana bir bor tabriklayman, ota-onasi, ustozlariga ham tashakkur. Yutuqlaring bardavom bo‘lsin, qizim! Hamisha yurtimiz sha’nini yuksaklarga ko‘tar, xalqimiz va davlatimiz rahbari ishonchini oqla!”, deydi Hilola Umarova.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi ham yo‘lga qo‘yilib, O‘zbekistonda “Harvardchilar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yutuq

Ulashish