Top.Mail.Ru
Direktor o‘rinbosarlarini qog‘ozbozlikdan qutqarish kerakmi?

Direktor o‘rinbosarlarini qog‘ozbozlikdan qutqarish kerakmi?

09:00 / 01.05.2024 6.78k
Kuni-kecha, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun tashkil qilingan seminarda  surxondaryolik direktor o‘rinbosari “ma’naviyatchilar”ning ko‘p vaqti qog‘ozbozlik bilan o‘tib ketayotganini aytib, vazir Hilola Umarovadan bunga amaliy yordam berishini so‘radi.
 
Vazir esa direktor o‘rinbosarlaridan kimlar bu taklifni ma’qullashini so‘raganda hamma birdan qarsak chalib, bu taklifni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.

Xo‘sh, ularning bu taklifi o‘rinlimi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining lavozim yo‘riqnomasi” hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 20-dekabrdagi 565-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari (ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan muassasalar) xodimlarining lavozim majburiyatlari”da ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari tomonidan qanday turdagi hujjatlar yuritilishi lozimligi belgilangan. 

Direktor oʻrinbosari qanday hujjatlar yuritmoqda?

1.Yillik ish reja va ijrosi yuzasidan hujjatlar toʻplami 

Yuqori tashkilotlar rejasi, 5 ta muhim tashabbuslar va taʼlim muassasasi umumiy rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan (tasdiqlangan) ish rejasi, undagi tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tegishli hujjatlar. 

2.Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasiga doir hujjatlar toʻplami
 
Bolalar masalalari boʻyicha idoralararo milliy komissiyasi bilan ishlash hujjatlari, ichki ishlarning profilaktik hisobida turuvchi oʻquvchilar yigʻma jildlari, odam savdosiga, giyohvandlikka, diniy ekstremizm va aqidaparastlikka, OITSga qarshi kurash, yoʻl harakati va yongʻin xavfsizligi yoʻnalishiga oid yuqori tashkilotlar rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan (tasdiqlangan) taʼlim muassasasining tadbirlar rejasi, undagi tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tegishli hujjatlar.

3.“Oila – mahalla — taʼlim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi faoliyatiga doir hujjatlar toʻplami 

Yuqori tashkilotlarning, shu jumladan xotin-qizlar bilan ishlash boshlangʻich tashkiloti, hamkorlik rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan (tasdiqlangan) taʼlim muassasasining tadbirlar rejasi, undagi tadbirlarning bajarilish yuzasidan tegishli hujjatlar.

4.Oʻquvchilar davomati va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga doir hujjatlar toʻplami 

Direktor oʻrinbosari tomonidan umumlashtirilgan va tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi tuman boʻlimiga taqdim etilgan davomat boʻyicha maʼlumotlar, muntazam va surunkali dars qoldiruvchi oʻquvchilar va noqobil oila farzandlari bilan olib boriladigan tadbirlar rejasi, undagi tadbirlarning ijrosi yuzasidan hamda oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, toʻgaraklar faoliyati va taʼtil kunlariga doir hujjatlar.

Ko‘pchilik direktor o‘rinbosarlari atigi 4 ta hujjat yuritadi-ku deyishi ham mumkin. Lekin har bir yo‘nalish bo‘yicha ish reja, hisobot hamda yig‘ilish bayonnomalarini sanab sanog‘iga yetish qiyin. Undan tashqari direktor o‘rinbosarlariga tez-tez ichki ishlar hamda prokuratura organlari tomonidan ham aslida maktabga borib uchrashuv o‘tkazmagan mazkur organ xodimlari nomiga bayonnoma rasmiylashtirib berish ham talab qilib turiladi.

Maktabda biron-bir tadbir o‘tkazilishi bilan direktor o‘rinbosari maktabdagi ishlarini ortga surib bo‘lsa-da, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga tadbir bayonnomasini yetkazishi kerak bo‘ladi. Hozirgi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlaridan o‘z lavozim vazifalariga kirmaydigan hujjatlarni talab qilish holatlari ham uchrab turadi. 

Masalan, bugungi kunda ham direktor o‘rinbosarlari tomonidan “Yil nomlari bo‘yicha Davlat dasturlarini amalga oshirish yuzasidan hujjatlar to‘plami” yuritilmaganligi, ta’lim muassasalarida mazkur yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildi mavjud emasligi qo‘pol kamchilik sifatida sanab kelinadi.

Ammo ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlaridan “Yil nomlari bo‘yicha Davlat dasturlarini amalga oshirish yuzasidan hujjatlar to‘plami” yig‘ma jildi bo‘yicha hisobotlar yoki hujjatlar jamlanmasini talab qilish tartibi 2020-yilda rasman bekor qilingan. 

To‘g‘ri, direktor o‘rinbosarlari avvalgidan ko‘ra ancha mustaqilroq bo‘lishdi. Chunki, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlashda tuman (shahar) ma’naviyat 
va ma’rifat markazi tomonidan tavsiya berish hamda o‘rinbosarlarning markazga hisobot berib borish amaliyoti to‘liq bekor qilindi. 

Shuningdek, maktab direktoriga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish huquqi berildi. Bu esa direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlashda tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda ma’naviyat-ma’rifat markazi xodimlarining aralashuvisiz amalga oshirishga imkon berdi.

Lekin hozirgi kunga qadar ayrim hududlarda tuman (shahar) ma’naviyat-ma’rifat kengashlari hali ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlardan hisobot talab qilib, ularning faoliyatiga aralashish hollari uchrab turgani hech kimga sir emas.

Jadval so‘rab charchamaydigan mas’ullar ham talaygina
Direktor o‘rinbosari uddaburon tadbirkorlarning yaxshigina biznesiga aylanishga ulgurgan hujjatlar namunasini sotib olib, bir amallab yuqoridagi ish reja, bayonnoma va dalolatnomalarni taxt qilib qo‘yishi mumkindir. Ammo ularni endi hisobotlarning zamonaviy ko‘rinishi bo‘lgan jadvallar qarshi olmoqda. 
“Har kuni bitta jadval o‘ylab topiladi. U shunday murakkabki, uni ichini to‘ldirguncha tushlik vaqti bo‘ladi”, deydi kuzatuvchilarimizdan biri. 
Direktor o‘rinbosari bu jadvalni to‘ldiradi, unga qadar yana yangisi keladi, keyin bu jadvallar hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga yuboradi, ular esa hamma ta’lim muassasalaridan kelgan jadvallarni jamlab kechga qadar viloyat boshqarmasiga yuboradi. Viloyat boshqarmasi esa uni vazirlikka yuboradi. Bu jarayon har kuni, qayta-qayta takrorlanadi.

Turli xil platformalar bilan ishlash 
Hozrigi kunda tanlov, musobaqa va boshqa loyihalarda o‘quvchilar ma’lum bir platformaga kiritish odat tusiga kirib bormoqda. Masalan, direktor o‘rinbosarlariga ayni vaqtda o‘quvchilarni adm.sport.uz platformasiga kiritib, baholash kabi ishlarni amalga oshirish haqida ko‘rsatma berilgan.
“Barcha ta’lim muassasalari o‘quvchilarini hozirgi kunda sport sinovlari bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, baholash kabi ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bu maktablar uchun ixtiyoriy edi, majburiy emasdi. Lekin, majburlashlar bo‘layapti”, deydi murojaatchilardan biri.
Bu kabi platformalar juda ham ko‘p topiladi. Umuman olagnda direktor o‘rinbosarlarining ishi oson emas. Katta maktab kontingenti bilan ishlash, turli xil oiladan keladigan o‘quvchilar bilan muntazam ravishda shug‘ullanish ularni juda toliqtiradi.

Shu sababli direktor o‘rinbosarlarining ish faoliyatini qayta ko‘rib chiqib tartibga solish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Direktor o'rinbosari
  • Qog'ozbozlik

Ulashish