Top.Mail.Ru
A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti 90 yilligi: Xalqaro konferensiya qanday o‘tdi?

A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti 90 yilligi: Xalqaro konferensiya qanday o‘tdi?

00:54 / 17.11.2024 830

Joriy yilning 15-noyabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining 90 yilligiga bag‘ishlab “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.


Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratboy Sharipov, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.b Yuliya Risyukova, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatiana Proskuryakova, YUNESKO tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Yunisefning O‘zbekistondagi vakili Regina Maria Kastillo ishtirok etdi.


Konferensiya ishtirokchisi Andreas Shlyayxer o‘quvchilarning savodxonligini baholash Xalqaro dasturi (PISA) va boshqa xalqaro dasturlarning tashabbuskori hamda boshqaruvchisi hisoblanib, 20 yildan ortiq vaqt davomida ta’lim sifatini oshirish,  tengligini ta’minlash uchun dunyo bo‘ylab hukumat rahbarlari va ta’lim vazirlari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi.

Ayni vaqtda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (Organisation for Economic Cooperation and Development - OECD) bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, Ta’lim va ko‘nikmalar direktori vazifasida faoliyat olib borib, turli mamlakatlarning siyosatchi, tadqiqotchi va o‘qituvchilari uchun ta’lim siyosati hamda amaliyotini yangilash bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Andreas Shlyayxer O
zbekistonda o‘qitish va ta’lim olishni o‘rganish xalqaro (TALIS) tadqiqoti doirasida maktablardagi ta’lim muhitini va amaliyotini baholash bo‘yicha ko‘mak beradi.


Abdulla Avloniy instituti ilk bor 90 yil ilgari 1934-yil 4-mayda boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarini tayyorlash kursi negizida O‘zbekistonda xalq ta’limi kadrlarining malakasini oshirish instituti nomi bilan tashkil etilgan.


O‘tgan asrning 50 yillaridan boshlab viloyatlarda ham malaka oshirish institutlari tashkil etilgani sababli, 1964-yil 22-sentyabrdan institutga Markaziy institut maqomi berilgan. Markaziy institut Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston respublikalaridagi o‘zbek tilida o‘qitiladigan maktab o‘qituvchilari malakasini oshirishda ham ko‘mak bergan.


Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-apreldagi 169-farmoyishiga asosan Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markaziy institutiga Abdulla Avloniy nomi berilgan.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi 231-sonli qarori asosida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tashkil etildi hamda institut bino va inshootlari to‘liq yangidan qurildi.


Hozir institutda 950 o‘rinli o‘quv binolari, 560 o‘rinli zamonaviy tipdagi mehmonxona, 87 ming fondga ega Axborot-resurs markazi hamda Abdulla Avloniy yodgorlik muzeyi mavjud. Shuningdek, PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS tadqiqotlarida O‘zbekiston ishtirokini ta’minlash maqsadida institutda Xalqaro tadqiqotlar markazi, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, tabiiy fanlar va muhandislik, matematika yo‘nalishdagi fanlararo, ilmiy-tadqiqot va loyiha mashg‘ulotlariga asoslangan zamonaviy ta’lim muhitini yaratish maqsadida STEAM markazi tashkil etildi.


Institut faoliyati kengayib, zamonaviy rahbar uchun zaruriy ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan menejerlik o‘quv kurslari joriy etildi. Qariyb bir yil davomida 1 200 nafardan ortiq milliy rahbar kadrlar zaxirasi shakllantirildi.


Institutning 90 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan xalqaro konferensiya A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etildi.


Konferensiya doirasida quyidagi yo‘nalishlarda sho‘balar tashkil qilindi:


  • Rahbar va pedagog kadrlarni “Hayot davomida ta’lim olish” tamoyili asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning innovatsion yondashuvlari;


  • XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirish va ta’limda globallashuvni ta’minlashda PISA xalqaro tadqiqotlari ahamiyati;


  • Ta’limda raqamli transformatsiya va sun’iy intellektga asoslangan ta’limning tendensiyalari;


  • Inklyuziv ta’limda zamonaviy tadqiqotlar, pedagogik yutuqlar va muvaffaqiyatli loyihalar;


  • Tarbiya va odob-axloq ta’limning ajralmas qismi sifatida: yoshlarda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, o‘quvchi-yoshlarni tarbiyalashning pedagogik shart-sharoitlari.


Konferensiyada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyaher o‘z taqdimoti bilan ma’ruza qildi.

O‘zbekistonga bundan ikki yil avval kelganman, – deydi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer.

Shundan buyon yurtingizda ta’lim sohasida juda ko‘p islohotlar amalga oshirilgani guvohi bo‘lyapman. Albatta, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy o‘sishida ta’lim va tarbiyaning o‘rni katta. O‘zbekistondagi maktablarda bunga juda katta e’tibor qaratilmoqda. PISA tadqiqotlarida ishtirok etishga ham tayyorgarlik ko‘rilayotgani meni xursand qildi. Bunda o‘qituvchilarning malaka va bilimlarini oshirish muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. 

Konferensiya davomida AQSH, Finlyandiya, Germaniya, Singapur, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston mamlakatlaridan ta’lim sohasidagi tajribali ekspertlar hamda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tadqiqotchilar, izlanuvchilar va soha mutaxassislari ta’lim sifatini ta’minlash, maktab rahbarlari va o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish kabi mavzularda taqdimot qildi. 


Konferensiya doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer bilan uchrashdi.


Muloqotda ko‘plab maktablarda joriy qilinayotgan yangi baholash tizimi, uning afzalliklari hamda ta’limdagi o‘sish ko‘rsatkichlari haqida fikr yuritildi. Bundan tashqari, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti huzurida tashkil etilgan Xalqaro baholash markazi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi.


Andreas Shlyayxer o‘z so‘zida:

“Barchamizga ma’lumki, kelgusi yil PISA 2025 sinovlari bo‘lib o‘tadi va unda o‘zbekistonlik o‘quvchilarning ham munosib ishtirok etishi kutilmoqda. Va o‘ylaymanki, yurtingizda bugungi kunda olib borilayotgan keng miqyosdagi ta’lim islohotlari ushbu jarayonlarda ham o‘z samarasini beradi.

Shuningdek, 2025-yilda TALIS 2024 tadqiqot natijalari e’lon qilinadi. Maktablardagi ta’lim olish sifati va natijalarini o‘zida ifoda etadigan ushbu tahlillarda o‘zbek yoshlarining o‘rni va bilim darajasi munosib baholanishiga ishonaman”, — dedi.

Mazkur uchrashuvdan so‘ng, Andreas Shlyayxer xalqtaliminfo.uz nashriga intervyu berdi va Andreas Shlyayxerga xalqtaliminfo.uz nashrining esdalik sovg‘asi sayt rahbari Ulug‘bek Po‘latov tomonidan topshirildi. 



O‘ylaymizki, konferensiya olimlar, o‘qituvchilar va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga o‘z tadqiqotlari, loyihalarini muhokama qilish hamda tajribalarini almashish imkonini berdi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xalqaro hamkorlik
  • Konferensiya

Ulashish