Top.Mail.Ru
Ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’limdagi muammolarni hal qiloladimi? — ekspertlar bilan suhbat

Ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’limdagi muammolarni hal qiloladimi? — ekspertlar bilan suhbat

21:32 / 05.10.2026 278

Ikki yirik vazirlik — Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari qo‘shib yuborildi. Endilikda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim, undan keyingi ta’lim, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim siyosatini yagona — Ta’lim va ilm-fan vazirligi belgilanadi. 

Xo‘sh, ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’limdagi mavjud muammolarni hal qiloladimi? Yangi tizim ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlay oladimi? 

Markazlashgan boshqaruv va ta’lim muassasalari avtonomiyasi o‘rtasidagi muvozanat qanday 
ta’minlanadi? Yangi tashkil etilgan vazirlik faoliyatida nimalar o‘zgarishi mumkin? 

Xalqtaliminfo.uz
ayni shu mavzuda ta’lim ekspertlari Komil Jalilov, Azamat Akbar hamda siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatlashdi.

O‘zbekistonda ta’lim tizimini boshqarish modeli so‘nggi yillarda bir necha bor o‘zgardi. Vazirliklarning nomi, vakolatlari va qamrov doirasi qayta ko‘rib chiqildi. Bu o‘zgarishlarning navbatdagi bosqichi esa 2026-yil 3-oktyabrda boshlandi: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. 


Tarixga biroz nazar tashlaydigan bo‘lsak, mamlakatda ta’lim tizimini markazlashgan boshqaruv asosida tashkil etish tarixi XX asr boshlariga borib taqaladi. 1917-yil 23-noyabrda Turkiston Markaziy xalq komissarligi tarkibida O‘lka maorif xalq komissarligi,. 1918-yilda Turkiston ASSR tuzilishi bilan u Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi sifatida qayta tashkil etiladi.


Mazkur tuzilma zimmasiga xalq ta’limi tizimini tashkil etish, ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ta’lim uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash va hududiy xalq ta’limi bo‘limlari faoliyatini boshqarish kabi vazifalar yuklangan. Uning tarkibida maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, oliy ta’lim, ilm-fan hamda maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishlari ham mavjud bo‘lgan.


1924-yil 26-noyabrda O‘zbekiston SSR Xalq maorifi komissarligi (Xalq maorifi komissariati) tashkil etildi. 1946-yil 15-martda Xalq maorifi komissarligi rasman O‘zbekiston SSR Maorif vazirligi etib qayta tashkil qilindi. Ushbu idora uzoq yillar davomida maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini boshqarib keldi.


Sohani yanada yaxlitlashtirish maqsadida 1988-yil 26-mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Rayosatining Farmoniga asosan Maorif vazirligi hamda Davlat hunar-texnika ta’limi qo‘mitasi birlashtirilib, O‘zbekiston SSR Xalq ta’limi vazirligi tuzildi. Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirdi. 1991-yildan 2017-yilga qadar Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’lim, maktabdan tashqari hamda maktabgacha ta’lim tizimini qamrab oldi.


2017-yil 30-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, Xalq taʼlimi vazirligi tuzilmasidan maktabgacha ta’lim sohasi ajratilib, alohida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil qilindi.


2022-yilga kelib esa O‘zbekistonda ma’muriy islohotlar davri boshlandi. Ma’muriy islohotlar natijasida ko‘plab davlat organlari, tashkilot va idoralar tuzilmasi ixchamlashtirildi. Bu Xalq ta’limi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi ni ham chetlab o‘tmadi. Natijada Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son Farmoni bilan Xalq ta’limi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi qo‘shib yuborildi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Xalq ta’limi vazirligi boshqa nom bilan, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.


O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy hamda undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv asosida birlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar davri boshlandi. Prezidentning 2026-yil 3-oktyabrdagi PF–213-son Farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. 


Ta’lim bo‘yicha ekspert va mutaxassislar tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlar kabi O‘zbekistonda ham ta’limning barcha bosqichlarini o‘zida qamrab oluvchi yagona ta’lim vazirligini tashkil etish g‘oyasi uzoq vaqtdan buyon muhokama qilib kelinardi. 2026-yil boshlarida ham bu borada ayrim takliflar ilgari surilgani haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar mavjud.


Xo‘sh, yangi tizim ta’lim boshqaruvidagi mavjud muammolarni hal qila oladimi?  Eng muhimi, yangi tuzilma real natijalar ko‘rsata oladimi? Xalqtaliminfo.uz ayni shu mavzuda ta’lim ekspertlari Komil Jalilov, Azamat Akbar hamda siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatlashdi.


Oliy ta’lim bo‘yicha ekspert, professor Azamat Akbar yagona vazirlik tashkil etilishini ijobiy imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. Biroq uning fikricha, bu o‘zgarish o‘z samarasini berishi uchun vazirlikning o‘zi kattalashib ketmasligi, aksincha, markaziy boshqaruv strategik masalalar bilan cheklanib, ko‘proq vakolat ta’lim muassasalari va hududlarga berilishi kerak.



— Yagona ta’lim vazirligi tashkil qilindi. Tizim o‘ta katta. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limi tizimining o‘zida hali yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar mavjud.

Shunday sharoitda boshqaruv funksiyalarining bitta vazirlikda jamlanishi yangi vazirlikka bo‘lgan yuklamani haddan tashqari oshirib yubormaydimi?


— Xavf bor, lekin u birlashtirishning o‘zidan emas, boshqaruv modelidan kelib chiqadi. 2019-yilgi maqolamda uchala vazirlikni birlashtirishni ular orasidagi bo‘shliqni to‘ldiruvchi ko‘prik va yagona ish tizimi sifatida taklif qilgan edim. Endi ko‘prik markazga yuk bo‘lib qolmasligi kerak.


AQSHda federal departament (vazirlik) maktab va universitetlarni boshqarmaydi: u siyosat, moliyalashtirish shartlari va ma’lumotlar bilan shug‘ullanadi, amaliy boshqaruv esa shtat (viloyat) va muassasalarda. 


Bizda ham markaz kichik va strategik bo‘lishi kerak, amaldorlar shtatini keskin kamaytirib, kundalik boshqaruv hududlar, maktab direktorlari va rektorlarga o‘tishi kerak, har bir bosqich uchun alohida mas’ul o‘rinbosar bo‘lsin. Dastlabki yilda barqarorlik va kadrlar uzluksizligi yirik yangi islohotlardan muhimroq: pedagogika oliygohlari bir yarim yilda ikki marta vazirlik almashtirishi xunuk holatdir.


— Yangi tizimda oliy ta’limda davlat aralashuvini qisqartirish va oliygohlar mustaqilligini kengaytirish maqsadi ham qo‘yilgan. Bunda vazirlikning vakolati va oliygohlar avtonomiyasi o‘rtasidagi chegara qanday belgilanishi kerak?

Ya’ni vazirlik qaysi masalalarda o‘zi qaror qabul qilishi, qaysi masalalarni esa to‘liq oliygohlarning o‘ziga qoldirishi maqsadga muvofiq?


— Asosiy tamoyil: davlat o‘yin qoidalarini va moliyalashtirishni, sifatni esa mustaqil nodavlat tashkilotlar baholasin. Bir tashkilot bir vaqtni o‘zida ham qoida yozib, ham boshqarib hamda sifatga baho berishi manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaradi, bunday salbiy holatga 30-yil davomida guvoh bo‘lib keldik.


AQSH modelida bu uch qismdan iborat:


  • davlat oliygohga faoliyat yuritish uchun ruxsat beradi (litsenziya), davlat mablag‘idan foydalanish shartlarini belgilaydi va ta’lim natijalari haqidagi ma’lumotlarni oshkora e’lon qiladi;


  • mustaqil akkreditatsiya agentliklari oliygohlar sifatini baholaydi. Bular davlatga oid emas, nodavlat va notijorat tashkilotlar bo‘lib, bahoni boshqa oliygohlardan kelgan ekspertlar beradi. Umumiy akkreditatsiyani hududiy agentliklar (masalan, HLC, MSCHE, WSCUC) amalga oshiradi, alohida yo‘nalishlarni esa sohaviy agentliklar: muhandislik bo‘yicha ABET, biznes bo‘yicha AACSB, tibbiyot bo‘yicha LCME;


  • oliygohning o‘zi o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi, professor-o‘qituvchilarni tanlaydi, talabalarni qabul qiladi, ilmiy yo‘nalishlarini belgilaydi va o‘z ichki sifat nazoratini yuritadi.


Davlat akkreditatsiya qilmaydi, balki agentliklarning o‘zini tan oladi, davlat mablag‘i esa akkreditatsiyadan o‘tganlarga beriladi. Litsenziya vazirlikda qolishi mumkin, akkreditatsiyani esa bosqichma-bosqich mustaqil agentliklarga o‘tkazish kerak. 

Avtonomiya barqaror sifat ko‘rsatgan oliygohlardan boshlab berilsin, kuzatuv kengashiga tashqaridan mustaqil a’zolar kiritilsin. Vazirlikning “operatsion jarayonlar uchun mas’ul” bo‘lishi oliygohlarning kundalik ishiga aralashib qolmasligini aniq qilib yozish kerak.


— Oradan 5-yil o‘tib, bu islohot muvaffaqiyatli amalga oshganligi qayd etilsa, biz 5-yildan keyin ta’lim tizimida aynan qanday o‘zgarishlarni ko‘rishimiz kerak?


Islohot muvaffaqiyatini qarorlar soniga emas, odamlar sezadigan aniq natijalarga qarab baholash kerak.-5-yildan keyin quyidagilarga erishilgan bo‘lishi kerak:


  • Ta’lim natijalari mustaqil o‘lchanishi va yaxshilanishi kerak. PISA 2022 xalqaro sinovida ijodiy fikrlash bo‘yicha bizning o‘quvchilar 60 balldan 14 ball to‘pladi, rivojlangan mamlakatlar tashkiloti (OECD) o‘rtachasi esa 33 ball. Eng yuqori darajaga erishgan o‘quvchilar ulushi bizda 2%, OECD o‘rtachasida 27%.-5-yildan so‘ng bu ko‘rsatkichlar o‘rtachaga yaqinlashishi kerak.


  • O‘qituvchi kasbi obro‘li va qadrli bo‘lishi kerak. Toshkentda kechalari qo‘shimcha daromad uchun taksi haydayotgan o‘qituvchilarni uchratganman. O‘qituvchining maqomi, oyligi va malaka oshirish imkoniyatlari shunday bo‘lishi kerakki, bu hol istisno bo‘lib qolsin.


  • Oliygohlar mamlakat YAIMiga hissa qo‘shishi kerak. Universitet faqat diplom beradigan joy emas. U ishbilarmonlik muhitini, yangi ishlab chiqarishlarni, startaplarni va malakali kadrlarni yaratib, iqtisodiyotga o‘lchanadigan hissa qo‘shishi kerak. Bitiruvchilar ishsiz qolmasligi yoki xorijga ketib qolmasligi, mamlakatda qolib yangi qiymat yaratishi kerak.


  • O‘zbekiston fan va innovatsiyalar eksportyoriga aylanishi kerak. Biz bilimni faqat import qiluvchi emas, patentlar, texnologiyalar, tadqiqotlar va yosh mutaxassislarni eksport qiluvchi mamlakatga aylanishimiz kerak.


  • Ta’lim sifati va innovatsiyalar orqali mamlakatning «yumshoq kuchi» (soft power) oshirilishi kerak. Sifatli ta’lim va innovatsiya xorijiy talabalar, olimlar va investorlarni jalb qilishi va mamlakat obro‘sini oshirishi kerak. Bu ham xuddi avtomobil yoki meva-sabzavot kabi mamlakat eksport qiladigan «mahsulot»dir.


  • Oliygohlar haqiqiy avtonomiyaga ega bo‘lishi kerak. Rektorlarni oliygohning o‘z professor-o‘qituvchilari va xodimlari saylashi kerak: shunda rektor jamoa oldida hisobdor bo‘ladi va qarorlar jamoaning ishonchiga tayanishi mumkin.


  • Oliygohlar sifati mustaqil nodavlat akkreditatsiya orqali baholanishi kerak. Davlat moliyalashtirishi esa shu akkreditatsiyadan o‘tishga bog‘lanishi kerak. Ilmiy darajalarni ham markazlashtirilgan VAK orqali emas, akkreditatsiyalangan oliygohlarning o‘zi berishi kerak. Bunda dissertatsiyalar ochiq e’lon qilinishi va himoyada tashqi ekspertlar qatnashishi shart bo‘lishi kerak.


  • Ta’lim bosqichlari orasida uzilish bo‘lmasligi kerak: bola bog‘chadan universitetgacha yagona standartlar doirasida o‘qishi kerak.


— Ikki vazirlikni bitta vazirlikka birlashtirish juda katta institutsional o‘zgarishdir. Ammo institutsional tuzilmani o‘zgartirishning o‘zi ta’lim sifatini yaxshilashga olib kelmasligi ham mumkin. 

Sizningcha, real o‘zgarish bo‘lishi uchun boshqaruvning qaysi mexanizmlari, yondashuvlari yoki tamoyillari qayta ko‘rib chiqilishi kerak?


— Vazirliklarni birlashtirish — faqatgina boshlanishdir. Ta’lim sifati amalda o‘zgarishi uchun quyidagi beshta boshqaruv mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishi kerak:


  • Funksiyalarni bir-biridan ajratish. Bitta idora bir vaqtning o‘zida siyosat belgilab, moliyalashtirib, sifatni baholab va muassasalarni kundalik boshqarib turmasligi kerak. Siyosat, moliyalashtirish, akkreditatsiya va amaliy boshqaruv turli organlar zimmasida bo‘lsa, manfaatlar to‘qnashuvi kamayadi.


  • Mustaqil akkreditatsiya va sifat tizimini joriy qilish. Buning uchun qonunchilikni ham o‘zgartirish kerak: akkreditatsiya nodavlat agentliklarga o‘tkazilishi va ularning maqomi qonun bilan belgilanishi kerak. Xalqaro standartlarga o‘tish uchun deklaratsiya yetmaydi, milliy qonunlar o‘zgarishi lozim. Bolonya jarayoni hujjatlari misolida ham shunday degan edim.


  • Avval sinab ko‘rish, keyin keng joriy qilish. 1901-yilda Rayt birodarlar qog‘ozdagi hisobga ishonmay, kichik aerodinamik truba qurib sinab ko‘rishgan. Islohotda ham shunday bo‘lishi kerak: har bir yangi yondashuv avval bir nechta maktab yoki oliygohda sinalishi, natijasi tekshirilishi, keyingina butun mamlakatga joriy qilinishi kerak. Aks holda xato taxmin har bir maktabda jimgina takrorlanib ketadi. Kechikishning narxi ham og‘ir: o‘tgan o‘quv yillari qaytmaydi, oqibat esa bir necha avlodga ta’sir qilishi mumkin.


  • Natija va hisobdorlikka asoslangan boshqaruv. Ko‘rsatkichlar aniq va ochiq e’lon qilinadigan bo‘lsin. Muammo chiqsa, javobgarlik faqat maktab direktori yoki oliygoh dekani kabi quyi bo‘g‘in bilan cheklanmay, tizimni boshqaradigan darajagacha yetib borishi kerak.


  • Vakolat va byudjetni quyiga uzatish, qonunchilikda barqarorlik. Maktab direktori va rektorga qaror qabul qilish va mablag‘ni tasarruf qilishda ko‘proq erkinlik berilishi kerak, o‘zgarishlar uchun esa ko‘proq javobgarlik talab qilinishi kerak. Qoidalar tez-tez o‘zgarmasligi, har bir o‘zgarish esa o‘qituvchilar, rektorlar, ota-onalar va ekspertlar ishtirokidagi ochiq muhokamadan o‘tishi kerak.


Islohot tuzilma o‘zgargani uchun emas, o‘qituvchi, talaba va ota-ona farqni sezgani uchun muvaffaqiyatli bo‘ladi.


Siyosatshunos Hamid Sodiqning qarashicha, vazirliklar sonining qisqarishi davlat boshqaruvini ixchamlashtirish nuqtayi nazaridan ijobiy qadam. Biroq, davlat apparati maʼlum bir muddat ichida xohlagan payti kengayib, xohlagan payti qisqarayotgan boʻlsa, bu sogʻlomlik belgisi emas. Shuningdek, uning fikricha, ta’lim tizmini alohida isloh qilib bo‘lmaydi, u ma’muriy islohotning bir qismi sifatida isloh qilinishi kerak.



— O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim va undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimning yagona vazirlik doirasida birlashtirilishini bu shunchaki boshqaruv tizimini optimallashtirishmi yoki davlatning ta’lim siyosatini yuritish borasidagi tub o‘zgarishmi?


— Birinchidan, davlat boshqaruv apparatining qisqarishi — bu ijobiy holat. Yaʼni davlat apparati qanchalik ixcham boʻlsa, bu yaxshi, albatta. Nazariy jihatdan qaraganimizda bunda jamiyat oʻzi tartibga soladigan masalalarga kamroq aralashadi.

Lekin davlat apparati maʼlum bir muddat ichida xohlagan payti kengayib, xohlagan payti qisqarayotgan boʻlsa, bu sogʻlomlik belgisi emas. Maʼmuriy islohotlar, deylik, maʼlum bir davr, yangi davr boshlangandan keyin, uzogʻi bilan uch yilning ichida amalga oshirilishi kerak. Yaʼni, bu kutib turmaydigan islohotlar.


Ikkinchidan, maʼmuriy islohot degan tushuncha — bu kompleks islohot. Ya’ni, maʼlum bir boshqaruv falsafasi asosida sen boshqaruv organlarini belgilashing kerak, chunki sening oldingda maʼlum bir vazifalar bor. Bajarishing kerak boʻlgan oʻn yillik vazifa bor, oʻttiz yillik, ellik yillik vazifa bor va bu oʻsha maʼlum bir boshqaruv falsafasi asosida amalga oshiriladi.


Taʼlim sohasini alohida, boshqaruv sohasini alohida isloh qilib boʻlmaydi. Qilish mumkin, yaʼni texnik oʻzgarish boʻladi. Ya’ni, qandaydir bir jiddiy, keskin zarurat borki, siyosiy balansni taʼminlash uchun hech narsaga qaramasdan oʻzgartirasan. Misol uchun, shunday sabablardan biri — bu budjet taqchilligi.

Budjet koʻtarmaydi, majbursan uni qisqartirishga. Aynan maʼmuriy islohotlarning uzoq muddatli oʻylangan bir rejasi ham uzoq muddatli budjetni inobatga olib tuzilgan boʻlishi kerak. Buni bitta belgisi sifatida aytyapman.


Ma’muriy islohotlar o‘tkazilayotgan paytda ta’lim tizimining birlamchi vazifasi — jamiyatni zarur mutaxassislar va yangi fikrlar bilan ta’minlashdir. Ta’lim tizimi ana shu o‘z funksiyasini bajara oladigan darajaga yetgan bo‘lsa, uni doimiy ravishda o‘zgartirish yoki qayta tashkil etishga ehtiyoj qolmaydi. 


Xuddi poyezd sostaviga oʻxshab, parovoz oldinga ishlab ketadi-da, hammasini tortib ketadi. Keyin hech narsani oʻzgarish talab etilmaydi. Agar avval-boshida qilingan taʼlim islohotlari faqat unga quyilayotgan judayam katta pul summalari bilan ishlash illyuziyasini koʻrsatib turgan boʻlsa, bir kuni u to‘xtaydi, chunki unga hamisha pul quyishning imkoniyati yoʻq. Ya’ni, qumga suv quyganday boʻladi. Shuning uchun hozirgi oʻzgarishlar taʼlim mazmuniga bogʻliq emas, bu — maʼmuriy boshqaruv masalasiga bogʻliq oʻzgarishlar hisoblanadi.


— Tizimining asosiy muammosi vazirliklar sonidami yoki davlatning boshqarish uslubidami?


— Masala vazirliklar sonida emas, balki davlat boshqaruvi qanday yondashuv asosida tashkil etilishida. Yigirmadan oshiq vazirlik boʻladigan boʻlsa, taʼlim vazirliklarining qisqarishi umumiy maʼmuriy tizimga qanday taʼsir koʻrsatadi? Ichki ishlardan tortib, moliya deymizmi, paxtachilik deymizmi, qishloq xoʻjaligi deymizmi — qanday taʼsir koʻrsatadi? 


Yoki boʻlmasa, ikkita vazirlikning yoki uchta vazirlikning qisqarishi — bu haqiqiy qisqarishmi? Yoki uchta vazirlik kattaligidagi bitta vazirlikmi? Buning adaptatsiyasi qanday kichadi, degan savollar ochiq. Albatta, vazirliklar sonining kam boʻlgani yaxshi. Lekin gap uning qisqarishida emas.


Xo‘sh, shu kungacha qilingan islohotlarga kim javob beradi? Hozirgi oʻzgarishlarga kim masʼul? Yoki undan keyingisiga kim javob beradi? Shu nuqtayi nazardan oʻylanish kerak boʻladi.


— Yaqinda siz Telegram sahifangizdagi postlardan birida “Ta’lim surunkali islohot yetishmovchiligi sindromiga uchragan. Unga doimiy islohot quyib turish kerak”, - degan fikrni ilgari surdingiz. Shu fikringizni batafsilroq shahrlab berolasizmi?


— Maʼlum bir tizim doimiy islohotlar jarayonida ekan, yaʼni bitta boshlangan islohot tinmasdan yillar davomida davom etar ekan, demak, bu islohot — qandaydir simptom. Qachonki tinmasdan islohot oʻtkazilmasa, demak, maʼlum bir tizim oʻzining funksiyasini bajarmayotganligidan boʻladi.

Islohot oʻtkazilmaguncha, qaysidir maʼnoda, yaʼni har uch yilda, har ikki yilda: “maʼlum bir narsani qaytadan, yangidan boshlaymiz”, deyilmagunicha, maʼlum bir jamoada shu sohaga javob beradigan harakat soʻnib borishi kuzatiladi. “Boʻldi, tamom, yangidan boshlaymiz”, deb harakat boshlanadi-da, yana maʼlum bir ikki-uch yil kimlardir bunga ishonib harakat qilishi mumkin. Mana shu jarayonni nazarda tutgandim.


Maʼlum bir harakatlar boshlanadi, kimlardir ishonib bunga harakat qiladi. Shu davr ichida maʼlum bir ijobiy, ijobiy boʻlmagan qandaydir ishlar amalga oshiriladi, lekin tizimli boʻlmaganligi uchun bir kun toʻxtaydi. Keyin ertaga yana islohot qilish kerak bo‘ladi. 


Bu borgan sari kamayib boradi. Oldin birinchi boshlangan islohot ikki yilga tatigan boʻlsa, keyin bir yilga, keyin olti oyga... Har kuni islohot qilishga  zaruriyat paydo boʻladi. Chunki tizim oʻzining funksiyasini islohotsiz bajara olmay qoladi. Oʻsha islohotni keyin qoʻshtirnoq ichiga olish kerak boʻladi.


Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov yagona ta’lim vazirligi tashkil etilishini ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash va ayrim byurokratik to‘siqlarni kamaytirish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda. Biroq uning fikricha, ikki vazirlikni shunchaki mexanik tarzda birlashtirishning o‘zi yetarli emas.

Yangi tizim bilan birga boshqaruv falsafasi, vakolatlar taqsimoti va ta’lim muassasalarining avtonomiyasi ham qayta ko‘rib chiqilishi, aks holda katta va boshqarilishi murakkab bo‘lgan paydo bo‘lishi mumkin.



— Hozir yagona ta’lim vazirligi tashkil etilishi kerakmidi? Sizningcha bu ta’lim boshqaruvi nuqtayi nazaridan qanday muammoni hal qila oladi? Yoki siz bunda qanday xavflarni ko‘ryapsiz?


— Yagona ta’lim vazirligi haqida anchadan beri gapirilayotgan edi. O‘zimiz ham ko‘p chiqishlarda bitta ta’lim vazirligi bo‘lishi kerak, deb aytib kelganmiz. Bu bir qancha byurokratik muammolarni hal qilishga yordam berishi mumkin.

Masalan, 9-sinfdan keyin o‘quvchida maktabda qolish yoki litsey yoki texnikumga borish imkoni bor. Hozirgi holatda - maktabda qolsa, bir vazirlik, litsey yoki texnikumni tanlasa - boshqa vazirlik. Endi 9-sinf bitiruvchilari haqidagi ma’lumotlarni bir vazirlikdan boshqasiga uzatish kerak bo‘lmasligi mumkin. 


Yoki litsey va texnikumlarning umumta’lim fanlari hamda maktabning 10-11 sinflari dasturlarining o‘zaro mutanosibligini ta’minlash bir vazirlik doirasida osonroq bo‘lishi mumkin. Yoki 11-sinf bitiruvchilari bilimlarini tekshirib, ularga ham maktabni bitirishi va ham OTMlarga kirishi uchun asos bo‘ladigan Yagona davlat imtihonini joriy qilish ham bir vazirlik doirasida, balki, osonroq kechishi mumkin.

Yoki maktab bitiruvchisining bilim darajasi va OTMlar talabi o‘rtasidagi nomuvofiqliklar muammosini hal qilish bitta "tom" ostida osonroq kechishi mumkin. Ya’ni, qaysidir ma’noda bitta vazirlik bo‘lishi ta’lim siyosatining turli ta’lim bosqichlari bo‘yicha izchilligini ta’minlashga yordam berishi mumkin.


Lekin bu yerda boshqa xavf ham bor. Agar bu o‘zgarishlar puxta o‘ylanmasa, vazirliklar shunchaki mexanik qo‘shib yuborilsa, juda katta va “beso‘naqay” vazirlik paydo bo‘ladi va boshqarib bo‘lmaydigan, qarorlar qabul qilish qiyin bo‘lgan tizim yuzaga keladi.

Masalan, MMTV ham kichkina vazirlik emas edi, 10 mingdan oshiq maktablar, bog‘chalar, agentlik, markazlar - va ta’lim muassasalaridagi vaqti-vaqti bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan muammolar yoki jamoatchilikni larzaga solgan fojialar, masalan, attestatsiya mojarolari va o‘qituvchilarning vazirlik bilan sudlashishi, darsliklarning maktablarga yetib bormayotganligi, bolalarning zaharlanishi, Namangandagi fojia, Al-Beruniy maktabi o‘quvchisining o‘limi - bular tizimni boshqarish qiyin bo‘lganligini ko‘rsatadi. Endi shundoq ham boshqarib bo‘lmayotgan ulkan tizimga litseylar, professional ta’lim muassasalari, OTMlarni qo‘shing - umuman boshqarib bo‘lmaydigan tizimni olasiz.


Shunday ekan, bunday islohotlar oldin puxta o‘ylanib, keyin amalga oshirilishi kerak. Bu vazirlik nimalarni boshqaradi, nimalarga esa avtonomiya beriladi - boshqaruv falsafasi va vakolatlar taqsimoti o‘zgarishi kerak, bu o‘zgarishlarning mohiyati haqida haqida aniq tasavvur bo‘lishi kerak. Hozircha esa bu o‘zgarish oldindan puxta rejalashtirilgandek taassurot qoldirmayapti. 


Masalan, hech qanday jamoatchilik muhokamasi bo‘lmadi. Tizim ichidagilar ham bu o‘zgarishlardan ijtimoiy tarmoqlardan xabar topishganini aytishmoqda, ya’ni hatto tizimdagilar uchun bu kutilmagan o‘zgarish bo‘lgan, demakki, ular bilan ham muhokamalar bo‘lmagan. 


Bir kun oldin 17 ta OTMni bitta vazirlikdan ikkinchisiga o‘tkazish haqida qaror chiqdi - agar siz ertaga bu ikkita vazirlikni birlashtirib yuborishingizni bilsangiz, OTMlarni unisidan olib bunisiga berishning nima hojati bor, shundoq ham ular bitta vazirlik ostida bo‘ladi-ku?

Xullas, bu o‘zgarishlar shunchaki shakl bilan cheklanmasdan, mazmun va falsafa o‘zgarishiga olib keladimi yoki yana 1-2 yildan keyin yana qaytib vazirlikni bo‘lish harakatiga tushiladimi - vaqt ko‘rsatadi.


— Ilg‘or xorijiy tajriba asosida O‘zbekistonda ham yagona vazirlik tashkil qilingani aytildi.

O
‘zbekiston sharoitidan kelib chiqib aytganda, ta’lim boshqaruvi modellarini bir davlatdan boshqasiga ko‘chirishda oldimizda turgan eng katta xavf nimada?


— To‘g‘ri, ilg‘or xorijiy tajribani olsangiz, aksar davlatlarda (ayrim post-sovet, o‘ta markazlashgan tizimlarni hisobga olmasa) bitta ta’lim vazirligi bor. Lekin bu vazirlik faqat K-12 (bog‘chadan umumiy o‘rta ta’limning oxirigacha) tizimiga javob beradi. Oliy ta’lim muassasalari mustaqil - ularni hech kim boshqarmaydi. 


Ilm-fan sohasi avtonom - ilmiy tadqiqotlar, ilmiy darajalar berish kabi masalalarni ilmiy hamjamiyat hal qiladi. Hatto K-12 tizimida ham ko‘p avtonomiya maktablarga berilgan: vazirlik umumiy yo‘nalish, siyosatni belgilab beradi, uni bevosita maktabda qanday amalga oshirishni bevosita maktab jamoasi hal qiladi. Shunday ekan, agar “ilg‘or xorijiy tajriba” asosida deyiladigan bo‘lsa, unda o‘sha xorijiy tajribaning faqat shaklini emas, mohiyatini ham joriy qilib ko‘rish kerak edi.


— Sizningcha, ikki vazirlik birlashtirilishi ortidan MMTV va OTFIVning hududiy bo'linmalari faoliyati ham keskin ixchamlashtiriladimi? Aslida bu qanday bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?


O‘zi hozirgi raqamli asrda hududiy boshqarmalar kerakmi, degan savol tug‘iladi. Masalan, Namangandagi fojiadan keyin jurnalistlar bu masalani o‘rganganida Namangan hududiy boshqarmasi vakillari hech narsadan xabarlari yo‘qligini aytishdi. Shunday ekan, bunday boshqarmalar nima vazifani bajaradi va tizim uchun qanday real yordam beradi? 


Agar maqsad faqat vazirlik buyruqlarini ta’lim muassasalarigacha yetkazish bo‘lsa, buni elektron hujjat ayirboshlash tizimi orqali vazirlikdan bevosita ta’lim muassasasiga tushirish mumkin. Agar maqsad statistik ma’lumotlar yig‘ish bo‘lsa, bevosita ta’lim muassasalari o‘sha ma’lumotlarni maxsus tizimga kiritishi mumkin. 


Shuning uchun, menimcha, hududiy boshqarmalar haqida gapirishdan oldin, “hududiy boshqarmalarning vazifalari o‘zi nima va bu vazifalarning qaysilarini axborot tizimlari qila olmaydi?”, degan savolni qo‘yish o‘rinli bo‘lardi. 


— Yangitdan tashkil etilgan vazirlikka ta’lim muassasalarini akkreditatsiya qilish vakolati berilishi kutilayotgani aytildi. Sizningcha, ta’lim sifatini baholash va akkreditatsiya vakolati vazirlikning o‘zida bo‘lishi qanchalik to‘g‘ri?


— Bu, menimcha, xavotirli holat, ayniqsa, oliy ta’lim tizimida. Akkreditatsiya tizimi, ya’ni ta’lim sifatiga baho berish, ta’lim sifatining ishonchliligini ta’minlash - vazirlikdan tashqaridagi mustaqil organ yoki organlar tomonidan olib borilishi kerak. 


Vazirlik o‘z ishining sifatiga baho bermasligi kerak, aks holda bu baho xolis va ishonchli bo‘lmaydi. Qolaversa, vazirlik o‘z qaramog‘idagi davlat OTMlari va professional ta’lim tashkilotlariga raqobatchi bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlari akkreditatsiyasi uchun byurokratik to‘siqlar qo‘yish yoki xolis o‘tkazmaslikdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. 


Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, keyinroq esa Ta’lim sifatimi ta’minlash milliy agentligi aynan xalqaro tashkilotlarning “mustaqil baholovchi organ bo‘lishi kerak” degan tavsiyalari asosida tashkil qilingan edi. Shunday ekan, Ta’lim sifatini ta’minlash agentligini darsliklar va metodik materiallar ishlab chiquvchi markazga aylantirib, akkreditatsiya vakolatlarini vazirlikka berish - to‘g‘ri yechim emas.

Umuman, xalqaro tajribadan ko‘rishimiz mumkin: darsliklar va metodik materiallarni davlat ishlab chiqishi shart emas. Bu sohada raqobat va tanlov imkoniyati ta’minlangan ta’lim tizimlari (masalan, Singapur, Finlyandiya, Britaniya va boshqa) bundan faqat yutmoqda.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

Yangiliklar

Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining vazifalari va tashkiliy tuzilmasi bir hafta ichida belgilanadi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy hamda undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv asosida birlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar davri boshlandi.

13:42 / 04.10.2026
Bilasizmi?

Yangi ta’lim vazirini tayinlash bo‘yicha qarorni kimlar qabul qiladi?

Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov va uning o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etilgan. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining tugatilib, ularning negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani bilan bog‘liq.

22:47 / 03.10.2026
Ta'lim siyosati

O‘zbekiston ta’limi: ilk mustaqillik yillarini eslab…

Zamonaviy shakldagi maktablar O‘zbekistonda 1921-1922-yillarda tashkil etila boshladi. Unga qadar o‘zbek xalqi ta’lim tizimida bolalarga turli xil usullarda ta’lim berishga mo‘ljallangan “maktabxona”, “daloilxona”, “qorixona”, “madrasa”, “rus-tuzem maktabi”, “gimnaziya”, “jadid maktablari” kabi ta’lim maskanlari faoliyat yuritgan.

09:02 / 01.09.2026
Ta'lim siyosati

Boshlang‘ich ta’limni rivojlantirish uchun Jahon banki 100 mln dollar ajratadi

2030-yilgacha 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi ma’murlarining pedagogik hamda boshqaruv salohiyati oshiriladi. Yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda boshlang‘ich maktablarda 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi.

17:30 / 01.07.2026