Top.Mail.Ru
Bir nafar o‘quvchi uchun yiliga qancha mablag‘ ajratilmoqda?

Bir nafar o‘quvchi uchun yiliga qancha mablag‘ ajratilmoqda?

00:46 / 03.11.2024 12.54k

Ushbu maqolada davlat budjetidan bir nafar o‘quvchi uchun ajratilayotgan yillik xarajatlar, davlat va xususiy maktablar o‘rtasidagi farqlar, xususiy maktablarning o‘rtacha yillik xarajatlari, shuningdek Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun yaratilayotgan alohida sharoitlar hamda davlat ta’lim tizimida karrasiga ortib borayotgan tengsizlik masalalari tahlil qilinadi.

Davlat budjetidan bir nafar o‘quvchi uchun qancha mablag‘ ajratilishi ta’lim tizimining turli jihatlariga bog‘liq, jumladan, mamlakatning iqtisodiy holati, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan strategiyalar va resurslarning yetarlicha mavjudligi.


O‘quvchi uchun ajratiladigan mablag‘lar odatda, ta’lim xarajatlari, jumladan, o‘qituvchilar maoshi, o‘quv materiallari, infrastrukturani saqlash va o‘quv jarayonini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi.


Masalan, O‘zbekistonda davlat ta’lim xarajatlarini hisoblashda o‘quvchining bir yillik ta’lim olish xarajatlari, asosan o‘qituvchilarning malakasini oshirish, o‘quvchilarni darsliklar va o‘quv qurollari bilan ta’minlash, ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar, maktablarni toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmalar bilan to‘liq ta’minlash, yangi o‘quvchi o‘rinlarini yaratish uchun ajratilayotgan mablag‘lar ko‘rib chiqiladi.


O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi hamda Budjetnomada 2025-yilda umumiy o‘rta ta’lim xarajatlari 54 trln so‘mni yoki 2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 22,9 foizga oshgan holda Davlat budjeti jami xarajatlarining 15,7 foizini tashkil etishi prognoz qilingan. Ushbu xarajatlar asosan 10 mingdan ortiq umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridagi 6 mln 772 ming 6 nafarga (o‘tgan o‘quv yilidan 207 ming bolaga ko‘p) yaqin o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish uchun yo‘naltiriladi.


Ushbu summalardan kelib chiqib, bir nafar o‘quvchining bir yillik xarajatlari hisoblanganda, davlat budjetidan har bir o‘quvchiga 2025-yilda qariyb 8 mln (7,974,400) so‘m mablag‘ ajratilayotganini ko‘rishimiz mumkin.



O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlat maktablariga har bir o‘quvchi uchun ajratiladigan mablag‘ yil sayin oshib bormoqda. Bunda bir nafar o‘quvchining bir yillik xarajatlari 2022-yilda 5,300,000, 2023-yilda 6,300,000, 2024-yilda esa 6,900,000 so‘mni tashkil etgan. 2025-yilga kelib, ushbu summani qariyb 8 mln so‘mga oshirish prognoz qilinmoqda.


Xususiy maktablarning o‘rtacha bir oylik to‘lovi davlat maktablari uchun bir yilga ajratilmoqda


Hozirgi kunda xususiy maktablarning bir nafar o‘quvchisi uchun o‘rtacha oylik to‘lov 5 mln (5,292,903) so‘m bo‘lib, yillik to‘lov esa qariyb 50 mln (47,636,127) so‘mni tashkil etmoqda. (Bu yerda davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar emas, balki xususiy sektor tomonidan sifatli ta'limga ajratilgan yillik xarajatlar haqida so‘z bormoqda. Bu xarajatlarga xususiy sektorning daromadlari ham kiradi)




Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, davlat maktabi o‘quvchilari uchun ajratilayotgan mablag‘lar xususiy maktablarning o‘rtacha bir oylik (1 oy 15 kun) to‘loviga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxoʻjayev 2023-yil 18-dekabr kuni bergan intervyusida ham alohida ta’kidlab o‘tgan.


Quyida Toshkent shahridagi turli toifadagi 10 ta xususiy maktabning oylik va yillik to‘lovlari ro‘yxati keltirilgan:



Albatta, yuqoridagi narxlar qat’iy belgilanmagan va u maktabning o‘ziga xos sharoitlari hamda taqdim etilayotgan xizmatlar turiga qarab o‘zgarib turadi. Masalan, ba’zi xususiy maktablarda ta’lim narxi yuqoriroq bo‘lishi ham mumkin, chunki ular qo‘shimcha xizmatlar (masalan, chet tillarni chuqurlashtirib o‘qitish, maxsus dasturlar, sport yoki san’at mashg‘ulotlari) yoki yaxshiroq imkoniyatlar taqdim etishadi.


Shu sababli, sifatli ta’lim narxi maktablar turiga qarab sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Masalan, “Canadian International School” maktabining bir oylik to‘lovi 18 mln, yiliga 162 mln so‘mni tashkil etadi.


Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun yiliga qancha mablag‘ sarf qilinmoqda?


Hozirgi kunda O‘zbekistonda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat yuritadi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rasmiy saytidagi ma’lumotlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, hozirda Prezident maktablarida 2 ming 352 nafar, ijod maktablarida 1 ming 849 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarda esa 67 ming 454 nafar, jami Agentlik tizimida 71 ming 655 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda.


Xususiy maktablardan farq qilmaydigan bunday ta’lim muassasalariga davlat budjetidan yiliga juda katta miqdorda mablag‘ ajratib kelinadi. Ammo “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi hamda Budjetnomada Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga aynan qancha mablag‘ ajratilishi ochiqlanmagan. Sababi, hozirda Agentlik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufida.


Shu sababli, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarida tahsil oluvchi bir nafar o‘quvchining bir yillik xarajatlarini aniq hisoblash biroz qiyinchilik tug‘diradi. Bu maktablarning har biri turli yo‘nalishlarda moliyalashtirilgani sababli, xarajatlarni to‘liq va ishonchli tarzda ochiq manbalardan yig‘ib tahlil qilish mushkul. Bunday hisob-kitoblar uchun aniq moliyaviy ma’lumotlar yoki davlat mablag‘lari taqsimoti bo‘yicha hisobotlar zarur. Shu yo‘l orqali har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan umumiy xarajatlar miqdorini aniqlanish mumkin.


Lekin Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ajratiladigan mablag‘larni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratilgan boshqa xarajatlar bilan solishtirish orqali bu ta’lim muassasalariga sarflanayotgan mablag‘larning o‘ziga xos jihatlarini tahlil qilish mumkin.


Masalan, 2022-yilda sobiq Prezident ta’lim muassasalari agentligiga 622 mlrd 335 mln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu 2022-yilda tizimida 10 mingdan ortiq ta’lim muassasasi, 6 mln nafardan ortiq o‘quvchisi mavjud bo‘lgan Xalq ta’limi vazirligining rivojlantirish dasturlari, obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalari, xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi uchun ajratiladigan jami mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.


2023-yil 1-yanvardan Prezident ta’lim muassasalari agentligi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi shaklida qayta tashkil etilib, uning tashkiliy bo‘ysunuvi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazildi. “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (sobiq Prezident ta’lim muassasalari agentligi)ga obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu vaqtda esa Agentlik tasarrufida jami 192 ta ta’lim muassasasi mavjud edi.


Solishtirish uchun aytadigan bo‘lsak, 2023-yilda tasarrufida 10 ming 322 ta ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan Xalq ta’limi vazirligiga ham obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun jami 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.


Umumiy xulosa sifatida aytganda, davlat maktablari uchun ajratilayotgan mablag‘lar xususiy maktablardagi mablag‘larga qaraganda ancha past. Xususan, bir davlat hududida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun yillik xarajatlar xususiy maktabning o‘rtacha bir oylik to‘loviga tengligi O‘zbekistonda ta’lim sifatidagi farqlarning karrasiga ortib borayotganligini anglatadi.


Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ajratilgan mablag‘larning o‘ta yuqoriligi esa nafaqat xususiy va davlat ta’lim muassasalari o‘rtasida, balki davlat ta’lim tizimida ham tengsizlikning ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.


Bu esa O‘zbekistonda har bir o‘quvchi sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashi tabiiy hol. Buning natijasida, iqtisodiy jihatdan nochor oilalarda yashovchi bolalar sifatli ta’limdan mosuvo bo‘lishi mumkin. Chunki, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olish uchun bolalar ma’lum bir mablag‘lar evaziga alohida qo‘shimcha darslarda, repetitorlarda tahsil olib kelayotgani hech kimga sir emas.

Shu sababli, hukumat tabaqalashgan ta
’lim tizimidan voz kechib, O‘zbekiston hududida barcha bolalarga bir xil sifatli ta’lim berilishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi lozim. Sifatli ta’lim va yaxshi sharoitlar faqatgina kam sonli o‘quvchilar uchun emas, balki har bir o‘quvchi uchun umumiy va ochiq bo‘lishi zarur.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati
  • Davlat budjeti

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

Ta'lim siyosati

Ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’limdagi muammolarni hal qiloladimi? — ekspertlar bilan suhbat

Ikki yirik vazirlik — Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari qo‘shib yuborildi. Endilikda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim, undan keyingi ta’lim, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim siyosati yagona — Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan belgilanadi. Xo‘sh, ikki yirik vazirlikning birlashtirilishi ta’lim boshqaruvidagi mavjud muammolarni hal qilish uchun yetarlimi?

21:32 / 05.10.2026
Yangiliklar

Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining vazifalari va tashkiliy tuzilmasi bir hafta ichida belgilanadi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy hamda undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv asosida birlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar davri boshlandi.

13:42 / 04.10.2026
Bilasizmi?

Yangi ta’lim vazirini tayinlash bo‘yicha qarorni kimlar qabul qiladi?

Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov va uning o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etilgan. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining tugatilib, ularning negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani bilan bog‘liq.

22:47 / 03.10.2026
So'ragan edingiz

36 nafar o‘quvchini 2 ta sinfga komplektlash mumkinmi?

Umumta’lim muassasalarining sinflari o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, shahar hududi va tuman markazlarida 25 ― 35 nafargacha, qishloq hududlarida esa 20 ― 35 nafargacha (olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta’lim muassasalari bundan mustasno) komplektlanadi.

09:10 / 23.09.2026