Top.Mail.Ru
O‘qituvchi cho‘ntagidagi pullar hisobiga kun ko‘rayotgan “gazeta va jurnallar” faoliyati taftish qilinishi kerak

O‘qituvchi cho‘ntagidagi pullar hisobiga kun ko‘rayotgan “gazeta va jurnallar” faoliyati taftish qilinishi kerak

10:13 / 01.11.2024 658

Bugungi kunda ta’lim sohasida ishlayotgan ko‘plab pedagoglar hali ham majburiy obuna tufayli o‘zlarining ish haqlaridan ma’lum bir qismini shunday “yirtqich” gazeta va jurnallar uchun sarflashga majbur bo‘lmoqda.


Vaholanki, Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi Qonunda ularning huquqlari kafolatlandi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-sonli qaroriga muvofiq xalq ta’limi xodimlarini bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlandi. Ammo ayrim “nashrlar” qonun va qonunchilikni ochiqdan-ochiq buzishda davom etayotgan ko‘rinadi.


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, majburiy obunalar mavsumi ayni vaqtda yana avj ola boshlagan. Misol uchun, “Revizor” telegram kanalida e’lon qilingan postda yozilishicha, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan “Ma’naviy hayot” kabi nashrlar obunasi uchun qariyb 400 mln so‘m sarflangan.



“Ma’naviy hayot” jurnali Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga tegishli nashr hisoblanadi. O‘tgan yili esa aynan o‘sha “Ma’naviy hayot” jurnali tahririyati 276 mln so‘mga “Chevrolet Tracker 2” avtomobilini xarid qilgan.


Aslida, bunday nashrlarni O‘zbekistonda minglab topishimiz mumkin. Hattoki, joriy yilda majburiy obunani ochiqdan-ochiq targ‘ib qilish holatiga ham guvoh bo‘lgandik.


Albatta, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan gazeta va jurnallar sodiq obunachilarga ega. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, budjet xodimlariga “o‘ligini” tashlab olgan gazeta va jurnallar ham yo‘q emas.


Afsuski, bu kabi “yirtqich” gazeta va jurnallardan qiziqroq ma’lumot topish ham amrimahol. Ular obunachilarni qiziqtira olmagach, eng oson yo‘lini – mahalliy hokimlik etagiga osilishni yoki boshqa noqonuniy yollarni tanlamoqda va pedagoglarni majburiy obunaga undamoqda.


Majburiy obunaga aloqador bo‘lgan gazeta va jurnallar faoliyati darhol taftish qilinishi kerak


Bu kabi noqonuniy ishlarning oldini olish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘zaro hamkorlikda majburiy obunaga aloqador bo‘lgan gazeta va jurnallar faoliyatini taftish qilib, aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi lozim. Bu borada xalqtaliminfo.uz tahririyati ham hamkorlikka tayyor.


Majburiy obuna siyosatini targ‘ib qilayotgan tahririyatlar faoliyatini taftish qilish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish lozim deb hisoblaymiz:


Shikoyat va murojaatlarni yig‘ish


O‘qituvchilar, maktab ma’muriyati va boshqa ta’lim sohasi vakillaridan majburiy obuna to‘g‘risida kelgan shikoyatlarni yig‘ish, jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida o‘qituvchilardan anonim so‘rovnomalar o‘tkazish orqali majburiy obunaga aloqador bo‘lgan tahririyatlarni aniqlash.


Tahririyatlar bilan tuzilgan shartnomalarni o‘rganish


Moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazish, tahririyatlarning o‘qituvchilar va maktablar bilan tuzilgan obuna shartnomalarini tahlil qilish, obuna daromadlarining shaffofligini tekshirish hamda tahririyatning moliyaviy hisobotlari, mablag‘ manbalari va xarajatlarining ochiqligini taftish qilish.


Tahririyatlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish


Taftish natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritish, qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, tahririyatlarni ogohlantirish, qo‘pol qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tahririyat faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga so‘rovlar yuborish.


O‘ylaymizki, berilgan takliflardan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralar zarur choralarni ko‘radi. Biz esa bu mavzuga tez orada yana qaytamiz.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Majburiy obuna

Ulashish