Top.Mail.Ru
“Uchta o‘quvchida virusli kasallik aniqlansa, maktab karantinga yopiladi” — Sanepidqo‘mita vakili

“Uchta o‘quvchida virusli kasallik aniqlansa, maktab karantinga yopiladi” — Sanepidqo‘mita vakili

23:55 / 06.12.2024 666

Xalq orasida “sariq kasal”’ nomi bilan tilga olinadigan “Virusli gepatit A” o‘tkir yuqumli jigar kasalligi bo‘lib, dunyo bo‘ylab har yili o‘n millionga yaqin inson shu kasallikdan aziyat chekadi. Bu kasallikka boshqalarga qaraganda bog‘cha va kichik maktab yoshidagi bolalar ko‘proq chalinadi.


Xabaringiz bor, yaqinda Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 214 hamda 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham virusli gepatit A – “sariq kasal”ga chalinish holati aniqlangandi.


Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Hikmatovaning Qalampir.uz'ga ma’lum qilishicha, gepatit A kasalligi aynan shu maktablarda yil boshidan beri uchinchi marta qayd etilib, bir inkubatsion davrda emas, har xil inkubatsion davrlarda har xil sinflarda yuz bergan.

“Kasallangan o‘quvchilarni hozirgi kunda ahvoli qoniqarli, ularga infeksionist tomonidan maxsus muolajalar belgilangan. Hozirda kasallikni oldini olish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kechiktirilib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda va maktablarda aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish uchun kerakli ko‘rsatmalar berilmoqda”,  deydi Dilfuza Hikmatova.

Qanday hollarda maktab karantinga yopiladi?


Sariq kasallik tarqalishi tufayli maktablar yopiladimi degan savolarga, mutaxassis bunday holatda maktablar karantinga yopilmasligi, faqatgina bitta sinfda virusli kasalliklar uch nafardan ko‘p o‘quvchida qayd etilsa, o‘sha sinfda darslar onlayn shaklga o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan.


“Sariq kasallikni” oldini olish uchun quyidagi tavsiyalar beriladi:


  • virusga qarshi emlanish;


  • shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;


  • antisanitariya sharoitida ovqatlanmaslik;


  • yaxshilab yuvilgan yoki issiqlik bilan ishlov berilgan ovqatlarni, qaynatilgan suvni iste’mol qilish kabilar tavsiya etiladi.


Maktab oshxonalaridagi holatlar

Maktab oshxonalaridagi holatga to‘xtaladigan bo‘lsak, albatta, taqiqlangan mahsulotlarning sotilishi, misol uchun o‘quvchilarning surunkali kasalliklarni rivojlanishiga, ya’ni oshqozon-ichak kasalliklari va xastaliklarini rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Masalan, energetik “napitka”larni ichish mumkin emas deymiz, nega? Bu o‘sha yurak-tomir sistemasi va asab tizimi kasalliklarini rivojlantirishga olib kelishi mumkin  bo‘ladi. Yoki turli xil “kreshki”, “chipslar”, tezpishar mahsulotlar, fryuterda tayyorlangan mahsulotlar onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘ladi”, deyiladi Dilfuza Hikmatovaning munosabatida.

Maktabda virusli kasallik aniqlansa, qanday choralar ko‘riladi?


Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i maktablarda virusli kasalliklar aniqlansa, Sanepidqo‘mita tomonidan qanday tadbirlar amalga oshirilishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan masala bo‘yicha qisqacha shuni aytib o‘tishimiz kerakki, bu bizning har kungi mutaxassislarimiz tomonidan har kuni qilinadigan chora-tadbirlar. Ya’ni, misol tariqasida, biror bir maktabdan yuqumli kasallik aniqlangani to‘g‘risida tezkor xabarnoma kelib tushgan taqdirda, bizda o‘sha navbatdan tashqari tekshiruv olib boriladi.

Ya’ni, o‘sha umumta’lim maktabi bo‘lsin, xoh maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lsin, bizning epidemiologlarimiz sanitariya vrachlarimiz bilan hamkorlikda epidsurishtiruv o‘tkazishadi. Buning asosiy maqsadi o‘sha yerdagi kasallikni boshqa o‘quvchilarga yuqishini oldini olishdan iborat bo‘ladi.

Biz borib, o‘sha yerda, ta’lim muassasalarida tezkor, kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz. Tibbiyot xodimlariga o‘ttiz besh kunlik karantin ochilishini, u yerdagi emlanmagan, asosan gepatit A xastaligiga emlanmagan o‘quvchilar ro‘yxatga olinadi.

Ana shu emlanmagan o‘quvchilarni zudlik bilan qon tahlillarini olish, u yerda, sinf xonalarni zararsizlantirish ishlarini o‘tkazish, yuvuvchi vositalarni zaxirasini tashkil etish, umuman bu masalalar har doim ham ko‘riladi, lekin kasallik chiqqanida shu joyning o‘zida yana alohida epidsurishtiruv olib boriladi. Endi bu yerda ozgina vahimali holat qilib ko‘rsatilgan, aslida unday emas.

Demak, ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida uchtadan ortiq holat aniqlangan taqdirda karantin e’lon qilinib, ushbu ta’lim muassasasining dars faoliyati vaqtincha onlaynga o‘tkaziladi. Demak, hali unday holat ro‘yxatga olingani yo‘q”, deydi Dilfuza Hikmatova.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Maqola muallifi

Umirov Muzaffar

Umirov Muzaffar

Muxbir

Teglar

  • Virus
  • Sanitariya

Ulashish