Endi o‘quvchiga qo‘l ko‘targan pedagoglar maktabda ishlolmasligi mumkin
Bu qoida nafaqat maktab o‘qituvchilariga, balki maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog va tarbiyachilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagog va tarbiyachilarning kelgusida bolalar bilan ishlash bo‘yicha mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun muayyan cheklovlarni, qo‘shimcha talablarni nazarda tutish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-dekabrdagi “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-201-sonli Farmonida nazarda tutilmoqda.
Farmonda aytilishicha, Adliya vazirligi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu qoidani nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda pedagoglarning tarbiyalanuvchilar, o‘quvchi va talaba yoshlar bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi barcha hujjatlarni zamonaviy talablar asosida, shu jumladan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutgan holda to‘liq, qayta ko‘rib chiqadi.
Hozircha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagog va tarbiyachilarning ta’lim muassasasida mehnat faoliyatini davom ettirishi uchun aynan qanday cheklovlar joriy qilinishi ma’lum emas.
Ya’ni, yangi ishlab chiqiladigan tartibda zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ygan pedagoglarning aynan ta’lim tashkilotida ishlash huquqi emas, balki boshqa huquqlari cheklanishi ham mumkin. Bu haqda tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilganda bilib olish mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Yaqinda imzolangan “Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik turlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik turlari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:
Jismoniy zo‘ravonlik — bolalarga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatmaslik;
Jinsiy zo‘ravonlik — bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan:
- nomusga tegish;
- jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- jinsiy aloqa qilishga majburlash;
- 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
- aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yoxud bolaning ojizligidan foydalangan holda shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
- shahvoniy shilqimlik, shuningdek, qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan har qanday boshqa jinsiy harakatlar;
Ruhiy zo‘ravonlik — bolalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni tahqirlash, shuningdek, bolalarning asosiy ehtiyojlarini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalangan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligidan xavotir uyg‘otadigan, o‘zini himoya qila olmasligiga olib keladigan yoki ruhiy salomatligiga zarar yetkazadigan harakatlar (harakatsizlik).
G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik — zarur imkoniyatlarga, bilim va ko‘nikmalarga, shu jumladan, buning uchun tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, ta’lim, ijtimoiy va boshqa xizmatlardan) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ota-ona (ular o‘rnini bosuvchi yoki bolaga qarab turgan shaxslar) tomonidan bolaning sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy va axloqiy rivojlanishining buzilishiga olib kelishi.
Izohlar 3
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Mentor-o‘qituvchilarga 20 foizlik ustama to‘lash boshlanadi
2025-yilda pedagoglarning ustama va ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi
2025-yil 1-fevraldan bolalar masalalari bo‘yicha vasiylik va homiylik komissiyalari faoliyati tugatiladi
“Eng yaxshi bezatilgan ta’lim muassasalari” tanlovi g‘oliblarini tabriklaymiz
Mavzuga doir yangiliklar
Ta’lim muassasalarida bolalarga intizomiy jazo sifatida zo‘ravonlik qilish qonunan taqiqlandi
Prezident shu haqdagi qonunni imzoladi
Har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmayapti
Tadqiqot natijalari e’lon qilindi
8-sinf qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi qo‘lga olindi
Ular orasida tuman prokuraturasining ish yurituvchisi ham bor
Suhbat
Pedagoglar tomonidan o‘quvchilar kaltaklanayotgani aks etgan videotasvirlar tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Izohingizni tahrirlang