Top.Mail.Ru
3 yil avval noqonuniy ishdan bo‘shatilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi qayta ishga tiklandi

3 yil avval noqonuniy ishdan bo‘shatilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimi qayta ishga tiklandi

11:10 / 03.04.2026 52

Xabaringiz bo‘lsa, 2025-yilda Maktabgacha va maktab ta’lim tizimi mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilgan sohalardan biri deb topilgandi. 


Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida 2024-yilda ishga tiklash, ish haqi undirish va boshqa mehnat nizolari bilan bog‘liq sudlarda ko‘rilgan jami 2 078 ta fuqarolik ishining 1 364 tasi (66 foiz) qanoatlantirilib, tizimda mehnat qonunchiligi normalari buzilishi oqibatida da’vogarlar foydasiga 14 mlrd so‘m ish haqi hamda qo‘shimcha 2,5 mlrd so‘mlik majburiy progul uchun haq va ma’naviy zararlar undirish haqida qarorlar qabul qilingan.


Aksariyat hollarda davlat tashkilotlari va idoralari rahbarlari tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimlarni ishga tiklash bo‘yicha sud qarorlari ijrosini o‘z vaqtida bajarmasdan, uzoq vaqt paysalga solib kelinishi nafaqat fuqarolarning noroziligiga, balki xodimlarga qo‘shimcha to‘lovlar ham to‘lanishiga sabab bo‘lgan.


Misol uchun, fuqaro D.Islamova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ta’lim sifatini monitoringi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2023-yil 4-avgust kunidagi qaroriga ko‘ra ishga tiklangan. 


Biroq ish beruvchi tomonidan sud qarori ijrosi o‘z vaqtida ijro etilmaganligi bois u sudga majburiy progul uchun ish haqini undirish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Oqibatda fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2024-yil 23-dekabrdagi qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan D.Islamovaning foydasiga 294 mln so‘m ish haqi va 20 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.


Bu esa, haqli e’tirozlar ko‘payishiga, adolatsizliklar yuzasidan fuqarolar shikoyatlari soni keskin ortishiga sabab bo‘lgan. Bu orada sud orqali ishga tiklangan D.Islamova o‘z ishiga tiklangan bo‘lsa-da, keyinchalik yana takroran noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatib yuborilgan. Ushbu xodim esa sud orqali takroran o‘z ishiga tiklanishi oqibatida davlat tashkilotidan xodim foydasiga undirilayotgan summalar miqdori oshgan.


Nihoyat, 3 yillik mehnat nizosiga D.Islamovaning advokati Saidali Muxtoraliyev hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoz Karimova bilan birgalikda nuqta qo‘yildi. Bu haqda advokat Saidali Muxtoraliyev ma’lum qildi.


Uning aytishicha, avvalgi rahbariyat vaqtida qisqartirish deb nohaq ishdan bo‘shatilgan rahbar xodim vazir E’zoza Karimovaning buyrug‘i bilan ishga tiklangan. Xodim o‘tgan haftadan vazirlikda o‘z ishini boshlagan.

“Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaga rahmat aytib qo‘yishim kerak. Birgalikda 3 yillik mehnat nizosiga barham berdik. Avvalgi rahbariyat vaqtida qisqartirish deb nohaq bo‘shatilgan rahbar xodim bor edi, o‘zi haqiqatdan ham sohasining haqiqiy mutaxassisi. Hatto Oliy suddan ishga tiklash haqida qaror chiqqan bo‘lsa-da, huquqi to‘liq tiklanmagan, o‘rtadagi nizo to‘xtamagan edi. 

E’zoza Karimova rahbar bo‘lib kelganidan keyin ko‘rdikki, u kishi vaziyatga ancha xolis qarar ekan. Hozirgi masalada o‘zaro muzokara olib bordik va vazir hammasini to‘g‘ri tushunib, xodimning huquqlarini shaxsan o‘zi tiklab berdi. Xodim o‘tgan haftadan nihoyat vazirlikda o‘z ishini boshladi. Hozirgina, gaplashdik, ishlagan kunlariga maoshini ham olibdi. Insonparvarlik uchun vazirga katta rahmat! 

Shuningdek, ish beruvchi bilan muzokaramizga vaqt va zarur shart-sharoit yaratib berganligi uchun Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga, xususan, sud majlisiga raislik qilgan sudya R.Norxo‘jayevga ham alohida tashakkur bildiraman”, - deydi Saidali Muxtoraliyev.

Eslatib o‘tamiz, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda mehnat qonunchiligining eng ko‘p buzilishi holatlari maktablarda (5 612 ta), undan keyingi o‘rinda maktabgacha ta’lim muassasalarida (2 173 ta) kuzatilgan.


2023-yilda mehnat qonunchiligi eng ko‘p buzilgan sohalar bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi “birinchilikni” egallagan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazirlik
  • Sud ishi

Ulashish