Top.Mail.Ru
Ta’lim muassasalarida 9-may munosabati bilan dam olish kunlari va ish vaqti qanday tashkil etiladi?

Ta’lim muassasalarida 9-may munosabati bilan dam olish kunlari va ish vaqti qanday tashkil etiladi?

15:50 / 08.05.2026 646

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi “2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 9-may — Xotira va qadrlash kuni bayrami besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni mos ravishda 2026-yil 11-may — dushanba kuniga ko‘chirilishi belgilangan. 

Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan quyidagi kunlari dam olinadi


  • 9-may (shanba) — Xotira va qadrlash kuni, dam olish kuni;


  • 10-may (yakshanba) — dam olish kuni;


  • 11-may (dushanba) — 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kuni, 6 kunliklar uchun ish kuni. 


Maktablar 6 kunlik ish rejimida ishlagani bois, 11-may (dushanba) barcha xodimlar uchun ish kuni hisoblanadi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 2026-yil 11-may — dam olish kuni hisoblanadi.

2026-yil 11-may kuni — umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun (11-may kuni belgilangan) dars soatlari tashkil etiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.


Bunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun dars mashg‘ulotlari o‘tilmaydi, ammo boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun rasman ish kuni hisoblanadi.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari maktabda dars bo‘lmagan vaqtlarda pedagogik yuklamasida belgilab berilgan vazifalarni yoki maktab ma’muriyati tomonidan berilgan topshiriqlarni bajaradi.


9-may kungi dam olish kuni uchun pedagoglarga oylik yozilmaydimi?


Mehnat kodeksining 249-moddasi 4-qismiga ko‘ra, xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga ko‘ra haq to‘lanadi.


Bunda mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamaymaydi. Masalan, o‘qituvchi 1 oy davomida necha kun ishlashidan qatiy nazar uning oylik ish haqi kamaymaydi.


Soatbay ishlaydigan pedagoglarga-chi?


Mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida esa qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga oylik ish haqlari kamayishi mumkin. Chunki bunda xodimlarga ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda haq to‘lanadi.

Mehnat kodeksining 277-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq to‘lash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. 


Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq bo‘lgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga ko‘paytirish yo‘li bilan ham aniqlanishi mumkin.

Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq to‘lashning razryadiga muvofiq bo‘lgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.


Masalan, ta’lim sohasida soatbay ish haqi o‘qituvchi tomonidan o‘tilgan dars soatlari miqdori bilan bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni, soatbay dars o‘tadigan o‘qituvchilarning ish haqi o‘tilgan dars soatlari miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham soatbay dars o‘tadigan o‘qituvchilarning maoshlari qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga kamayishi mumkin.


Bugun barcha xodimlar kamida 1 soat vaqtli ishdan ketadi, ushbu 1 soat uchun haq to‘lanmaydimi?


Ushbu savolga mehnat huquqi bo'yicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonov javob berdi: Bugun barcha xodimlar, hattoki 0.5 yoki 0.25 stavkadagilar ham ish (smena)dan kamida 1 soat vaqtli ketadilar va ish haqi kamaytirilmaydi. Bu qoida mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarga birdek taalluqli, ya’ni xususiy sektorga ham.

MK 258-moddasi 1-qismiga ko‘ra, qisqartirilgan ish vaqti sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarning ish haqi normal ish vaqti uchun belgilangan to‘liq hajmda to‘lanadi. 
MK 187-moddasiga ko‘ra, ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.


MK 187-moddasi 2-qismiga ham e’tibor bering. Agar bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan holatda, yuqoridagi kamida 1 soatlik qisqartirilgan vaqti ish vaqtidan tashqari ish deb baholanadi hamda MK 262-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning bir kundagi birinchi ikki soati uchun kamida 1.5 hissa miqdorida haq to‘lanadi yoki xodimning xohishiga ko‘ra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq to‘lash o‘rniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qo‘shimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dam olish kunlari

Ulashish