Top.Mail.Ru
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’limga aloqador masalalarga to‘xtalib o‘tildi

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’limga aloqador masalalarga to‘xtalib o‘tildi

12:00 / 29.06.2024 2.65k

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. 

Xususan, yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berilgani qayd etildi. 

O‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda ta’limga oid quyidagi masalalarga to‘xtalib o‘tildi:

Maktab, kollej, texnikum, oliygoh sport zallari va kutubxonalari, stadion va basseynlar mahalla yoshlariga xizmat qilishini ta’minlanadi.

Yoz mavsumida “Yangi O‘zbekiston vatanparvar yoshlari” dasturi asosida 2 million yoshlar sport va vatanparvarlik tadbirlari bilan qamrab olinadi. Shuningdek, jamoaviy sport o‘yinlari, shaxmat, stol tennisi, badminton, yakka kurash, suzish bo‘yicha tuman, viloyat hokimlari, vazirlar kubogi o‘tkaziladi. Mahallalarda, maktab, texnikum, oliygoh, sihatgoh va oromgohlar zallarida, parklarda kitobxonlik, she’rxonlik, raqs, musiqa va kino kunlari tashkil qilinadi. 

Yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi.

Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi. Yoshlar xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “SAT” imtihonini topshirmoqda.

Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar chet elning eng nufuzli oliygohlariga grant yutmoqda. Endi bunday yoshlarni o‘zimizning oliygohlarga ham grantga qabul qilinadi. 

Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochiladi.

Yoshlar xalqaro olimpiadalarning nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishadi. Lekin, laboratoriya mashqlarini bajarishda amaliy ko‘nikmalar kam bo‘lgani uchun pastroq ball olyapti.

Shu sababli, Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi. 

Endilikda oliygohlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi.

Texnikumning birinchi va ikkinchi yilini yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi. 

Ularga oliygohning ikkinchi yoki uchinchi kursidan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinadi. 

Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. 

“Kreativ sanoat parklari” oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi. 

Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 million so‘m imtiyozli kredit beriladi. 

“Turon” teatri tanlovi har yili maktab o‘quvchilari orasida o‘tkaziladi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Turon” teatri tanlovida 12 mingdan ziyod teatr jamoasi qatnashdi. Tanlov natijasida har bir tumanda o‘ziga xos kichik teatr jamoasi shakllandi. 

Endilikda “Turon” teatri tanlovi har yili maktab o‘quvchilari orasida o‘tkaziladi. G‘olib bo‘lgan o‘quvchilar Ijod maktablariga qabul qilinadi.

Mutasaddilarga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarning axloqiy, intellektual, ijodiy va jismoniy rivojlanishi uchun har bir loyiha va tashabbus so‘zsiz amalga oshirilishi muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Shavkat Mirziyoyev
  • Ta'lim siyosati

Ulashish