Direktor yo‘qligida uning vazifasini bajargan xodimga qo‘shimcha ish haqi to‘lanadimi?
Savol
Maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlayman. 2 oy avval direktorimiz vazirning tegishli buyrug‘i bilan tuman MMTBga vaqtinchalik boshliq etib tayinlangandi.
Hozir direktorning vazifasi menga yuklatilgan. Lekin qo‘shimcha haq to‘lashmayapti. Direktorimiz bir yildan keyin maktabga qaytar ekan. Men ortiqcha yuklama bilan ishlayversam, buning uchun qo‘shimcha haq to‘lashmaydimi?
Javob
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizomning 18-bandiga ko‘ra, alohida hollarda xalq ta’limi muassasalarida xodimning roziligi bilan kasblar (lavozimlar)ni birga qo‘shib olib borishga, shuningdek o‘zining asosiy ishi bilan birgalikda ishda vaqtincha bo‘lmagan xodimlarning vazifalarini bajarishga yo‘l qo‘yiladi.
Vazirlar Mahkamasining 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 25-bandi mazmuniga ko‘ra, agar xodim bir nechta vazifani bajarayotgan yoki xizmat ko‘rsatish doirasini kengaytirgan bo‘lsa, unga bu qo‘shimcha ishlar uchun asosiy maoshining 50 foizidan oshmaydigan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi lozim.
Ammo mazkur nizomning 26-bandida byudjet tashkilotlarida bir necha kasbda va lavozimda ishlayotganlik uchun qo‘shimcha haq shunday kasb va lavozimdagi ish asosiy ish bo‘yicha mehnat majburiyatlariga kiritilgan hollarda belgilanmasligi nazarda tutilgan. (Bu qoidalar Mehnat kodeksida ham mavjud)
Endi ushbu vaziyatda direktor vazifasini birga qo‘shib olib borayotgan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining mehnat majburiyatlarida direktor yo‘qligida uning vazifalarini bajarish majburiyati yuklanganmi yoki yo‘q, mana shuni bilib olishimiz kerak bo‘ladi.
Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 16-oktyabrdagi 334-sonli buyrug‘iga 43-ilovasi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) xodimlarining lavozim yo‘riqnomasi tasdiqlangan.
Unga ko‘ra o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari direktor mehnat ta’tili, kasallik varaqasiga chiqqan hamda malaka oshirishga ketgan vaqtlarda uning lavozim majburiyatlarini bajarish vazifasi yuklatilgan. Ya’ni, agar maktab direktori mehnat ta’tili, kasallik varaqasiga chiqqan yoki malaka oshirishga ketgan bo‘lsa va uning vazifasini o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bajarayotgan bo‘lsa, unga qo‘shimcha ish haqi to‘lab berilmaydi.
Direktor boshqa vazifani bajarishga jalb qilingan bo‘lsa-chi?
Aytaylik, yuqoridagi holat kabi maktab direktori hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tanlov o‘tgunga qadar, ammo bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga tayinlangan deylik.
Bu vaziyatda maktab direktori mehnat ta’tili, kasallik varaqasiga chiqqan yoki malaka oshirishga ketmagan, ya’ni u bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga boshqa ishga jalb qilingan.
Bu vaziyatda direktorning vazifasini o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bajarayotgan bo‘lsa, bu vaziyatda unga qo‘shimcha ish haqi to‘lab berilishi lozim deb hisoblaymiz.
Chunki, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining lavozim majburiyatida faqatgina maktab direktori mehnat ta’tili, kasallik varaqasiga chiqqan yoki malaka oshirishga ketgan taqdirdagina uning vazifasini bajarish majburiyati yuklatilgan.
Bundan boshqa vaziyatlarda direktor vazifasini bajarayotgan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga qo‘shimcha ish haqi to‘lab berilishi shart.
Bu masala yuzasidan xalqtaliminfo.uz eksperti, mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonovning ham xulosalari olindi. Ekspert esa ushbu ma’lumotlarni asosli deb topdi va o‘zining xulosalarini ham bizga taqdim etdi.
Ekspertning umumiy xulosasi quyidagicha:
Mehnat kodeksining 116-moddasiga binoan, vaqtinchalik ishda bo‘lmagan xodimning vazifalarini asosiy ishidan ozod qilinmagan holda uning doimiy o‘rinbosariga yuklash, agar bu o‘rinbosarning mehnat qonunchiligi, mehnat shartnomasi yoki lavozim yo‘riqnomasiga ko‘ra vaqtinchalik ishda bo‘lmagan xodim vazifalarini bajarish majburiyatlari mavjud bo‘lsa, ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi hamda vaqtinchalik vazifalarni bajarishga tayinlangan xodimdan qo‘shimcha rozilik olishni talab qilmaydi va qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
E’tibor bering, 116-moddada “vaqtinchalik” muddat haqida gap ketmoqda. Ya’ni, vaqtincha deyilganda, ma’lum bir qisqa vaqt tushuniladi. Misol uchun, kasallik davri, xizmat safari yoki malaka oshirish davrini vaqtinchalik davr deb atashimiz mumkin.
Mehnat kodeksining 259-moddasiga ko‘ra, vaqtincha ishda bo‘lmagan xodimning vazifalari asosiy ishidan ozod qilinmagan holda uning doimiy o‘rinbosariga yuklatilganda qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
Ammo bu qoida barcha hollarda ham qo‘llanilmasligi mumkin. Chunki, agar xodim uzoq muddat davomida ishda bo‘lmagan vaqtlarda uning vazifasini bajargan xodimga qo‘shimcha haq to‘lanishi lozim.
Ya’ni, ishdan vaqtinchalik chetlashish bunday chetlashishning qisqa muddatli ekanligini nazarda tutadi. Masalan, direktor ta’tilda, kasallik varaqasida yoki xizmat safarida bo‘lsa. Agar lavozim bo‘sh bo‘lsa, bu xodimning vaqtinchalik ishda yo‘qligi hisoblanmaydi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, xodim bo‘sh turgan direktorlik lavozimi majburiyatlarini uzoq muddatli davr mobaynida bajargan taqdirda unga qo‘shimcha haq to‘lanishi lozim.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
34 mingta bola nogironligi sabab ta’lim muassasasalariga bormayapti
Vazir Hilola Umarovaga kambag‘allik yuqori 1 mingta mahallada bog‘cha ochish vazifasi yuklatildi
2025-yil 1-martgacha to‘garaklar ochilib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlar o‘qitiladi
2025-yilda 81 mln nusxada darslik va mashq daftarlari chop etiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Maktab direktori bo'lish oson bo'lmaydi
Maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash endilikda “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan amalga oshirilib, direktorlikka nomzodlarga menejerlik sertifikatiga ega bo'lish talabi qo'yildi.
Podkast
Nima uchun hali ham va'da qilingan 1000 dollar oylikka yetib kelmadik?
Intervyu
O‘qituvchilar qancha oylik olyapti - xalqning fikri qanday?
Maktabda er va xotin direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlashi mumkinmi?
Bu Mehnat kodeksining 121-moddasida nazarda tutilgan.
Izohingizni tahrirlang